Turkmanistonda paxtakorlar norozilik bildirishgan

Image caption Gurbanguli Berdimuhammedov "Niyozov zamonida asos solingan yo‘ldan chiqib keta olmadi"

Inson huquqlari bo‘yicha Turkman tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, uch kun muqaddam Turkmaniston shimolida misli kuzatilmagan hodisa - paxtakorlarning ommaviy e‘tirozi yuz bergan.

Toshhovuz viloyati uy-joy kommunal xo‘jaligi uyushmasi ishchilari bir vaqtning o‘zida tartibli tarzda paxta dalalarini tark etganlar.

Turkman tashabbus guruhiga ko‘ra, ommaviy e‘tiroz sabablari ma‘lum emas, biroq komunnal xizmat ko‘rsatish xodimlarining bu amali viloyat rahbariyatini sarosimaga solib qo‘ygan.

Natijada, ruxsatsiz paxta terimini tark etgan xodimlarning ba‘zilari ishdan bo‘shatilgan.

Tashqi dunyoga deyarli yopiq Turkmanistonda davlat olib borayotgan siyosatga qarshi har qanday e‘tiroz qattiq jazolanadi.

Inson huquqlari bo‘yicha Turkman tashabbus guruhidan Farid Tuxbatulin:

Farid Tuxbatulin: Bizda hozircha paxta dalalarini tark etganlar taqdiri borasida hech qanday ma‘lumot yo‘q. Lekin, xavfsizlik xizmatlari paxta dalalarini ommaviy ravishda tashlash bilan, ta‘biri joiz, "unsiz norozilik" bildirganlar orasidan tashkilotchilarni topishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

BBC: Turkmanistonda ommaviy noroziliklar qanchalar ko‘p kuzatiladi?

Farid Tuxbatulin: Bunday hodisalar, haqiqatdan ham, juda kam yuz berib turadi. Lekin, yaqinda Ashxabodda talabalarning e‘tiroz bildirganidan xabarimiz bor. Turkmanistonda har yili 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan mustaqillik bayramiga tayyorgarlik bayramdan bir necha oy oldin boshlanadi. Bu yil ham o‘tgan yillari singari bayram tashkilotchilari talabalar va davlat korxonalari xodimlarini tayyorgarliklar asnosida bir xil qadam tashlash, saf turish, jo‘r bo‘lib kuylashga majburlaganlar. Bayramga bir necha kun qolganida Ashxabod stadionlaridan birida talabalar: "ertalabdan kechgacha quyosh tagida turamiz, bir joyga jilishga ham qo‘yishmaydi, turli mashqlarni bajarishga majburlashadi, qornimiz ham och qoldi, uyga ketamiz," deb qichqira boshlashgan. Talabalar noroziligi ommaviy tus ola boshlagach, tartibsizliklar chiqib ketishidan qo‘rqqan rahbarlar, ularni uylariga qo‘yib yuborishgan. Yo bo‘lmasa, shu yil yozida 50 ka yaqin odam Ashxabod markaziga chiqib, ularga tegishli uy-joylarning hukumat qarori bilan buzib tashlanayotganiga qarshi norozilik bildirgan. Hukumat ular yashaydigan shaxsiy uylarni buzib, o‘rniga mashina yo‘li qurishni rejalashtirgan edi. Xullas, Turmanistonda ham norozilik chiqishlari bo‘lib turadi, lekin ular juda ham tarqoq va uyushmagan holda bo‘ladi.

BBC: Gurbanguli Berdimuhammedov besh yil muqaddam hokimiyat teppasiga kelar ekan, mamlakatda islohotlar o‘tkazishiga ishora qilgandi. Marhum Saparmurod Niyozov paytida davlat bir shaxs tomonidan boshqarilardi. Hozirda vaziyat qanday?

Farid Tuxbatulin: Yangi prezident demokratik islohotlar o‘tkazish zarurati haqida albatta bir necha bor bayonot bergan. O‘tgan besh yilcha vaqt davomida u Tukrmanistonda ko‘p partiyali tizim o‘rnatilishi kerakligi haqida to‘rt-besh marta gapirdi. Lekin, bu vaqt ichida siyosiy partiyalar haqida bitta qonun ham qabul qilingani yo‘q. Aftidan uning islohotlar haqidagi gaplari, xorijiy diplomatlar va xorijiy matbuotni tinchlantirish uchun aytilganga o‘xshaydi. Lekin, real o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, internet paydo bo‘lganini qayd etish zarur bo‘ladi. To‘g‘ri, internet xizmati juda sifatsiz va qimmat, sur‘ati juda sekin, ko‘plab veb sahifalarga to‘siq qo‘yilgan, lekin Turkmanboshi paytida shu ham yo‘q edi. Turkmanistonda bundan boshqa hech narsa o‘zgargani yo‘q desak ham bo‘ladi.

BBC: Saparmurod Niyozov o‘zining yakkahokimligi va qattiqqo‘lligi bilan dunyoga nom chiqargandi. Gurbanguli Berdimuhammedov sobiq prezidentdan nimasi bilan farq qiladi?

Farid Tuxbatulin: Turkmanboshi 2002 yil oxiri 2003 yil boshida o‘tkazgan ommaviy qatag‘onlari bilan esda qoldi. Bunga uning joniga suiqasd urinishi sabab bo‘lgandi. Hozirda bunday repressiyalarga ehtiyoj yo‘q. Ammo o‘z fikrini bildirgan yo bo‘lmasa hukumat ishonchsiz deya ko‘rgan shaxslarni sistematik tarzda qamoqqa olishlar davom etayotir. O‘z e‘tiqodi uchun hozirgacha ancha odam zarar ko‘rdi. Hozirgi prezident, haqiqatdan ham, islohotchi bo‘lish imkoniga ega edi. Men g‘arbona demokratiyani gapirayotganim yo‘q, lekin unda sobiq prezident davrida shakllangan tuzumni yumshatish imkoni bor edi. Biroq, Gurbanguli Berdimuhammedov Niyozov zamonida asos solingan yo‘ldan chiqib keta olmadi.