Mintaqa o‘zini ‘Islomiy Davlat’dan himoya eta oladimi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Tahlilchilarga ko‘ra, dunyodagi eng qudratli bu jihodchi guruhning mintaqaga qanchalik kirib bora olishi bundan buyog‘iga Pokiston Qurolli kuchlariga bog‘liq bo‘ladi.

Ularning bu kabi bahosi “Islomiy Davlat” Markaziy Osiyoning shundoq biqinida o‘zining yangi tarmog‘iga asos solgan, mintaqada o‘z qo‘mondonini tayin etgan, ham Pokiston va ham Afg‘oniston rahbariyati, alal-oqibat, guruh mintaqaga jiddiy tahdid ekanini rasman va oshkora e‘tirof etgan bir manzarada yangramoqda.

Chunki aynan Josuslik Xizmati doxil Pokiston harbiylari mintaqadagi eng yirik islomiy jangari guruhlarga katta ta‘sirga ega, deb ishoniladi, ammo bu fikr hamisha pokistonlik mulozimlarning o‘zlari tomonidan rad etib kelinadi.

Mintaqaviy tahlilchilar esa, xuddi shu manzarada, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita qo‘shni Afg‘onistondagi isyonchi guruhlar ham Pokistonning dastagi va ko‘magiga qaram ekanini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Pokiston tomoni bu kabi guruhlardan ikki devor-darmiyon qo‘shnisi bo‘lgan Afg‘oniston yoki Hindistonga qarshi o‘zining mintaqadagi geo-siyosiy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida foydalanib keladi.

Ammo, boshqa tomondan, Pokiston Qurolli kuchlari 2009 yil Svat vodiysi va o‘tgan yildan buyon Shimoliy Vaziristondagi harbiy amaliyotlari misolida o‘zlarining jangarilarga qarshi nimaga qodirliklarini namoyish etishga ham ulgurishgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Svat vodiyda Shariat qonunini o‘rnatishga ulgurgan toliblardan butkul tozalangan bo‘lsa, Pokistonning qo‘shni Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi yarim muxtor Vaziriston mintaqasidagi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tgan yil iyun oyidan buyon davom etib keladi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Pokistonning xuddi shu mintaqasidan esa, yillarki, har ikki davlatda birdek faoliyat yuritishga qodir Tolibon harakati, “al-Qoida”, “Haqqoniy” tarmog‘i va O‘zbekiston Islomiy Harakati, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati liderlari va aksariyat a‘zolari boshpana topib kelishgan.

Bir-birlari bilan yaqin ittifoqchi va yakuniy maqsadlari islomiy davlat qurish bo‘lgan bu guruhlar so‘nggi o‘n yilliklarda mintaqaga asosiy tahdid sifatida ko‘rib kelingan.

Hozirga kelib, ularning orasidan O‘zbekiston Islomiy Harakatiga o‘xshash guruhlar “Islomiy Davlat”ga butkul sadoqatlarini bayon qilib ulgurishgan.

“Al-Qoida” va “Haqqoniy” tarmog‘i istisno, har ikki Tolibon harakati qator yuqori martabali qo‘mondonlari ham o‘z amirul-mo‘mininlari Mulla Muhammad Umardan voz kechib, ular barobarida Yaqin Sharqdagi yangi islomiy xalifat xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirib bo‘lishgan.

Tahlilchilar esa, xuddi shu o‘rinda, so‘nggi oylarda mintaqadagi jangari guruh liderlari yoki a‘zolarini “Islomiy Davlat” saflariga o‘tishga undayotgan asosiy omillardan biri ham aynan Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziriston mintaqasida olib borayotgan harbiy amaliyotlari bo‘layotganini aytishadi.

Jumladan, O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari Mujohid Usmon G‘ozi o‘zlarining “Islomiy Davlat” guruhiga sadoqatlari izhor etilgan bundan bir necha oy avvalgi bayonotida aynan shu amaliyotlar sabab, Vaziriston mintaqasida juda nochor ahvolda qolganliklarini oshkora tan olgandi.

Ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, yangi g‘oyaviy, insoniy va moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj bu jangarilarni hozir “Islomiy Davlat” saflariga chorlayotgan asosiy omilga aylangan.

Dunyoning turli burchaklaridan yollangan a‘zolarining soni hozirgi kunda 30.000 dan ortishi aytiluvchi “Islomiy Davlat” esa, har tomonlama baho berganda ham, bugun dunyodagi eng qudratli jihodchi va jangari guruh sifatida e‘tirof etiladi.

Ustiga ustak, har ikki Tolibon harakati saflaridagi tarqoqlik va yaqin-yaqingacha barcha toliblar bay‘at keltirib kelgan rahbarlari Mulla Muhammad Umar qayerdaligining noma‘lum qolayotgani “Islomiy Davlat”ning mintaqadan yangi jangarilar yollashiga qo‘l kelayotgan boshqa bir muhim omilga aylangan.

“Islomiy Davlat”ning Janubiy Osiyoda aloqalari bormi?

90-yillar oxirlaridan boshlab to hozirgacha mintaqadagi barcha jangari guruhlar Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Umarga sodiq bo‘lishgan.

Shu jumladan, Iroqqa o‘tishidan avval Afg‘onistonda bir necha yil jang qilgan “Islomiy Davlat” guruhining asoschisi Abu Musab az-Zarqaviy ham.

“Islomiy Davlat”ning Abu Musab az-Zarqaviy atrofidagi boshqa liderlari esa, Afg‘oniston va Pokistonda deyarli bo‘lishmagan, shu bois ham ular mintaqada biror bir aloqaga ega emaslar.

Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi “Islomiy Davlat”ni mintaqaga bog‘lovchi yagona vosita, hozircha, so‘nggi yillarda guruh saflarida jang qilish uchun Pokiston va Afg‘onistondan Suriya hamda Iroqqa ketayotgan mahalliy jangarilar bo‘lishi mumkin.

Pokiston Qurolli kuchlari

Фото муаллифлик ҳуқуқи

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Pokiston Qurolli kuchlari joriy paytda soni 600.000 dan ortuvchi muntazam qo‘shinga ega. Ustiga ustak, Pokistonda katta sondagi yarim harbiylar va politsiya kuchlari ham amal qiladi.

Bunda tashqari, Pokistonning Havo va Dengiz kuchlari ham mintaqadagi yiriklaridan biri sanaladi.

Mamlakat Qurolli kuchlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boruvchi Josuslik Xizmatining qudrati esa, Pokistonga qo‘shni mintaqa davlatlari tomonidan alohida e‘tirof etiladi.

Ustiga ustak, aynan harbiy qurilmasi Pokistonda, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, “eng yirik siyosiy partiya” sifatida ko‘riladi, ya‘ni, harbiylar mamlakat siyosatida yakuniy so‘zni aytish darajasida qudratga ega.

Pokiston Qurolli kuchlari mintaqadagi eng yaxshi ta‘minlanganlaridan biri ham hisoblanadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи
Image caption Би-би-сининг Покистондаги мухбири Раҳимуллоҳ Юсуфзай

Jang maydonidagi o‘tgan 11 yillik faoliyatini nazarda tutarkan, Pokistondagi muxbirimiz Rahimulloh Yusufzay mintaqadagi turli jangari guruhlarga qarshi kurashda Pokiston harbiylari yetarli darajada tajribaga ega ekanliklarini ham ta‘kidlaydi. .

“Ular shuncha yildan buyon Pokiston Tolibon harakati, “al-Qoida” tarmog‘i, O‘zbekiston Islomiy Harakati, Sharqiy Turkiston Islomiy harakati va boshqa ko‘plab isyonchi guruhlarga qarshi jang olib borib kelishmoqda. Yutuqlari ham yo‘q emas. Orada Pokiston shimoli-g‘arbidagi ayrim mintaqalarni isyonchilardan tozalashga ham muvaffaq bo‘lishgan”, - deydi muxbirimiz.

Ammo, xuddi shu manzarada shuni ham ta‘kidlash kerakki, orada kechgan vaqt mobaynida Pokistonda faol bo‘lgan biror bir jangari guruh butkul daf etilmagan, ular bilan sulhu madoraga erishish urinishlari ham hozirga qadar samara bermagan.

