Nazarboyev oʻzbek maqolidan oʻrnak olishga chaqirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Назарбоев Қозоғистоннинг даромадлари кескин камайиб кетганини айтган

Prezident Nazarboyev qozogʻistonliklarni oʻzbeklarning "bekor oʻtirguncha, bekor ishla" degan maqolidan oʻrnak olishga chaqirdi.

2016 yilning birinchi yarmi yakunlariga bagʻishlangan hukumat yigʻinida gapirgan janob Nazarboyev "dangasa qozoqlar haqidagi latifalardan qutulish vaqti kelgani"ni aytgan.

"Men har bir qozogʻistonlik ertangi kuniga ishonishini istayman... Ammo davlatning hammaga begʻaraz pul tarqatishga qurbi yetmaydi. Oʻzbeklarda bir maqol bor: "bekor oʻtirguncha, bekor ishla". Biz shunga oʻrganishimiz kerak. Biz dangasa qozoqlar haqidagi latifalardan qutulishimiz kerak", deb aytgan davlat rahbari juma kungi hukumat yigʻilishida.

U qozogʻistonliklarni inqiroz davrida hukumatni toʻgʻri tushunish va koʻp narsa talab qilmaslikka chaqirgan.

Janob Nazarboyev jahon bozorida Qozogʻiston eksport qiladigan xomashyo narxlari keskin tushib ketganini aytgan.

"Bizga daromad keltirayotgan asosiy eksport mahsulotlari- alyuminiy, mis, poʻlat narxlari 30-40 foizga tushib ketdi. Bizning daromadlarimiz ham shunchaga kamaydi. Asosiy savdo sheriklarimiz boʻlgan Rossiya va Xitoy bilan savdo aylanmasi 47 milliard dollardan 26 milliardga tushib ketdi", - deb aytgan davlat rahbari.

Nazarboyevning soʻzlariga koʻra, "odamlar koʻproq ber, deyishdan oldin qayerdan olish kerakligi haqida oʻylab koʻrishlari kerak".

Bu Qozogʻiston prezidentining mamlakat aholisini "belni mahkam bogʻlashga" birinchi chaqirigʻi emas.

Jahonda neft narxlarining tushib ketishi Qozogʻiston hukumatini iqtisodiy siyosati va davlat byudjetini qayta koʻrib chiqishga majbur qilgan.

Tanganing qadrsizlanishi manzarasida turmush darajasi pasayib ketgan qozogʻistonliklarning norozilik chiqishlari kuzatilgan.

Juma kungi chiqishida janob Nazarboyev toʻgʻri ijtimoiy siyosat mamlakatda barqarorlikni saqlashga xizmat qilishini taʼkidlagan.

  • Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.