Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan qaysi yo‘llar bilan chiqib ketadi?

Image caption "Manas" Ameikaliklar uchun muhim tranzit nuqtasi hisoblanadi

Qirg‘iziston dunyoning boshqa mamlakatlaridan bir jihati bilan farq qiladi. Bu mamlakatda ham Amerika va ham Rossiya harbiy bazalari joylashgan.

Yaqinda prezident etib saylangan Almazbek Atambayev Amerika harbiy bazasini berkitishga va‘da berdi.

Bu - Afg‘onistondan chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Qo‘shma Shtatlar uchun noxush xabar.

Islomobod va Vashington o‘rtasidagi aloqalar yomonlashishi ortidan Pokiston hududi orqali o‘tgan AQSh ta‘minot yo‘li uzilib qoldi.

Hozirda Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyoga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoji bor.

Qirg‘izistondan Natalya Antelavaning xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlarga qiyin diplomatik qarorlarni olish kerak bo‘ladi.

Markaziy Osiyo Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar uchun "sahna orti" hisoblanadi. U xabarlar sarlavhasiga aylanmasa-da, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda o‘ta muhim rol o‘ynaydi," - deydi Natalya Antelava.

Qirg‘izistondagi "Manas" havo bazasi orqali Afg‘onistonga nafaqat yoqilg‘i, balki harbiylar ham olib o‘tiladi. Polkovnik Jeyms Jeykobson harbiy bazaning boshlig‘idir.

"Manas tranzit markazi - ta‘minot nuqtasi hisoblanadi. Bu yerdan Kobulgacha uchoqda uzog‘i bilan ikki soatlik yo‘l. Bu baza Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarni zaruriy tajhizotlar bilan boshqa bazalarga nisbatan tezroq ta‘minlash imkonini beradi," - deydi Jeyms Jeykobson.

Ammo Qo‘shma Shtatlar tez orada "Manas" bazasidan ajralib qolishi mumkin. Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti Almazbek Atambayev BBC bilan suhbatda "Manas" harbiy bazasidan foydalanish muddati oxiriga yetgach, amerikaliklarning chiqib ketishini istashini aytdi.

"Harbiy baza bo‘lmasligi kerak. Bu mening mamlakatim, mening xalqim xavfsizligi masalasidir. Xavfsizlik - ushbu baza beradigan har qanday siyosiy vayo moliyaviy imtiyozlardan muhimroq," - dedi Almazbek Atambayev.

Ushbu bayonot Prezident Barak Obamaning Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish rejasiga salbiy ta‘sir qilishi aniq.

Pokistonga ishonchsizlik borgan sayin ortib borayotgani va Qirg‘izistondagi bazani berkilishi mumkinligi amerikaliklarni Markaziy Osiyoning boshqa rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazishga majburlagan.

Kerakli va keraksiz avtoritar davlatlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynaydi

Yaqinda AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton O‘zbekistonga safar qildi va Prezident Islom Karimov bilan eski aloqalarni qaytadan o‘rnatdi.

Yaqin paytgacha Vashington Karimovni yakkalab qo‘ygandi.

Ammo endi Qo‘shma Shtatlar inson huquqlarining poymol etilishi tufayli O‘zbekistonga nisbatan joriy etgan harbiy sanktsiyalarini olib tashladi.

Amerikaning bu siyosati, tanqidchilar so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov hokimiyatini yanada kuchaytirishi va aks natija mumkin.

Poul Kuin Jaj Xalqaro Inqiroz Guruhining Markaziy Osiyo bo‘limi direktoridir.

"Kerak bo‘lgan va kerak bo‘lmagan avtoritar davlatlar bor. O‘zbekiston hozirda kerak bo‘lgan avtoritar davlatlardan biridir. Xo‘sh, nima uchun Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan aloqalarni qaytadan tiklayapti? Chunki, qo‘rquv bor. 2014 yil yaqinlashib kelapti, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga nafaqat qo‘shin va harbiy tajhizotlarni olib kirishi, balki u yerdan o‘ta zamonaviy tajhizotlarni olib chiqishi ham zarur. Amerika barcha zaruriy chiqish yo‘llariga egamiz, deb o‘ylamaydi. Shuning uchun tashqi siyosat hozirda asosan ushbu muammo yechimiga qaratilgan. Bunga javob - Islom Karimov bilan hamkorlik qilish, deb ko‘rilmoqda," - deydi Poul Kuin Jaj.

Prezident Obamaning asl maqsadi - urushni oxiriga yetkazish va qo‘shinlarni vatanlariga qaytarish.

Ammo Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish - qiyin vazifa.

Uni bajarish uchun Vashington imzolaydigan bitimlar muammoli Markaziy Osiyo mintaqasiga hal qiluvchi ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.