Muxbirimizga ko‘ra, ehtiyoj tug‘ilsa, Pokiston Qurolli kuchlari “Islomiy Davlat” guruhi jangarilariga qarshi ham xuddi shunday jang olib bora oladi, ammo bu jarayon oson kechmaydi va hatto, bir necha yilga cho‘zilishi ham mumkin bo‘ladi.

Tajriba nima deydi?

Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziriston mintaqasidagi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sakkiz oydan buyon davom etib keladi va aniq qachon nihoya topishi ham, hozircha, ma‘lum emas.

Agar, pokistonlik harbiylar o‘zlarining iddaolariga tayanilsa, orada kechgan vaqt davomida kattagina yutuqlarga erishishgan.

O‘z amaliyotlari jarayonida shu paytgacha Shimoliy Vaziristonda xorijiylari doxil ikki mingdan ziyod jangarini o‘ldirishgan. Yuzlab isyonchilarni hibsga olishgan.

Pokistonlik mas‘ullar, shuning barobarida, isyonchilarning ta‘minot yo‘llari, bomba yasayotgan sathlari, tayyorgarlik jamloqlari va Shimoliy Vaziristondagi asosiy istehkomlari vayron etilganini ham iddao etishadi.

Ammo, Pokistondagi muxbirimiz Rahimulloh Yusufzayning aytishicha, orada kechgan vaqt mobaynida harbiylar o‘z da‘volarini isbotlashi mumkin bo‘lgan ishonchli dalillarni ommaviy-axborot vositalariga taqdim etishmagan.

Na-da o‘ldirilgan jangarilarining shaxslariga oid ma‘lumotlar, na-da ularning jasadlari va na-da taslim bo‘lgani aytilayotgan isyonchilarning o‘zlarini ommaga ko‘rsatishgan.

“Pokiston Qurolli kuchlari, bundan tashqari, Shimoliy Vaziriston mintaqasining 90 foizini jangarilardan tozalashganini aytishadi. Ammo ular so‘z yuritayotgan hudud faqat tekislikdan iborat. Demoqchi bo‘lganim, jangarilar mintaqaning tog‘li va qalin o‘rmonzorlardan iborat qolgan 10 foizidan boshpana topishgan, shu bois ham, ularni mavh etish oson bo‘lmaydi. Bu keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar yana qanchaga cho‘zilishini ham hech kim aytolmaydi”, - deydi u .

Muxbirimizning aytishicha, Shimoliy Vaziristondagisi bilan barobarida Pokistonning qavmlar yashovchi yana qator mintaqalarida ham janglar borayotgani bois, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarning to‘liq xavfsizligini ta‘minlash yillarga cho‘zilishi mumkin.

“Islomiy Davlat” qo‘shilsa-chi?...

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Tahlilchilarga ko‘ra, shunda ham, mintaqadagi bugungi vaziyat nazarda tutilsa, “Islomiy Davlat” Pokiston Qurolli kuchlarini shoshirib qo‘yish darajasida katta xatarga aylanolmaydi.

Ular ayni o‘rinda orada kechgan vaqt davomida Pokiston Qurolli kuchlari va Amerika harbiylarining dron hujumlari sabab, Tolibon harakati, “al-Qoida” tarmog‘i va mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar ham askariy va ham hududiy jihatdan allaqachon kattagina yo‘qotishlarga uchrashganiga diqqat qaratishadi.

Boshqa tomondan, tahlilchilarning aytishlaricha, Pokiston va Afg‘onistonda yollashga ulgurgan yangi jangarilarining sobiq toliblar ekani bois, “Islomiy Davlat” yaqinda mintaqada asos solgan “Xuroson Islomiy Davlati” tarmog‘ining bugungi chehrasi va kuch-qudrati ham mamlakat harbiylariga yaxshi ma‘lum.

