Qozog‘iston prezidenti ilk bor o‘zining yangi maslahatchisi Toni Bleyr bilan uchrashdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи PA

Britaniyada nashr etiluvchi nufuzli gazetalarning xabar berishicha, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev yaqinda "8 million funt sterling"ga ishga yollagan yangi maslahatchisi, Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Bleyr bilan uchrashgan.

Xabarlarga ko‘ra, ikkovlon ilk muloqotlarini Ostonada, Oq O‘rdada olib borishgan.

O‘tgan oy e‘lon qilingan kelishuvga muvofiq, janob Bleyr qozoq hukumatiga Qozog‘istonning xalqaro miqyosda obro‘sini oshirish va butun Ovro‘po bo‘ylab biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yishda yordam beradi.

Xabarlarga ko‘ra, Britaniyaning sobiq Leyborist Bosh vaziri buning uchun hukumatdaligi paytida o‘zi bilan birga ishlagan taniqli siyosatchilar Alister Kempbell va Jonatan Pauell bilan birga maslahatchilar guruhini tuzgan.

Britan nashrlarining yozishicha, Qozog‘iston prezidentiga berajak maslahatlari uchun Toni Bleyrga yiliga 8 million funt sterling haq to‘lashga kelishilgan.

Ammo janob Bleyrning idorasi ushbu xabarlarni savol ostiga olib, sobiq Bosh vazirning ushbu bitimdan shaxsiy daromad ko‘rmasligini bayon qilgandi.

Mulozimlarga ko‘ra, ikkovlon o‘z uchrashuvlari chog‘ida Qozog‘iston iqtisodini zamonaviylashtirishga oid keng miqyosli dastur ishlab chiqish masalasida so‘z yuritishgan.

Shuningdek, ular Ovro‘po Ittifoqi va Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama etishgan.

Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, Toni Bleyrning maslahatlari bebaho hamda u siyosiy va iqtisodiy masalalarda Qozog‘istonga yaxshi-yaxshi maslahatlar berishi mumkin.

Ammo Qozog‘istondagi inson huquqlari bilan bog‘liq ahvolni nazarda tutib, janob Bleyrning prezident Nazarboyevga maslahatchi bo‘lishi britan matbuotining keskin aks-sadosiga sabab bo‘lgandi.

"Faynenshl Tayms" kabi Britaniyada chop etiluvchi nufuzli nashrlar "Bleyr Qozog‘istonning husniga oro bermoqda", kabi maqolalar bilan chiqishgandi.