Taniqli sozanda va bastakor Shavkat Mirzayevga savol yo‘llang

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

O‘zbekiston xalq artisti Shavkat Mirzayev 1942 yil 10 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Shavkat Mirzayev san‘atga kirib kelishida otasi, mashhur sozanda va bastakor Muhammadjon Mirzayevning ta‘siri katta bo‘lganini ta‘kidlaydi.

"Otam Muhammadjon Mirzayev rubob chalib yurganlarida mani yonlarida olib yurganlar, musiqani manga singdirganlar, o‘rgatganlar va musiqani tushunadigan qilib tayyorlaganlar...Keyin 16 yoshimdan boshlab birgalikda sahnaga chiqa boshlaganman. Asosiy ustozim otam bo‘ladilar", deydi Shavkat Mirzayev.

Keyinroq san‘atkor O‘zbekiston xalq hofizi Ma‘murjon Uzoqov bilan birga faoliyat olib boradi.

"Ma‘murjon aka ham manga ustoz sifatida ko‘p narsani o‘rgatganlar", deya xotirlaydi u.

Shavkat Mirzayev Toshkent Davlat Konservatoriyasida an‘anaviy musiqa bo‘limida tahsil olgan.

U 1978 yildan boshlab, taniqli san‘atkor, o‘zbek mumtoz ashulalar mohir ijrochisi Munojat Yo‘lchiyevaga ustozlikni boshlaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Munojat Yo‘lchiyeva bilan sahnada

"Munojat qo‘limga kelib tushgandan keyin, materialni ko‘rarkanman, ya‘ni Munojatning ovozini ko‘rib, bilib, uning nimaga iqtidori borligini sezib, o‘sha materialga monand bo‘yoqlar ishlatganman. Demak, ovozni tekislaganman, ishlaganman. Xullas, ichida hamma narsa bor, arnamentlarini, o‘zbek milliy arnamentlarini qo‘yganman", deydi ustoz san‘atkor.

Va ushbu ustoz-shogird hamkorligi ularni dunyoga tanitadi.

"Hozir mana shu maktab butun dunyoga ma‘qul. Dunyoda bormagan joyimiz qolmadi. Frantsiyaning o‘zida 48 marta bo‘libmiz. Kontsertlarimiz doimo olqishlar bilan kutib olindi, biz haqimizda hujjatli filmlar olishdi. Musiqa albomlarimiz chiqdi", deydi Shavkat Mirzayev.

Munojat Yo‘lchiyeva o‘zi ham erishgan yutuqlarida ustozi Shavkat Mirzayevning hissasi katta bo‘lganligini qayta-qayta aytib kelgan.

Taniqli sozanda va bastakor Shavkat Mirzayevga savollaringizni pastdagi maxsus forma orqali bbcuzbek.comga yo‘llang.