Qirg‘iziston saylov komissiyasi: Almazbek Atamboyev ko‘p ovoz to‘plagan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasi e‘lon qilishicha, 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi byulletenlarning aksari hisoblab chiqilganda, saylovning birinchi turidayoq Almazbek Atamboyev ko‘p ovoz yiqqani ma‘lum bo‘lgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Kreml dastaklagan Almazbek Atamboyevning prezident etib saylangani haqida gapirish mumkin.

Markaziy Saylov komissiyasi jami byulletenlarning 95 foizi sanab chiqilganda, Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri 63 foiz ovoz to‘plagani haqida e‘lon qilgan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga binoan, nomzodlarning birortasi ham 50 foizlik ovoz yig‘maganida saylovning ikkinchi turi o‘tkazilishi kerak, so‘nggi natijalar ikkinchi turga ehtiyoj qoldirmaydi.

Prezidentlik saylovi yakuniy natijalarining 22 kun davomida e‘lon etilishi kutiladi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyev 2010 yil aprelida qudratdan ag‘darilganidan keyin o‘tkazilgan ilk saylovda 16 nomzod ilgari surilgan.

Bu nomzodlardan uch nafari - Almazbek Atamboyev, Adaxan Madumarov va Qamchibek Tashiyevlar saylovlarda ko‘p ovoz to‘plashi aytilgan.

Qirg‘iz saylov mulozimlariga ko‘ra, janob Atamboyevning ikki asosiy raqibi 15 foizdan kam ovoz to‘plaganlar.

Ovoz berish kuni prezidentlikka ikki asosiy da‘vogar qonun buzilishlari yuz bergani haqida aytganlar.

Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasi raisi Tuyg‘unali Abdraimov ovoz berish jarayonida qonun buzilishlari qayd etilganini ma‘lum qilgan.

Biroq janob Abdraimov aytishicha, ushbu qonun buzilishlari miqyosi katta emas va ular ovoz berish natijalariga ta‘sir ko‘rsatmaydi.

Saylovoldi tadbirlariga yuqori baho bergan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasining faoliyatini tanqid qilgan.