Tolibon: Rossiya bilan muzokara qilganimiz yo'q

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Афғонистоннинг Нангархор вилоятида ИШИД радиоси фаолияти ишга туширилган.

Afg'onistondagi Tolibon harakati o'zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhga qarshi kurashda hamkorlik qilish maqsadida Rossiya hukumati bilan muzokara o'tkazgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Bu Rossiya rasmiylarining Tolibon bilan manfaatlarimiz bir degan bayonotiga javoban e'lon qilingan.

23 dekabr kuni Rossiya Prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning ana shunday bayonoti e'lon qilingan, unda janob Kabulov IShIDga qarshi kurashda Tolibon bilan manfaatimiz bir, deb chiqqan edi.

“Bu masalada toliblarning qiziqishlari shundoq ham bizniki bilan mos keladi. Axborot almashish uchun toliblar bilan lozim kanallarga ega ekanimiz haqida bundan avval ham aytganman”, - degan janob Kabulov.

Tolibon bayonoti harakatning ingliz tilidagi veb-saytida e'lon qilingan.

Bu bayonotda aytilishicha, "o'zini DAISh deb ataganlar munosabati bilan kimdan bo'lishidan qat'i nazar, ko'mak olishga ehtiyojlari yo'q.

"Hech kim bilan muloqotga kirishganimiz yo'q va bu masala bo'yicha hech kim bilan muzokara o'tkazganimiz yo'q", deyilgan Tolibon bayonotida.

ID, IShID yoki Afg'onistonda DOISh deb atalayotgan guruh Iroq va Suriyada katta hududlarni o'z nazoratiga kiritgan.

Afg'oniston sharqida esa bir guruh jangarilar IShIDga sodiqlikka bay'at e'lon qildilar.

Ularning aksari Tolibon rahbariyatidan hafsalasi pir bo'lgani haqida bayonot e'lon qilgan sobiq O'zbekiston Islomiy harakati jangarilari edilar.

O'IH jangarilari IShID rahbari Bag'dodiyga sodiqlikka qasamyod qilib, o'z guruhlarining nomini "Islomiy Davlat"ning Xuroson viloyati bo'limi deb e'lon qildilar.

Tolibon rahbari Mullo Umar o'limi e'lon qilinganidan keyin Mullo Axtar Mansurga sodiqligini e'lon qilgan Tolibon jangarilari esa o'zbek IShIDchi jangarilarga qarshi chiqdilar.

IShIDga sodiq jangarilar bilan Tolibon o'rtasida qaqshatqich janglar bo'lib o'tdi.

Noyabr oyida Tolibon Afg'onistonning Zobul viloyatidagi janglarda IShID tor-mor etilgani haqida, shuningdek, O'zbekiston Islomiy harakatining sobiq rahbari Usmon G'oziy o'ldirilgani haqida xabarlar tarqatdi.

Bungacha AQShning Afg'onistondagi qo'shinlari qo'mondonlaridan biri Amerika kongressi qarshisidagi hisobotida IShIDga sodiqlikka qasamyod qilgan Afg'onistondagi jangarilarning soni 3000 gachani tashkil etishi mumkinligi haqida aytgan edi.

Tolibon esa Afg'onistondagi ID kuchlari "bizga xavf soladigan darajada kuchli emas", deb aytgan.

Bu haqda Tolibon vakili "Al-Jazira" telekanaliga intervyusida aytgan.

O'n kuncha oldin Nangarxor viloyatida IShID radiosi faoliyati ishga tushirilgan.

Viloyatning ayrim tumanlarida bu radioni tinglash mumkin.

"Ayrimlar Afg'onistonda DAISh nomini noto'g'ri ishlatishadi... biz bu loyihani asosan yo'q qildik. DAIShning Afg'onistondagi hozirligi faqat sharqiy Nangarxor viloyati bilan cheklanadi", deya e'lon qilgan Tolibon o'zining so'nggi bayonotida.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