Olma-ota yaqinida yana bir qurolli to‘qnashuv

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Bo‘ralday poselkasidagi otishma bir necha soat davom etgani aytilmoqda. (Fotosurat "TENGRI NEWS" vebsahifasidan olindi.)

Qozog‘iston rasmiylarining bildirishlaricha, Olma ota shahridan uzoq bo‘lmagan Bo‘ralday poselkasidagi otishma natijasida 5 nafar jinoiy guruh a‘zolari va 2 nafar milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimi halok bo‘lgan.

Bir necha soat davom etgan amaliyot davomida tinch aholi vakillariga ziyon yetmagani aytilmoqda.

Rasmiylar jinoiy guruh turgan uydan qurol aslaha topilganini ma‘lum qildilar.

Qozog‘istonda shu yil boshidan buyon sodir etilgan qator hujumlar va amaliyotlar ortidan 20 ga yaqin huquq tartibot organi xodimlari o‘ldirilgan. Mahalliy siyosatshunoslar aholining 70 foizi o‘rta qatlamga ham kirmaydigan mamlakatda radikal guruhlar bundan-da rivojlanishi mumkinligini aytishmoqda.

3 dekabr kuni kechqurun Olma ota shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Boralday poselkasida 4 soat chamasi davom etgan otishma ovozlari odamlarni xavotirga soldi.

Poselka aholisi voqea joyidan evakuatsiya qilindi, jangarilar joylashgan uyga olib boruvchi yo‘llar to‘sildi.

Qozog‘iston Bosh Prokuraturasi rasmiy vakili Nurdaulet Suyindiqovning aytishicha, 5 kishidan iborat terroristik guruh yo‘q qilindi.

Unga ko‘ra, ushbu guruh Olma ota shahrida qo‘poruvchilik amaliyolarini oshirishni rejalagan. Amaliyot davomida Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga qarashli "Aristan" maxsus xizmatining 2 nafar xodimi ham halok etilgan.

"Jinoyatchilar panoh topgan uydan ikkita granata, ikkita Kalashnikov avtomati va Makarov to‘pponchasi topildi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Maxsus amaliyot 3 dekabr, 23:50 da nihoyasiga yetdi", - dedi Nurdaulet Suyindiqov.

Hozirda jinoiy guruh a‘zolarining shaxsi aniqlanayotgani bildirilgan.

Prokuratura bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, ushbu jinoiy guruh shu yilning 8 noyabri kuni Olma ota shahridagi ikki nafar yo‘l politsiyasi xodimini otib o‘ldirgan. Jinoiy to‘da yashiringan uyda topilgan qurollardan politsiya xodimlari otilgani aytilmoqda.

Bosh prokuratura rasmiy vakili hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilganini va tergov ushbu guruhga aloqador odamlarni tekshirishini ma‘lumladi.

Joriy yil davomida Qozog‘istonning turli mintaqalarida bir necha marotaba turli qo‘poruvchilik va xudkushlik amaliyotlari sodir etildi. Hujumlar davomida huquq tartibot organlarining 20 ga yaqin xodimlari halok bo‘ldi.

Respublikada davlat muassasalarida ibodat qilishni taqiqlovchi qonun kuchga kirishi bilan "Jund-al Xilafa" jangari guruhi internet orqali tahdidlar bilan chiqdi va Qozog‘istonning g‘arbida sodir etilgan portlashlarni o‘z zimmasiga oldi.

Qozog‘istonlik taniqli siyosatshunos Do‘sim Satpayev aholining asosiy qismi kam ta‘minlangan davlatda radikalizm paydo bo‘lishi tabiiy hol ekanligini aytadi.

"Muammo shundaki, 60-70 foiz aholi o‘rta qatlamga kirmagan davlatda va aksar yoshlar o‘z istiqboli borasida biror tasavvurga ega bo‘lmagan jamiyatda erta kechmi radikalizm paydo bo‘ladi. Bu diniy jabhada bo‘lishi shart emas, umuman radikal g‘oyalarni nazarda tutayapman. Hukumat o‘zini tinchlantirib, cheklanib oldi, mana endi buning samarasini ko‘rayapti", - deydi Do‘sim Satpayev.

Hukumat terrorizm bilan kurashish maqsadi-da bir qator rejalar qabul qilgan, ammo ushbu qarorlar faqat kuch ishlatish va taqiqlarga asoslangani mutaxassislar tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.