Ammo, shunda ham, ularga ko‘ra, “Xuroson Islomiy Davlati” tarmog‘ining Pokistonda tashkil topgani, birlamchi lideri va aksariyat yangi a‘zolarining Pokiston Tolibon harakati a‘zolar ekani sabab, “Islomiy Davlat” qo‘shni Afg‘onistondan ko‘ra, Pokistonga kattaroq xavf tug‘diradi.

Ya‘ni, Pokiston Qurolli kuchlari yetarli sonda qo‘shin, qurol-yarog‘ va ta‘minotga ega esalar-da, jangarilar olib borajak jang uslubi ularga pand berishi mumkin bo‘ladi.

So‘nggi yillarda mintaqada faol bo‘lgan barcha jangari guruhlar esa, partizancha jang olib borish yo‘liga o‘tishgan, xudkush hujumchilar va uzoqdan turib boshqariluvchi portlovchi uskunalarga ko‘proq ro‘ju qo‘yishgan.

Harbiy ekspertlarga ko‘ra, xuddi shu bois ham, bu kabi jangari guruhlarni butkul mavh etish oson ish emas. Ularga qarshi janglar uzoq davom etadi va katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

Ustiga ustak, ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida mintaqada o‘zining yangi tarmog‘iga asos solishi “Islomiy Davlat”ning Janubiy Osiyoda ham kengayish niyatida jiddiy ekaniga ishora qiladi.

Boshqa tomondan, bu - ham Pokiston va ham Afg‘onistonda Yaqin Sharqdagi bu guruhning ta‘siri bundan buyog‘iga oshib borishiga ham dalolat qiladi, deyishadi ular.

“Islomiy Davlat”ga mintaqadagi boshqa jangarilar qanday munosabatda?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

“Al-Qoida” tarmog‘i so‘nggi o‘n yilliklarda mintaqadagi ikkita qudratli jangari guruhdan bittasi bo‘lib kelgan.

Tarmoq aynan “Islomiy Davlat” guruhining nomini tilga olib, shu paytgacha na-da yoqlovchi va na-da qoralovchi biror bir bayonot bilan chiqqan.

Ammo orada “al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavohiriy Suriya va Iroqda jang qilayotgan barcha isyonchi guruhlarni birlashishga da‘vat etgani ham bor gap.

2014 yilning iyun oyida, ya‘ni “Islomiy Davlat” guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘zini yangi xalif, deb e‘lon qilishidan ikki oy o‘tib, Janubiy Osiyoda yangi tarmog‘iga asos solganini e‘lon qilgan.

Oradan bor-yo‘g‘i bir necha hafta o‘tib, Hindistondagi yangi bo‘limi orqali Pokistonning Karachi shahrida yirik hujum uyushtirishning ham uddasidan chiqqan.

Ko‘pchilikning ishonishicha, “al-Qoida” bu ishni “Islomiy Davlat”ning yangi jangarilar yollash va Yaqin Sharqdagi boyvachcha homiylari vositasida mintaqada o‘z ta‘sirini kuchaytirishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qilgan.

Ammo, xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Suriya va Iroqda erishgan jiddiy yutuqlari yangi homiylar va ko‘ngillilar masalasida “al-Qoida”ni bir chetga surib, ustunlikni allaqachon “Islomiy Davlat” guruhiga bergan.

Ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, Pokiston Tolibon harakati rahbari Mulla Fazlulloh ham shafqatsizlik bobida “Islomiy Davlat”dan qolishmasligini ko‘rsatish va bu borada guruhning mintaqadagi yangi tarmog‘idan avval dong chiqarish uchun Peshovardagi qonli hujumga qo‘l urgan.

Lekin, tahlilchilarning qat‘iy-ishonch bilan aytishlaricha, shunda ham, “Islomiy Davlat” alal-oqibat Pokistonning muayyan bir qismini bosib olish yoki ma‘lum bir hududida o‘zining boshqaruvini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lmaydi.

Ham har ikki Tolibon harakati va ham “al-Qoida” tarmog‘ini nazarda tutgan tahlilchilarga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ga mintaqada birinchi yirik sunniy-salafiy guruhi bo‘lmasligi pand beradi.

