Сўнгги янгиланиш 10 ноябр 2011 - 13:16 GMT

O‘zbekiston MXXsi: "Shimoliy Kavkaz va o‘zbek jangarilari birgalikda harakat qilishmoqda"

Doku Umarov so‘nggi yillarda Rossiyada sodir etilgan barcha yirik portlashlar ortida turgani aytiladi

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati O‘IH va Doku Umarovning Shimoliy Kavkaz guruhi o‘rtasida hamkorlikning kuchayib borayotganiga doir dalillar borligini aytgan.

Centralasiaonline.com nashrining O‘zbekiston MXXsi tahliliy markazi tadqiqotchisi Abduvali Tashirovdan iqtibos keltirishicha, odatda "chechenlar" deb ataladigan kavkazlik jangchilar Afg‘onistonda joylashtirilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati bo‘linmalari bilan yonma-yon jang qilmoqda".

"Xususan, 2010 yilning yozida Vaziristonda o‘ldirilgan biri dog‘istonlik va ikkinchisi ozarbayjonlik bo‘lgan ikki jangarining O‘IH a‘zolari ekani tasdiqlangan", deb aytgan O‘zbekiston MXX si vakili.

O‘zbekiston rasmiylari O‘IH xalqaro terrorchi tarmoqning bir qismi ekanini avvaldan urg‘ulab kelishadi.

Jangarilar hamkorligi haqidagi gaplarda maxsus xizmatlarning ohangi sezilib turibdi

Arkadiy Dubnov, rossiyalik tahlilchi

Ammo bu safar o‘zbek jangarilarining Shimoliy Kavkazda Islomiy Xalifalik qurishni maqsad qilib olgan Doku Umarov boshchiligidagi guruh bilan aloqalari alohida ta‘kidlanmoqda.

Doku Umarov guruhi so‘nggi yillarda Rossiya hududida amalga oshirilgan yirik terrorchi amaliyotlar, jumladan, poytaxt Moskva transport tizimidagi portlashlar uchun mas‘ul, deb ko‘riladi.

O‘zbeklar, soni bo‘yicha Pokistonda panoh topgan xorijiy jangarilar orasida eng ko‘p, deb ishoniladi.

Pokiston rasmiylari chegaradagi qabila hududlarida bir necha yuz o‘zbek jangarilarining amal qilishlarini aytishadi.

AQSh va ittifoqchilarining Afg‘oniston va afg‘on-Pokiston chegarasidagi amaliyotlari natijasida O‘IHning ko‘plab jangarilari o‘ldirilgan.

Al-Qoida bilan aloqalarga ega, deb ko‘riladigan O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z rahbari Tohir Yo‘ldoshning 2009 yil avgustida AQShning dron hujumida halok bo‘lganini oradan bir yil o‘tib, tasdiqlagan.

Harakatning yangi rahbari etib Usmon Odilning tayinlangani xabar qilingan.

AQShning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatida bo‘lgan harakatning harbiy rahbari Juma Namangoniy 2001 yilda Amerikaning Afg‘onistondagi havo hujumi natijasida o‘ldirilgan.

"Ishonarli emas"

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tahliliy markazi xodimidan iqtibos keltirilgan maqola Qozog‘istonning Atirau shahrida yuz bergan so‘nggi portlashlar manzarasida paydo bo‘lgan.

Atiraudagi portlashda "Kavkaz izi" haqida gapirilmagan

Qozoq rasmiylari portlashlarda "Jund al-xilafa" guruhi turganini da‘vo qilishgan.

Avvalroq guruh nomidan internetda e‘lon qilingan video murojaatda Qozog‘iston rasmiylaridan davlat muassalarida namoz o‘qishni taqiqlovchi qonunni bekor qilish talab etiladi.

Ammo rossiyalik tahlilchi Arkadiy Dubnov Qozog‘istondagi so‘nggi portlashlar manzarasida kavkazlik va markaziy osiyolik jangarilarning birlashayotgani haqidagi farazlarni shubhali, deb hisoblaydi.

"Atiraudagi portlashlar yuzasidan hisbga olinganlar orasida bironta kavkazlik jangari borligini eshitmadik", deydi u BBC bilan suhbatda.

Janob Dubnovning fikricha, sobiq sovet hududidagi xavfsizlik xizmatlari biron xavf haqida gapirgan vaqti bu xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qiladilar.

"Bir necha hafta avval men Kollektiv Xavsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh Kotibi Bordyuja bilan suhbatlashgandim. Uning aytishicha, hozirda bir necha o‘n tashkilotning KXShT doirasida terrorchi guruhlar deb tan olinishi masalasi muhokama etilmoqda. Ya‘ni har bir davlat o‘zicha o‘zlarida mavjud guruhlarga qarshi kurashib yotibdi", - deydi Arkadiy Dubnov.

Uning aytishicha, bunday guruhlar mavjudligining o‘zi ularning hamkorlik qilayotganini anglatmaydi.

"Kelajakda bu kabi hamkorlik bo‘lmaydi, deb ayta olmaymiz albatta. Lekin hozirda aytilayotgan "samarali o‘zaro hamkorlik yo‘lida harakatlar" haqidagi da‘volarda mutlaqo xavfsizlik xizmati tahlilchilari ohangi sezilib turibdi. Bu da‘volarda biron asos bo‘lsa ham, hozircha ishonarli tuyulmayapti, - deydi rossiyalik tahlilchi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.