Afrikaning 'tomi'ni zabt etgan ilk o‘zbekistonlik Hilola Shukurovaga savol bering

Image caption Hilola Shukurova Kilimanjaro cho‘qqisini zabt etgan ilk o‘zbekistonlikdir

Necha yildirki, kasbim taqazosi bilan kimsan falonchi Kilimanjaro cho‘qqisini zabt etibdi, kimsan fistonchi unga o‘z davlati bayrog‘ini tikibdi, degan xabarlarga ko‘zim tushmay qolmasdi.

To‘g‘risini ayta qolay, hali u, hali bu degan shuuuncha xabarning ichidan aynan shu mazmundagisi doimo alohida diqqatimni tortib kelgani ham rost gap.

Ammo bu yaqin-o‘rtada ilk o‘zbekistonlik Kilimanjaroni zabt etibdi, degan xabarni kutganmidingiz, deydigan bo‘lsangiz, ko‘pchilik qatori men ham yo‘q, deb javob bergan bo‘lardim.

Ruknimizning bu galgi mehmoni esa, kuni-kecha ana shunday sharafga noyil bo‘lib, nomi tarixda qolgan o‘zbekistonlik 31 yoshli Hilola Shukurovadir.

Afrikaning Tanzaniyasida, dengiz sathidan 5.895 metr balandlikda joylashgan Kilimanjaro dunyoning eng baland tog‘laridan biri sanaladi.

Everest, Elьbrus tog‘lari kabi jahonda uni zabt eta olmay, armonda yurganlarning soni ozmuncha bo‘lmagan Kilimanjaro Afrikaning tomi, deb ham ataladi.

Hilola yaqinda ana shu qo‘l yetmas tog‘ning eng yuksak Uxuru cho‘qqisini zabt etib, unga O‘zbekiston bayrog‘ini tikishning uddasidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

"Cho‘qqining tepasida turib, O‘zbekiston bayrog‘i bilan suratga tushishning qanchalar yoqimli bo‘lganini ayting. Buni so‘z bilan ta‘riflab bo‘lmaydi. Ko‘zingizdan tirqirib yosh otiladi, shunday cho‘qqini zabt etganingizni hali tuzuk-quruq anglab ham yetmagansiz, charchoqning zo‘ridan zo‘rg‘a oyoqda turibsiz, ammo o‘z maqsadingizga yetganingizdan quvonchingizning cheki yo‘q va Kilimanjaroni zabt etishda o‘zbekistonliklarning ham boshqalardan qolishmasligidan g‘urur tuyasiz..." deydi Hilola.

Uxuru cho‘qqisi tepasida unga chiqishga muvaffaq bo‘lganlarni tabriklovchi so‘zlar va cho‘qqining uzunligi haqida ma‘lumot bitilgan ko‘hna taxta bitik bor. An‘anaga muvofiq, Kilimanjaroni zabt etishga muvaffaq bo‘lgan baxtli insonlar ana shu yog‘och bitik ostida suratga tushishadi, derkan, Hilola ushbu suratini sizu bizga taqdim etadi:

Hilola Shukurova 1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Asl kasbi iqtisodchi.

Moskvaning G.V.Plexanov nomidagi Iqtisodiyot Akademiyasini tugatgan. Kopengagen Biznes Maktabi va Ovro‘po Biznes Maktablari Uyushmasi(CEMS)ning magistranti.

Muayyan muddat mikrokredit muammolari bilan shug‘ullangan.

Buning ortidan bir necha yil davomida Daniyaning farmatsevtika sanoatiga asoslangan konsalting shirkatida faoliyat olib borgan.

Hozir ham Daniyada, xalqaro farmatsevtika shirkatida o‘z karьerasini davom ettirmoqda.

Kitob o‘qish, sayohat qilish va sport (chopish, suzish, skvosh, yoga, taekvon-do...) joni-dili ekanini aytadi.

"Insonlar aksariyat hollarda o‘z davlatlari "boyliklari"ning qadriga yetishmaydi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadim shaharlari qanchalar noyob va tarixiy ekani bobida Afina, Rim yoki Misrdan zarracha qolishmaydi. Xuddi shuning uchun ham, men har yili O‘zbekistonning turli burchaklariga sayohat qilishni odat qilganman. Har safarim ortidan o‘z yurtingda turib, qancha ko‘p narsani o‘rganishing mumkinligini anglab yetaman," deydi Hilola.

O‘ziyam naq Kilimanjaroni zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik Hilola shukurovga savollaringizni bbcuzbek.com ga yo‘llang.

Bizning elektron manzilimiz : uzbek@bbc.co.uk ga maktub jo‘natishingiz yo-da sahifaning o‘ng tomonidagi maxsus forma orqali savollaringizni yuborishingiz mumkin.

Biz sizning savollaringizni kutib qolamiz!

Hilola bilan suhbatimizni shanba kuni "Daraklar" dasturimizda tinglab, veb sahifamiz orqali tanisha olasiz.

Savollaringiz uchun avvaldan o‘z minnatdorchiligimizni izhor etib qolamiz.