Сўнгги янгиланиш 28 октябр 2011 - 10:46 GMT

HRU: 'Qirg‘izistonning bo‘lg‘usi prezidenti inson huquqlarini dastaklashi kerak'

Hyuman Rayts Uotch Qirg‘iziston prezidentlik saylovlari 2010 yil iyunida yuz bergan etnik zo‘ravonliklardan beri davom etib kelayotgan inson huquqlari toptalish hollarini jilovlaydigan yangi rahbar tanlash uchun muhim imkoniyat ekanini aytgan.

Tashkilotga ko‘ra, yangi prezident zudlik bilan saylovlar oldi matbuotga qarshi joriy etilgan cheklovlarni bekor qilishi kerak.

Qirg‘izistonliklar 30 oktyabr kuni 2010 yil aprelida Qurmonbek Bakiyevni qudratdan ag‘dargan qo‘zg‘olonlardan buyongi ilk bor prezidentlik saylovlarida ovoz beradilar. Saylovda 16 nomzod bellashadi.

Muvaqqat Prezident Roza O‘tinboyeva qayta saylanish uchun nomzodini qo‘ymagan.

"Kim g‘olib chiqsa ham, yangi prezident inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va tahqirlash amallariga barham berishni zimmasiga olishi kerak", deydi Hyuman Rayts Uotchning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

"Yangi prezident qiynoq va tanish manzaraga aylangan adolatsiz mahkamalarga chek qo‘yishi va matbuot erkin faoliyat qilishiga izn berishi kerak", deydi u.

'Matbuotga cheklovlar bekor qilinsin'

Saylov to‘g‘risidagi muvaqqat hukumat 2010 yil tasdiqlangan qonunga binoan 25 sentyabrdan boshlangan saylovoldi jarayonlarida "saylov targ‘iboti" va yo nomzodlar "obro‘si, nufuziga hujumlar" aks etgan har qanday xorijiy teleradiodasturlar qayta efirga uzatilishi taqiqlanadi.

Qonunga rioya qilish uchun mahalliy tele-radio stantsiyalar saylovoldi targ‘ibotlari payti barcha yangiliklar dasturlarini oldindan yozib olishlari va man etilgan axborotlarni kesib tashlashlari kutilgandi.

Ammo, aksar mahalliy stantsiyalarda bu ishni amalga oshirish uchun asbob-uskuna va xodimlar yo‘q. Bunga qo‘shimcha, xorijiy axborot shirkatlari bilan kelishuvlarga muvofiq ular materialni tahrir qilishga haqli emaslar.

Natijada esa, Qirg‘izistonda Si-En-En, Bi-bi-si, Yevronьyus kabi axborot shirkatlari, shu bilan birga Rossiya va Qozog‘iston kanallari yangiliklar dasturlari havo uzatilishi majburan to‘xtatilgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti cheklovlar 2010 yilgi konstitutsiyaga va Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga mos tushmasligini aytib qoralagan.

Iyul oyida Saylov Komissiyasi xabar agentliklariga akkreditatsiya bermagan, buning ortidan, nomzodlar, saylovoldi targ‘ibotlari hamda Markaziy Saylov Komissiyasi chiqaradigan ma‘lumotlarni olish imkoniyatlari cheklangan.

Qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Hyuman Rayts Uotch tashkiloti bo‘lg‘usi prezident matbuotga cheklovlarni bekor qilishi va axborot erkinligini hurmat qilishi hamda fikr bayon etishning har qanday qonuniy shakli, jumladan, yangi hukumat va u yurgizadigan siyosatlarga tanqidlarga ham toqat qilishi shartligini aytadi.

'Inson huquqlarini toptash hollariga chek qo‘yilishi kerak'

Shuningdek, tashkilot bo‘lajak prezident mamlakat janubida 2010 yil iyunida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar ortidan davom etib kelayotgan inson huquqlarini toptash hollariga zudlik bilan chek qo‘yishi kerakligini ta‘kidlaydi.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida 4 kun davom etgan xunrezliklar 400dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan va qariyb 2000 mingta uy-joy vayronaga aylangandi.

Hyuman Rayts Uotch, ma‘lumotlarda aksar jabrlanganlar etnik o‘zbeklar ekani ayon bo‘lgan esa-da, zo‘ravonliklar ortidan jinoiy ishlar ko‘pchilik o‘zbeklarga nisbatan ochilganini aytadi.

Ayni paytda tashkilot hozirgacha 5,000dan ortiq jinoyat ishi ochilgani, zo‘ravonliklarda aloqadorlik bilan hibsga olinganlarning 85 foizi va qotilliklar uchun ayblov e‘lon qilinganlarning 83 foizi o‘zbeklar bo‘lganini borasidagi may oyida olingan ma‘lumotlarni keltiradi.

Tashkilot chiqargan bayonotda tekshiruv ishlari va mahkama jarayonlarida jiddiy noqisliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etiladi.

Hyuman Rayts Uotch asossiz hibslar va politsiya hibsxonalarida qiynoqlar ko‘pi o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanilganiga oid hollarni hujjatlashtirgan. Qiynoqlar natijasida ikki inson nobud bo‘lgan.

Tashkilot iyun zo‘ravonliklariga bog‘liq mahkamalarni ham kuzatgan.

Hyuman Rayts Uotchga ko‘ra, bunday mahkamalar aksarida prokurorlar ko‘pi qiynoqlar va nomaqbul munosabatlar ortidan olingan iqrornomalargagina suyanishgan, ayblanuvchilar yoki ularning oilalariga zo‘ravonlik tahdidlari bo‘lgan. Shu taxlit ayblanuvchilar "uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingan".

Inson huquqlarini himoya qilish guruhi Qirg‘iziston janubida o‘tgan mahkama jarayonlarida ayblanuvchilar va ularning himoyachilariga jabrlangani aytilgan shaxsning yaqinlari tarafidan jismoniy hujumlar uyushtirilganini ham tilga oladi.

Politsiya va boshqa rasmiylar bunday hollarga aralashishidan bosh tortishgan.

"Nomzodlarning hammasi adolatni tiklashga, korruptsiya va daxlsizlikka qarshi kurashishga hamda qonunning amalga tadbig‘ini mustahkamlashga va‘da berdi", deydi Xyu Uilyamson.

Unga ko‘ra, Qirg‘izistondagi saylovlarda kim g‘olib chiqishidan qat‘iy nazar mazkur va‘dalarning ustidan chiqilishi kerak.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.