O‘zbekiston bahsli hududga harbiy texnika kiritgan

Qirgiziston Chegara xizmati xabariga ko‘ra, 18 mart kuni ertalab o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Jalolobod viloyati Ola Buqa tumanining bahsli Mo‘g‘ul hududiga O‘zbekiston ikki BTR va zirhli Kamaz mashinasini olib kirgan.

Qirg‘iziston rasmiylarining bildirishicha, u yerda 35-40 chog‘li o‘zbek harbiylari ham bor.

Mo‘g‘ul bahsli hududida soat 8.50 da ikki mamlakat chegara xizmatlari vakillari muzokaralarni boshlaganlar.

18 mart kuni O‘zbekiston Qirg‘iz chegarasidagi "Madaniyat"nazorat postini bir tomonlama yopgan.

Qirg‘iziston ushbu hududga O‘zbekiston o‘z harbiylarini olib kirishi qonunga zid deb aytmoqda.

O‘zbekiston O‘sh va Andijon chegarasidagi "Do‘stlik" nazorat bekatida Qirg‘iziston fuqarolarining o‘tishiga cheklov kiritgan, transport harakati ham cheklangan.

Aytilishicha, O‘zbekiston hududidan yo‘lovchilar Qirg‘izistonga o‘tkazilmoqda, lekin O‘zbekistonga kiritilmayapti.

O‘zbekiston fuqarolarining kirib-chiqishiga cheklov qo‘yilmagan.

Uchinchi davlat fuqarolari uchun tartib ham odatiy rejimda ishlamoqda.

Ayni paytda, Qirg‘iziston ham Baymaq, Ken-Say, Kadamjoy nazorat o‘tkazish maskanlarida O‘zbekistonga mashina va yo‘lovchilarning o‘tishini to‘xtatgan.

Hodisa yuzasidan O‘zbekiston tomoni hozircha rasman izoh bergani yo‘q.

Bundan oldin ham ko‘p marotaba ikki mamlakat o‘rtasida chegara postlari yopilgan. Bahsli hududlarda yashovchi aholi transport, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan edi.

O‘zbekiston 21 mart kuni Navro‘z bayrami arafasida mamlakat ichida ham xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Poytaxtda kechki payt ko‘chada yurgan fuqarolarning pasportlari militsiya tomonidan tekshirila boshlangan.

Qirg‘iziston bilan chegaradagi hodisa shu sana munosabati bilan bo‘lishi ham mumkinligi taxmin qilinadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.com ga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.net ga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