"Rossiyada 1 yarim mingga yaqin Tojikistonlik muhojir qo‘lga olingan"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Muhojirlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko‘ra, Rossiya bo‘ylab 1 yarim mingga yaqin Tojikistonlik muhojir qo‘lga olingan.

"Rossiyadagi tojik muhojirlari" tashkilotining xabar qilishicha, bir yarim ming Tojikistonlik mehnat muhojiri yashash va ishlash ruxsatnomasi yo‘qligi ro‘kach qilinib, hibsga olingan.

Tashkiloti raisi Karomat Sharipovga ko‘ra, ularni deportatsiya qilish bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagan.

Ko‘plar tomonidan bu choralar Dushanbeda ikki rossiya shirkati uchuvchisining qamoqqa olinishi bilan bog‘liq, deya ko‘rilmoqda.

"Rossiyadagi tojik muhojirlari" tashkiloti raisi Karomat Sharipovning BBCga aytishicha, faqat Maskva shahar va viloyatida besh yuzdan ortiq tojik muhojirlari muhojirat qonuniga rioya qilmaslik bahonasi bilan qo‘lga olinib, vaqtincha hibsxonalarda joylashtirilgan.

Ammo hozircha, tojik muhojirlarini Rossiyadan chiqarib yuborish amaliyoti boshlanmagan.

Janob Sharipovga ko‘ra, Rossiyadagi muhojirlar huquqlarini himoya etish tashkilotlari davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarga muhojirlar huquqlarini poymol etish hollari borasida shikoyat qilishgan. Ammo Rossiya hukumat idoralari bu kabi shikoyatlarga hozircha rasman javob bemaganlar.

Ayni damda, Rossiya xabar agentliklarining xabar berishlaricha, seshanba kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Rossiyaning bu mamlakatdagi elchisi Yuriy Popov bilan uchrashib, rus va eston uchuvchilari ishi to‘g‘risida kelushuvga erishishgan.

Ammo bu kelishuv tafsilotlari hozircha ma‘lum emas.

Ikki hafta oldin, janubiy Tojikistondagi Qo‘rg‘onteppa shahar sudi Rossiya va Estoniya fuqarolari Vladimir Sadovnichiy va Aleksey Rudenkoni chegaradan noqonuniy tarzda o‘tish, kontrabanda va xalqaro havo yo‘llari qoidalarni buzish ayblovlari bilan 8,5 yil qamoq jazosiga hukm etgandi.

Uchuvchilar boshqarib kelgan "AN-72" uchoqlari Tojikiston davlati foydasiga musodira qilingan edi.

Bu ikki uchuvchi joriy yilining mart oyida ikki "AN-72" uchog‘ida Kobuldan havoga ko‘tarilib, yoqilg‘ilari yetarli bo‘lmaganligi tufayli Qo‘rg‘ontepa shahar aeroportiga qo‘nishga ijozat so‘ragandilar va keyinchalik ular hibsga olinganlar.

Bugun, chorshanba 16 noyabr kuni Tojikiston parlamenti sessiyasida Rossiya bilan munosabatlar va tojik muhojirlari taqdiri muhokamaga qo‘yilishi rejalangan edi.

Ammo bu masala parlament majlisi kun tartibidan tushirildi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, Prezident Rahmon parlament va rasmiy axborot vositalarida Rossiyadagi tojik muhojirlari vaziyati va uchuvchilar ishini muhokama qilishni taqiqlagan.