Boshqa tarafdan, ularga ko‘ra, so‘nggi yillarda butun Pokiston bo‘ylab zo‘ravonliklar ko‘lamining ancha kamaygani ham dunyodagi eng qudratli bu jangari guruh ziddiga xizmat qiladi.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, 2009-2010 yillar bilan taqqoslanganda, hozirga kelib, Pokiston bo‘ylab isyonchilarning hujumlari uchdan biriga qisqargan.

Aksariyat mintaqaviy tahlilchilarning ishonishlaricha ham , toki Pokiston Qurolli kuchlari imkon bermas ekan, “Islomiy Davlat” Janubiy Osiyoda uzoqqa borolmaydi.

Jumladan, pokistonlik harbiy ekspert Xadim Husaynga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ning mintaqadagi muvaffaqiyati Pokiston va Afg‘oniston hukumatlarining isyonchilarga qarshi joriy siyosati va strategiyasining qanchalik ish berishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

“Agar, bu ikki davlat hukumatlari jangarilik va ekstremizmni yo‘q etishga muvaffaq bo‘lishmasa, bu – “Islomiy Davlat”ning mintaqaga yanada faolroq kirib kelishi, yangidan yangi jangarilar yollashi va o‘z tarmoqlarini barpo etishiga yo‘l ochishi mumkin. Chunki Afg‘oniston va Pokistonda allaqachon “Islomiy Davlat”ni har tomonlama qo‘llashi, ularga ko‘mak berishi mumkin bo‘lgan tarmoqlar mavjud”, - deydi ekspert.

Tahlilchilar, xuddi shu o‘rinda, o‘tmish tajribasidan kelib chiqib, “Islomiy Davlat”ning faollashishga bo‘lgan intilishlari manzarasida mintaqada jangari guruhlarning yangi global ittifoqlari paydo bo‘lishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmaydi.

Boshqa tomondan, ularga ko‘ra, hozircha, Pokiston va Afg‘onistonning o‘ziga ko‘z tikish bilanoq “Islomiy Davlat” avvaliga o‘zi bir bo‘limi sifatida paydo bo‘lib, so‘nggi yillarda ashaddiy raqibiga aylangan “al-Qoida” tarmog‘iga o‘ziga xos bir da‘vat bilan ham chiqqan. Hamda, o‘z navbatida, mintaqadagi mavjud jangari guruhlar o‘rtasida qudrat talashishga bo‘lgan intilish ehtimolini-da paydo qilgan.

Pokiston mas‘ullari nima deydi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yaqin Sharqdagi “Islomiy Davlat” guruhi Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solganiga oid audiobildirishi bilan o‘tgan oy oxirida chiqqandi.

Pokiston hukumati va harbiylarining bunga munosabatlari esa, oradan bir oycha o‘tib, ya‘ni faqat shu kunlarda ma‘lum bo‘ldi.

Ammo, e‘tiborli jihati shundaki, “Islomiy Davlat” xavfiga baho berishda ularning fikrlari bir-biridan tamom farqli ekaniga guvoh bo‘lish mumkin.

Ya‘ni, ham Pokiston Ichki ishlar va ham Mudofaa vazirlari “Islomiy Davlat”ni o‘z mamlakatlariga jiddiy tahdid sifatida ko‘rmasliklarini bayon qilib turgan bir manzarada, Tashqi ishlar vazirligi shu hafta dushanba kuni Yaqin Sharqdagi bu guruh tahdididan jiddiy ogohlantirib chiqdi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ayzaz Ahmad Chaudri parlamentning maxsus yig‘inida, “Hukumati “Islomiy Davlat” mintaqaga solayotgan tahdiddan ogoh”, - ekanini bayon qildi.

Janob Chaudri, o‘z o‘rnida, hukumati barcha mas‘ul mulozimlarga mamlakatdagi biror bir shaxs yoki tashkilotning “Islomiy Davlat” bilan aloqada bo‘lmasliklarini ta‘minlashga ham buyruq berganligini ma‘lum qildi.

Koalitsion parlament hay‘ati esa, aynan “Islomiy Davlat” Pokistonga qanday tahdid solishi mumkinligi masalasini muhokama qilish uchun yig‘ilgan bo‘lgan.

