Bi-bi-si mehmoni Yusuf Juma savollaringizga javob beradi

Image caption 2007 yil Prezident Islom Karimov iste‘fosi talabi bilan o‘tkazgan namoyishlardan so‘ng Yusuf Juma o‘g‘li bilan birga hibsga olingan edilar

O‘zbekistonlik taniqli dissident shoir Yusuf Juma 1958 yil 19 yanvarda Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Maksim Gorьkiy kolxozida tug‘ilgan.

1973 yilda o‘rta maktabni bitirganidan so‘ng, Yusuf Juma Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil oladi.

Yusuf Juma o‘tgan asrning 80-yillarida she‘riyatga kirib keladi. Shoirning "Haqiqatning oltin olmasi" (1983), "Yurakdagi xanjar" (1984) nomli she‘riy to‘plamlari chop etilgan.

"Birlik" xalq harakati faollaridan bo‘lgan Yusuf Juma 2001 yilda qator she‘rlari uchun Buxoro viloyati Milliy Xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblanib, u olti oyga qamalgan. Yusuf Juma xalqaro bosimlar tufayli ozodlikka chiqarilgan.

2005 yil 13 may Andijon fojealaridan keyin Yusuf Jumayev "Andijon turkumidan" nomli bir turkum she‘rlarini e‘lon qiladi.

O‘shandan keyin Yusuf Juma oilasiga bosimlar yanada kuchayadi.

2007 yil dekabrida esa, Prezident Islom Karimovning iste‘fosini talab qilib o‘tkazgan namoyishlardan so‘ng shoir Yusuf Juma o‘g‘li bilan birga hibsga olingan edilar.

Yusuf Juma va oilasi prezidentlik saylovi arafasida Islom Karimovni hokimiyatni bosib olishda ayblagan va Qorako‘l tuman prokuraturasiga unga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘rab, murojaat etgan edi.

Buxoro viloyat mahkamasi Yusuf Jumani hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va militsiya xodimlariga tan jarohati yetkazishda aybdor, deb topib, 5 yil qamoq jazosiga mahkum etgan. Qamoqda payti uning qiynoqlarga tutilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Yusuf Juma yaqinda qamoqdan ozod qilingan va hozir AQShda yashayotgan oilasi oldiga yetib kelgan.

Bi-bi-siga gapirarkan, Yusuf Juma o‘zini yaxshi his qilayotgani va tinglovchilarimizning har qanday savollariga javob berishga tayyorligini aytdi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Dissident shoir Yusuf Jumaga savollaringizni quyidagi maxsus forma orqali qoldirishingiz yoki uzbek@bbc.co.uk ga yo‘llashingiz mumkin.