Qozoq hukumatidan din haqidagi qonunni bekor qilish talabi yangradi

Internetda o‘zini "Jund al-Xilafa" deb nomlagan guruh tomonidan Qozog‘iston hukumatiga tahdid aks etgan video paydo bo‘lgan.

Ushbu guruh Qozog‘iston hukumati davlat idoralaridagi namoz o‘qishni taqiqlovchi qonunni bekor qilishni talab qilgan.

Aks holda mamlakatda qo‘poruvchilik amaliyotlar olib borish bilan tahdid qilgan.

Internetda chop etilgan videoda turli og‘ir qurollarni ko‘tarib olgan to‘rt kishi Qozog‘iston hukumatiga murojaat qilayotgan shaxsning ortida turibdi.

Yuzlari to‘silgan holda tahdid aks etgan ushbu videoning qanchalik haqiqatga yaqinligini tasdiqlovchi birorta mustaqil manba yo‘q.

Yuzini o‘rab olgan shaxs, o‘tirgan holda, o‘z talablarini qog‘ozdan o‘qib bermoqda.

Tahdid qiluvchi shaxs Qozog‘istondagi islom diniga bo‘layotgan ta‘qiblar yaqinda inqilobni boshidan kechirgan arab davlatlari qismati bilan o‘xshashligini aytgan va, hukumat qonunni bekor qilmasa, uning oqibatlari katta yo‘qotishlar bilan tugashi mumkinligidan ogohlantirgan.

Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi rahbari Abdusattar Derbisali bunday xabarlar odatda oddiy yolg‘on va shov shuv bo‘lib chiqishini aytadi.

"Qayergadir bomba qo‘yilibdi, qancha odamni tashqariga olib chiqibdi degan xabarlarning hammasi yolg‘on. Qandaydir bezorilarning ishi", deyi Abdusattar Derbisali.

Davlat muassasalarida ibodat qilishni taqiqlovchi qonun parlament tomonidan tasdiqlangach, Musulmonlar Diniy idorasi rahbari ushbu taqiq mamlakatda ekstremizmga yo‘l ochishi mumkinligi va uni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi.

Hukumat qoshidagi Diniy ishlar bo‘yicha agentlik mas‘ullari ushbu tahdidni naqadar ishonchli ekanligini tekshirish kerakligini ta‘kidladi.

Qozog‘iston Musulmonlar ittifoqi rahbari Murat Telibekov ham bunday xabarlarning jiddiyligigi ishonmasligini aytadi.

Unga ko‘ra, Qozog‘istonda bunday tahdid qila olishga qodir jangari guruh hozircha yo‘q.

U bunday xabarlar siyosiy o‘yinning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Bu tahdid Oq o‘rdada davom etayotgan ichki urushning izi bo‘lishi mumkin. Shu kabi afsonalar va tahdidlarni yaratish orqali o‘zaro kurashayotgan tomonlar prezidentning ko‘proq e‘tiborini tortishni va anti terror amaliyotlari uchun ko‘proq mablag‘ ajratishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin", deydi Murat Telibekov.

Davlat idoralarida namoz o‘qishni taqiqlovchi qonun qabul qilinishidan oldin Qozog‘istonda ilk bor xudkushlik amaliyoti va huquq tartibot organlariga hujumlar bo‘lgandi.

Qozog‘iston g‘arbida qurolli to‘qnashuvlar ishtirokchilari qo‘lga olingan va ularga mahkama uzoq yillik qamoq jazosi belgilagan.

Musulmonlar Diniy idorasi qozog‘iston g‘arbida ekstremizmning mavjudligini tan oladi va bu narsa bilan kurashishi uchun tushuntirish va ta‘limiy ishlarni olib borayotganini ta‘kidlaydi.

--------------------------------------------------------------------------------

Azizlar,

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

https://www.facebook.com/#!/pages/BBC-Ozbek-BBC-Uzbek/294548310573810?sk=wall

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.