Rohat Aliyevning hibsga olingani Ostonada qanday kutib olindi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Rohat Aliyev 2008 yilga qadar Qozog‘iston prezidentining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyevaning turmush o‘rtog‘i edi.

azarboyeva xonim iqtidordagi Nur Otan partiyasining parlamentdagi fraktsiyasi rahbari va otasining ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘riladi.

ohat Aliyev Prezident Nazarboyev Qozog‘istonni xususiylashtirib olganini da‘vo qilgan va internetda prezident oilasini fosh etuvchi materillarni e‘lon qilib kelgan.

Prezident Nazarboyev Avstriyani Roxat Aliyevni topshirmagani uchun shaxsan tanqid qilgan edi.

Xo‘sh, sobiq kuyovning hibsga olingani haqidagi xabar Ostonada qanday kutib olingan. Bu haqda Olma-Otadagi BBC jurnalisti Dinmuhammad Kalikulov gapirdi.

Dinmuhammad Kalikulov: Avvalo shuni aytmoqchi edimki, ommaviy axborot vositalarida quvg‘indagi, Qozog‘istonning Avstriyadagi sobiq elchisi Rohat Aliyevning hibsga olinishi haqida xabar chiqishi ochiq osmonda momaqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi. Hech kim bu qachondir sodir bo‘lishini kutmagandi. Lekin qayd etish kerakki, bu borada hukumat tomonidan hech qanday rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q. Balki bu xabar yaqindagina paydo bo‘lgani bilan bog‘liqdir. Lekin odatda Qozog‘iston Tashqi Ishlar vazirligi, prokuratura, umuman rasmiy idoralar Rohat Aliyevning ishi bo‘yicha bir necha marta izoh berganlar. O‘ylaymanki, yaqin vaqtda qandaydir munosabat yoki chiqish bo‘ladi va rasmiylar bu borada nimadir deyishadi. Umuman olganda, hozir Qozog‘istonda Rohat Aliyevni hibsga olinishini qizg‘in muhokama qilishmoqda. Ko‘pchilik ishonmayapti. Aksariyat bu nimadan kelib chiqqanini o‘zicha bashorat qilyapti. Nima uchun u birdaniga o‘zini topshirishga qaror qildi? Ommaviy axborot vositalari Aliyev o‘z ixtiyori bilan borganini yozmoqda. Shu holatda u nima qilishi mumkinligi taxmin qilinyapti. Chunki Rohat Aliyev ko‘p marotaba o‘zida Qozog‘istonning ko‘plab yuqori lavozimli mulozimlari haqida dalil va ma‘lumotlar borligini aytgan. Va sir emas, Rohat Aliyevning o‘zi ko‘p yillar yuqori lavozimlarni, bu Milliy xavfsizlik xizmatidan tortib mamlakatning Avstriyadagi elchisigacha vazifalarni bajargan. Shuning uchun haqiqatdan uning qo‘lida oshkor qilinishi xohlanmaydigan muhim ma‘lumotlar bo‘lishi mumkin.

BBC: Rohat Aliyevni Qozog‘istonda qanday eslashadi?

Dinmuhammad Kalikulov: Rohat Aliyev juda o‘ziga xos shaxs va uni shunchaki esdan chiqarish oson emas deb o‘ylayman. O‘z vaqtida u yuqori lavozimlarni egallagani bois, hammaga taniqli edi. Shuningdek, Qozog‘istondagi yirik mediakompaniyaga egalik qilardi. Shuning uchun uning ismi har doim og‘izda edi. Ayniqsa, janjalli voqea- ikki bankirni o‘ldirilishi bilan uni juda ko‘p muhokama qilishgandi. O‘ylayman, ko‘pchilik u haqidagi yangiliklarni ham kuzatib borishgan. Bunday yangiliklar deyarli har hafta paydo bo‘lar edi. Rohat Aliyev tez tez ommaviy axborot vositalarida qandaydir murojaatlar bilan chiqar, keyin yana qisqa muddatga ko‘zdan yo‘qolar edi.

BBC: Qozog‘iston siyosiy hayotida Rohat Aliyev qanday rol o‘ynagan deyish mumkin?

Dinmuhammad Kalikulov: Aytishimiz mumkinki, uni davlat to‘ntarishiga, hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblashganini inobatga olsak, u siyosiy hayotda hal qiluvchi rollardan birini o‘ynagan. Hokimiyatning yuqori qismlarida uning qo‘lida jiddiy richaglar to‘plangan edi deyish mumkin. Aytib o‘tganimdek, u Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib, u armiyaning maxsus xizmatini nazorat qilgan, ma‘lumotlarga ko‘ra, telefon so‘zlashuvlarini tinglagan va shuning uchun qo‘rqmasdan aytish mumkinki, u albatta asosiy so‘zni aytuvchilar qatorida bo‘lgan.

BBC: Rohat Aliyevning qo‘lga olinishidan Qozog‘iston qanday manfaatdor?

Dinmuhammad Kalikulov: Birinchidan, nihoyat uning hibsga olinishiga sabab bo‘lgan Nurbankning ikki topmenejerining shov-shuvli qotilligi haqidagi haqiqat yuzaga chiqishi mumkin. Ko‘pchilik u haqiqatdan aybdormi yoki yo‘qligini, bankirlarning o‘limiga bog‘liqligini bilishni istaydi. Ma‘lumki, uning o‘zi buni keskin rad qilib keladi. Uning hibsga olinishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ba‘zi foydalanuvchilar fikricha, Rohat Aliyevning puli tugagan bo‘lishi mumkin. Bir paytlar u juda badavlat odam edi. U mediamagnat, shakar zavodi aktsiyalariga ega edi. Lekin unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar orqasidan turli yuridik jarayonlarga, qimmat himoyachilarga katta pullar sarflanishi uni kambag‘al qilib qo‘ygan bo‘lishi taxmin qilinadi. Shuningdek, Ovro‘poda hibsda 72 soatgacha ushlab turilishi hisobga olinsa, ushbu muddatdan keyin Avstriya kuch ishlatar tizimlari uni hibsda qoldirish yoki qo‘yvorish haqida qaror berishlari kerak. Lekin ko‘plar uni Qozog‘istonga qaytib kelishiga ishonmaydi. Chunki u Qozog‘istonni tark etganida ko‘pchilik uning mamlakatdan bemalol chiqib ketishiga yetarli vaqt berishgan, deb ishonadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.