Qirg‘izistonning yangi prezidenti Almazbek Atambayev shaxsiga bir nazar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Almazbek Atambayev Qirg‘izistondagi eng yorqin siyosatchilardan bo‘lmasligi mumkin, ammo u uzoq yillardan buyon mamlakat siyosiy elitasi a‘zosidir.

Janob Atambayev 1980 yillarda yosh kommunist firqa faoli sifatida tanila boshladi.

Sovet Ittifoqi parchalangach u Qirg‘izistonning eng muvaffaqiyatli ishbilarmonlaridan biri sifatida nom chiqardi.

Keyinchalik Almazbek Atambayev ishbilarmonlikdan siyosatga o‘tdi: dastlab parlament a‘zosi bo‘ldi, keyinchalik savdo va sanoat vaziri etib tayinlandi.

Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev iqtidorda ekan janob Atambayevga bosh vazir vazifasi berildi.

Ammo Almazbek Atambayev bu lavozimda bor yo‘g‘i sakkiz oy qoldi.

U avvaliga iste‘fo berdi va keyinchalik Qurmanbek Bakiyevni qudratdan ketkizgan muxolifat saflariga qo‘shildi.

Hukumat almashinuvi janob Atambayevga ikkinchi bor bosh vazirlik qilish imkonini berdi.

Oradan bir necha hafta o‘tar-o‘tmas Qirg‘iziston janubida qonli etnik nizolar boshlanib ketdi.

Janob Atambayev boshchilik qilgan muvaqqat hukumat qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi millatlararo mojaroni bartaraf eta olmagani uchun tanqidlar ostida qoldi.

Siyosiy manfaatlar mintaqalarga qarab bo‘lingan Qirg‘izistonda janob Atambayev shimollik siyosatchi sifatida tanilgan.

Kuzatuvchilar uning Rossiya bilan chuqur aloqalarga ega ekaniga ishora qilishadi.

Janob Atambayev ham bosh vazirligi payti va ham prezidentlikka nomzod bo‘lgan paytlari Moskvaga ko‘plab marta safar qilgani ma‘lum.