Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2011 - 13:42 GMT

Tojikiston yaqin orada Vaxsh daryosini to‘sib qo‘yishi mumkinmi?

Rog‘un GESini qurish rejasi Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlarini sovuqlashtirgan

Joriy oy oxirlarida Rog‘un gidrostansiyasi qurilishi uchun Vaxsh daryosi oldini to‘sish amaliyoti o‘tkazilishi kutilmoqda.

Jahon Banki Rog‘un stansiyasi qurilishi atrofidagi xalqaro ekspertlar tekshiruvi oxiriga yetmagunicha, qurilish ishlari boshlanmasligi kerakligini aytgan.

Qo‘shni O‘zbekiston esa ushbu yirik gidroinshoot tufayli mintaqadagi ekologiya vaz‘iyati yomonlashishi mumkinligidan xavotirda.

Tojikistoning ba‘zi doiralarida va qo‘shni O‘zbekistonda joriy noyabr oyi oxirlari yo dekabr oyida Vaxsh daryosi oldi to‘silib, Rog‘un suv ombori qurlishi boshlanishi borasida xabarlar tarqalgan.

Jumladan, ikki hafta oldin Rossiyadagi "Nezavisimaya gazeta" O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manba‘larga tayanib Tojikiston tomoni xalqaro ekspertiza xulosalarini kutmasdan Vaxsh daryosi oldini to‘sish niyatida ekanini yozgan.

O‘zbekiston tomoni bu hodisa mintaqada texnik va ekologik falokatlarga olib kelishi mumkinligi aytgan.

Ammo Tojikistondagi "Barqi Tojik" shirkatidagi manba bu xabarlarni rad etib, Rog‘un gidrostansiyasida tiklash ishlari davom etayotgani, suv quvurlarida tozalash va ta‘mirlash ishlari olib borilayotganini aytgan.

Ushbu manbaga ko'ra, joriy yilda mazkur qurilishda tiklash ishlari uchun ikki yuz milyon dollar miqdorida mablag‘ sarflangan.

"Barqi Tojik" shirkati bosh muhandisi Rashid Gulov yaqin kelajakda Vaxsh daryosini to‘sish amaliyoti o‘tkazilishi haqidagi xabarlarni "asossiz" deya baholadi.

"Jahon Banki ekspertlari xulosalari e‘lon etilmaguncha, bu amaliyot o‘tkazilmaydi. Hozir xalqaro ekspertlar Rog‘un qurilishi loihasining texnik va iqtisodiy asoslariga oid hujjatni va ushbu inshootning ekologik vaz‘iyatga ta‘sirini o‘rganmoqdalar. Tekshiruvlar kelgusi yilning ikkinichi yarmida oxiriga yetishi ko‘zda tutilgan. Xalqaro ekspertiza asosida Rogun gidrostansiyasida qurilish ishlari boshlanadi," - deb aytdi Gulov janoblari.

Tojikiston parlamenti energetika qo‘mitasining a‘zosi Shodi Shabdolov ham suv tashlash tunnellarida betonlash ishlari davom etayotgani va Rog‘un suv ombori qurilishi uchun sharoit muhayyo emasligini aytdi.

"Men ushbu qurilishni borib ko‘rdim. Hozir tiklash ishlari oxirga yetmagan. Saksoninchi yilda qurilgan suv quvurlarining ko‘p joyi yaroqsiz holga kelgan. Ularni tiklash uchun ko‘p vaqt lozim bo‘ladi. Meni nazarimda joriy yilda bu ishlar oxirga yetmaydi," - dedi Shabdolov janoblari.

Biroq tojikistonlik tahlilchilar noyabr oyida Vaxsh daryosini to‘sish va to‘g‘on qurilishi boshlanishiga ishonishlarini aytadilar.

Mustaqil tahlilchi Abdulg‘ani Mahmadazimov fikricha, to‘g‘on qurilishi ham tiklash ishlari jumlasiga kiradi. Zero 1990-yillar boshida daryo oldi to‘silgan va to‘g‘on qurilgan edi.

"1993-yil sel kelib, Rog‘un to‘g‘oni buzilgan paytda, uning balandligi o‘ttuz-qirq metrni tashkil etardi. Ikki yildan buyon qayta tiklash ishlari davom etmoqda. Nahotki besh ming ishchi bu muddat ichida tunneldagi tozalash va tiklash ishlarini oxirga yetkazmagan bo‘lsa. Menimcha, tiklash ishlari nihoyasiga yetgan, ammo Tojikiston davlati buni e‘lon qilmay, to‘satdan daryo oldini to‘sib qo‘yadi," - deydi Abdulg‘ani Mahmadazimov.

Uning aytishicha, agar noyabr oyida Vaxsh daryosida to‘g‘on qurilishi boshlansa, 2014-yilda Rog‘un gidrostansiyasida ikki agregat o‘rnatilishi mumkin.

Aks holda Tojikiston davlati xalqqa bergan va‘dasini uddasidan chiqmasligi va mamlakat kelgusi yillarda ham elektr taqchilligiga duch kelishi ehtimoli bor.

Tahlilchi Davlat Usmon ham joriy yilda to‘g‘on qurilishi zarurligini aytadi.

"Rog‘un siyosiy masalaga aylagan. Tojikiston uchun ikki yo‘l bor: birinchisi, Tojikiston Rog‘unda o‘z kuchi bilan qurilish ishlarini davom ettiraveradi. Ikkinchisi, mintaqadagi kuchli davlatlar oldida boshini egib, qurilish ishlarini noma‘lum vaqtga qoldiradi," - deb aytdi Davlat Usmon.

Texnik Fanlar doktori Alimxon Burhonov "Aziya-Plyus" axborot agentligi bilan suhbatda Rog‘un kabi buyuk va juda qimmat inshootlar o‘rniga kichik va o‘rta gidrostansiyalar qurilishi Tojikiston uchun manfaatli ekanini aytgan.

Janob Burhonovga ko‘ra, Rog‘un gidrostansiyasi qurilishi jarayonida juda ko‘p qishloqlar, o‘rmon va yaylovlar suv ostida qolib, minglab aholini boshqa mintaqalarga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi.

U shuningdek 335 metrli to‘g‘on tez-tez zilzila bo‘lib turadigan Tojikiston va mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini aytgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.