Qirg‘iziston: "Tarazda qo‘llanilgan avtomat qurol bizdan bormagan"

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Tarazdagi hodisa Qozog‘istonda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng qonli hujum bo‘lgan

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Qozog‘istonning Taraz shahrida o‘tgan shanba kuni amalga oshirilgan hujumda qo‘llanilgan avtomat qurol o‘z mamlakatidan olib borilgani borasidagi ma‘lumotlarni rad etgan.

Hafta boshlarida Qozog‘iston xavfsizlik rasmiylari gumondor terrorchi qurolini Qirg‘iziston hududidan olib kirilgan bo‘lishi mumkinligini aytishgandi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, "Qirg‘iziston huquq-tartibot va xavfsizlik agentliklari 2010 yilning aprel va iyun hodisalari payti 5ta granatamyot yo‘qotishgan, ammo tekshiruvlar ortidan ularning 4tasi topilgan". Qayta topilmagan LAW-7B rusumli granatamet esa, Tarazdagi hujum payti ishlatilganidan farq qiladi. Tarazda LAW-26 rusumli qurol ishlatilgan.

Qozog‘istonning Taraz shahrida 12 noyabr kuni amalga oshirilgan portlash va otishmalar natijasida 7 kishi halok bo‘lgan edi. Ularning 5 nafari politsiya xodimlaridir.

Bu Qozog‘istonda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng qonli hujum bo‘lgan.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari hujumni jihod tarafdori bo‘lgan 34 yoshli Maqsat Qoriyev amalga oshirganini aytishgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 12 noyabr kuni Qoriyev o‘zini kuzatib yurgan ikki milliy xafvsizlik qo‘mitasi xodimiga hujum qilib, ularni o‘ldirgan.

Shundan so‘ng, qurol-yaroq do‘koniga hujum qilib, u yerda ham qorovul va yana bir shaxsni halok qilgan va u yerdan yana qurollanib chiqqan.

Tushgacha Qoriyev yana ikki politsiya xodimini o‘ldirib, ikkitasini yarador qilgan.

Huquq-tartibot xodimlari uni qo‘lga olishga uringan mahal xudkushlik sodir etarkan, o‘zi va yana bir politsiya xodimi nobud bo‘lgan.

Qozog‘iston janubidagi Taraz shahri ancha tinch bo‘lib kelgan shahar, so‘nggi hujum umuman Qozog‘iston uchun ham odatdan tashqari hodisa, deb ko‘rilgan, biroq u so‘nggi oylarda mamlakatda kuzatilayotgan insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan qonli hodisalarning navbatdagisi bo‘lgan.

Ikki hafta oldin Qozog‘iston g‘arbidagi Atirau shahrida ham ikki portlash ro‘y bergan, rasmiylar bu portlashlardan birida faqat xudkush hujumchining o‘zi halok bo‘lgani haqida xabar bergandilar.

Qozog‘iston rasmiylari Atiraudagi portlashlarda shu paytgacha nomi tanilmagan "Jund ul-Xalifa" guruhini ayblagan.

Ammo, Qozog‘istondagi qator agentligiklarning xabarlariga ko‘ra, "Jund ul-Xalifa" deb atalayotgan guruh 12 noyabr kuni Qozog‘iston janubida yuz bergan hujumga aloqasi yo‘qligini aytgan.