Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari necha pulga tushmoqda?

Image caption Qirg‘iziston jamiyatida saylovoldi kampaniyasiga sarflanayotgan mablag‘lar haqida bahslar ham yo‘q emas.

Qirg‘izistonda 30 oktyabr kuniga rejalangan prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun davlat byudjetidan 300 million somga yaqin, yoki taxminan olti million amerika dollari ajratilgan.

Saylov qonunlariga muvofiq, bundan tashqari xalqaro va nodavlat tashkilotlar saylovoldi ishlariga moliyaviy ko‘mak berishlari ham mumkin.

Saylovlarda qatnashish uchun 19 nomzod qayd etilgan.

Saylovlar haqidagi qonunda har bir nomzodning tashviqot ishlariga 50 million som, yoki bir million amerika dollardan sal ko‘proq mablag‘ ishlatishlari mumkinligi qayd etilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlarning maxsus hisoblariga o‘tkazib berilgan mablag‘dan nomzod Almazbek Atambayev 35 million som pulning deyarli barchasini sarflab bo‘lgan.

Bu nomzodlar sarf-harajatlari haqidagi hisobotda ko‘rsatilgan eng ko‘p miqdordagi moliya ekan.

Nomzod Turaboy Koluboyev esa eng kam, yuz ming som sarflagan.

Lekin Qirg‘iziston jamiyatida "saylovoldi kampaniyasiga mablag‘ sarflagandan ko‘ra, bu pullarni nafaqa va turli boshqa ijtimoiy to‘lovlarga sarflasa yaxshiroq bo‘lardi" degan fikrlar ham mavjud ekan.

O‘sh shahri yashovchisi To‘xtasin Hasanovning aytishicha, bu pullar evaziga binolar barpo etish, sanoatni qayta tiklash, nafaqalarni ko‘tarish maqsadga muvofiqroq bo‘lardi.

To‘xtasin Hasanovga ko‘ra, shuncha pul sarflash o‘rniga hukumatning o‘zi Prezidentni tayinlab qo‘ygnai ma‘quldir.

Lekin 72 yoshli Xayitxon ona bu fikrga qo‘shilmaydi.

"Xalqqa puldan ko‘ra, yaxshi rahbar kerak", deydi Xayitxon ona.

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

BBC O'zbek Facebook

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.