Mamlakatda ingliz tilida chop etiluvchi yirik “The Express Tribune” nashriing xabar berishicha, shunda ham, Pokiston Tashqi ishlar vaziri mamlakatining “Islomiy Davlat”ga qarshi xalqaro harbiy ittifoqqa qo‘shilish niyati yo‘qligini bildirishni ham unutmagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Bundan avval “Islomiy Davlat” nomi va ramzlari Pokistonning Laxor, Kvetta va Karachi kabi yirik shaharlari binolari devorlariga chizib ketilgan, Peshovarda esa, tarafdorlari guruhni qo‘llovchi varaqalar tarqatishgacha borishgandi.

Ammo pokistonlik mulozimlar shu paytgacha “Islomiy Davlat”ning oyog‘i o‘z mamlakatlariga yetganiga oid xabarlarni rad etib kelishayotgandi.

Xavfsizlik va josuslik manbalarining ishonishlaricha, hozircha, Yaqin Sharqdagi “Islomiy Davlat” guruhi Janubiy Osiyodagi amaliyotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi muvofiqlashtirishga ulgurganicha yo‘q.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, agar Pokiston hukumati Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh qavmlar yashovchi mintaqalarini to‘liq o‘z nazorati ostiga olishga muvaffaq bo‘lsa, “Islomiy Davlat” bo‘ladimi yoki boshqa har qanday jangari guruh, mintaqada xavfsiz boshpana topishi mumkin bo‘lgan biror bir joy qolmaydi.

Ularga ko‘ra, xuddi shu bois ham, Pokiston harbiylari xuddi shu masalaga birlamchi ahamiyat qaratishlari shart bo‘ladi.

Pokistondagi yangi tarmoq

Фото муаллифлик ҳуқуқи

Guruh shu yil boshida Pokistonda asos solib, qo‘shni Afg‘onistonda ham faoliyat yuritishini ko‘zda tutgan yangi tarmoq esa, “Xuroson Islomiy Davlati”, deb nomlanadi.

“Islomiy Davlat” joriy paytda o‘z islomiy xalifatiga asos solgan dunyodagi yagona jihodchi jangari guruh bo‘ladi.

Joriy paytda esa, guruhning Yaqin Sharq chegaralaridan tashqarida ham faollashishga urinayotgani kuzatiladi.

Ular yaqinda Pokistonning o‘zi, shuningdek, Liviya va Misrda uyushtirilgan hamda “Islomiy Davlat”ga bay‘at keltirgan mahalliy jangari guruhlar mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olgan qator qonli hujumlarni bunga misol qilib keltirishadi.

Yaqin Sharqda erishgan muvaffaqiyatlari bois, Janubiy Osiyodagi boshqa jangari guruhlar orasida ham “Islomiy Davlat”ga moyillik kuchayib borayotgani, Indoneziya, Bangladesh va Hindiston kabi qator mintaqa davlatlari fuqarolarining o‘z yo‘llarini Suriya va Iroqqa solishayotganiga oid xabarlar bor.

Yillarki, oralaridagi aloqalar tangligicha qolayotgan Pokistonning yon qo‘shnisi Hindiston esa, xuddi shu manzarada o‘z hududida “Islomiy Davlat” guruhining faoliyatini rasman taqiqlagan birinchi Janubiy Osiyo davlati bo‘ladi.

Agar, mahalliy mas‘ullar keltirayotgan ma‘lumotlar va sobiq Tolibon qo‘mondonlari o‘zlarining videoiqrorlariga ishonilsa, “Islomiy Davlat” o‘tgan bir necha oyning o‘zida Pokiston va Afg‘onistonda yuzlab yangi jangarilar yollashga muvaffaq bo‘lgan.

Agar, yaqinda e‘lon qilingan rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, shu kunlarda 2.000 dan 4.000 tagacha markaziy osiyolik ham “Islomiy Davlat” saflarida jang qilmoqda.

O‘zbekiston tomoni esa, orada guruhning shu yil bahor oylarida o‘z hududida turli xurujlar uyushtirish rejasida ekanidan xabar topganini ham bayon qilgandi.

