"Oʻzbekiston Afgʻonistonga qarashini oʻzgartirmoqda"

Komilov Фото муаллифлик ҳуқуқи official

"Oʻzbekistonda rahbariyat oʻzgarishi ortidan, yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda anchayin faol va amaliy mintaqaviy siyosat olib bormoqda".

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yaxshilash barobarida, "Oʻzbekiston hukumati yana bir muhim qoʻshnisi - Afgʻonistonga nisbatan ham mavqeini jiddiy oʻzgartirmoqda".

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

AQSh dagi "Jamestown Foundation" tadqiqot markazi tomonidan yaqinda chop etilgan tahliliy maqola xuddi shunday jumlalar bilan boshlanadi.

Shundan soʻng, oʻzaro aloqalardagi yangi davrning debochasi sifatida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining Kobulga yanvar oyidagi safari tilga olinadi.

Buning ortidan, Abdulaziz Komilovning hukumati ortiq Afgʻonistonga faqat xavfsizlik tahdidi prizmasidan qaramasligiga oid soʻzlariga eʼtibor qaratiladi.

Uning, "Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan oʻzaro aloqalarini chegaraosha savdoni kuchaytirish, insonparvarlik va madaniy sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli turli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish asosida qayta shakllantirish istagida" ekaniga oid gaplariga diqqat qilinadi.

Bu - oʻtgan 20 yil deganda oʻzbekistonlik ilk yuqori martabali hukumat mulozimining Afgʻonistonga tashrifi boʻlgandi.

Maqolada yozilishicha, prezident maxsus vakilining tayin etilishi ham Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan oʻzaro aloqalarini yangi bir darajaga olib chiqish istagida ekaniga dalolat qiladi.

Toshkentning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni qaror toptirishga qaratilgan xalqaro jarayonlarda ham yanada faol ishtirok etish niyatini koʻrsatadi.

Rasmiy aloqalarning mamlakat prezidentlari darajasida faollashishi - oʻzaro munosabatlardagi muhim oʻzgarish ekani taʼkidlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro yigʻinlar doxil, har bir imkoniyatdan foydalanib, afgʻonistonlik hamkasbi bilan bevosita shaxsiy muloqot oʻrnatayotgani alohida tilga olinadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning shu yil oxiriga qadar Afgʻoniston bilan oʻzaro tovar aylanmasi koʻlamini $500 million AQSh dollaridan kamida $1 milliard AQSh dollariga yetkazish istagiga ham toʻxtalinadi.

Shu yil boshida Afgʻoniston poytaxti Kobulda Oʻzbekiston Savdo Uyi ochilgani ham maqola mualliflari qalamidan chetda qolmaydi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonning temiryoʻl orqali bogʻlangan yagona qoʻshnisi ekaniga ham diqqat qaratiladi.

Ammo maqola nihoyasida Oʻzbekistonning bu dadil qadamlari Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga toʻgʻri kelayotgani ham eʼtirof etiladi.

Afgʻonistonning qayta boshdan AQSh va Rossiya oʻrtasidagi geo-siyosiy raqobat maydoniga aylanib borayotgani ham xavotirli voqeʼlik sifatida tilga olinadi.

Maqolada "Usa Today"ga tayanib, rasmiy Toshkent Amerika hukumatining Afgʻonistonga qoʻshimcha askar va harbiy jihoz yuborish qarorini xush qarshilashi ham aytiladi.

Yozilishicha, Oʻzbekiston nazdida bu - alal-oqibat afgʻon hukumatiga kuchayib borayotgan isyonchilik muammosiga barham berishga koʻmak qiladi.

Ammo, xuddi shu oʻrinda, mualliflar oʻzlari tomonidan bu yaqin yillar ichida ham Afgʻonistonda rostmana tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi ehtimoldan yiroq ekani eʼtirof etiladi.

Xulosa qilinishicha, Oʻzbekiston tomoni istaklarining ijrosi ham uning "Kelasi oylar ichida xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat izdan chiqib ketgan taqdirda ham, Afgʻonistonni tahdid emas, bir imkoniyat sifatida koʻra olishga qodir boʻlishi-boʻlmasligiga bogʻliq boʻladi".

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02