“Islomiy Davlat”ning mintaqadagi lideri kim?

Фото муаллифлик ҳуқуқи

40 yoshlar atrofidagi Hafiz Sayid Xon o‘tgan besh yil davomida Pokiston Tolibon harakatining qavmlar yashovchi va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Orakzay mintaqasidagi qo‘mondoni bo‘lgan.

Agar, o‘zi e‘lon qilgan xabarga tayanilsa, o‘tgan yil oktyabr oyida Yaqin Sharqdagi “Islomiy Davlat” guruhi safiga o‘tgan.

Dunyodagi eng qudratli va jangari bu guruhga sadoqatini izhor etgan paytda Orakzaydagi qudratidan ayrilib, quvg‘inda bo‘lgani va Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy mintaqalaridan boshpana izlab yurgani aytiladi.

Hafiz Sayid Xon diniy sabog‘ini Orakzay mintaqasining Mamozay hududi va qo‘shni Xayber-Paxtunxva viloyatidagi masjidlarda chiqargan.

2001 yil sentyabr oyidagi hujumlar ortidan, Afg‘onistonda G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlariga qarshi jang qilgan va o‘sha paytda qudratda bo‘lgan Pokiston Tolibon harakati rahbari Baytulloh Mehsudning nazariga tushgan.

Ammo Baytulloh Mehsud amerikaliklarning dron hujumida halok etilib, uning o‘rniga Hakimulloh Mehsud tayin etilgan 2009 yilning avgust oyida harakatning Orakzay mintaqasidagi qo‘mondoni etib tayinlangan.

Lekin, shunga qaramay, Hakimulloh Mehsud va uning o‘limi ortidan, 2013 yilda iqtidorga kelgan Mulla Fazlulloh bilan ham chiqishmagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Hafiz Sayid Xonning Tolibon saflarini tark etib, “Islomiy Davlat” tomoniga o‘tishiga ham xuddi shu narsa turtki bergan bo‘lishi mumkin.

Ammo orada “Islomiy Davlat” guruhining Afg‘onistondagi ilk lideri, jangari yollovchisi va mintaqadagi yangi tarmog‘i rahbarining muovini Mulla Abdul Rauf amerikaliklarning dron hujumida o‘ldirilgan.

Shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, oradan ikki oycha o‘tib ham, “Xuroson Islomiy Davlati” ikkita lideridan bittasi bo‘lgan Mulla Abdul Raufning o‘limi yuzasidan biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha esa, hatto, bu kabi yo‘qotish ham “Islomiy Davlat” guruhining mintaqada faollashish niyatlariga to‘sqinlik qila olmaydi.

Kuni-kecha Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani aynan Pokiston Qurolli kuchlarining Vaziriston mintaqasida olib borayotgan harbiy amaliyotlari sabab, vujudga kelayotgan vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib chiqqan, ayni shu janglar sabab, bugun Pokiston qolib, o‘z mamlakati mintaqadagi jangari guruhlar uchun tortishish markaziga aylanganini bayon qilgandi.

Afg‘on rahbarining xalqaro hamjamiyatga qaratilgan bu kabi so‘zlari xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan yirik Myunxen anjumanida yangragan, xuddi shu chiqishida prezident G‘ani Yaqin Sharqdagi “Islomiy Davlat” guruhi joriy paytda Afg‘onistonda uyushish, mo‘ljal olish, qaror berish va hujum qilish darajasida faollashishga muvaffaq bo‘layotganiga alohida e‘tibor tortgandi.

Ashraf G‘anining ogohlantirishicha, agar, xalqaro hamjamiyat mavjud vaziyatni nazardan qochirsa, buning oqibatlari yaxshi bo‘lmaydi.

Afg‘oniston prezidentiga ko‘ra, uning mamlakati "Islomiy Davlat" doxil global terrorchi tarmoqlarning uchrashuv nuqtasi bo‘lib qolmoqda va bu guruhga qarshi xalqaro miqyosda keskin choralar ko‘rilmog‘i lozim.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Бу мавзуда батафсилроқ