Tojikiston: 14 imomga jinoyat ishi qo'zg'atilgan

Tojikiston Din ishlari va urf-odatlarni tartibga solish qo'mitasining diniy birlashmalar boshqarmasi boshlig'i Husayn Shokirovning ma'lum qilishicha, mamlakat masjidlarida imom-xatiblik lavozimiga tayinlangan 14 shaxsga nisbatan jinoyat ishlarini huquq-tartibot organlari qo'zg'atganlar.

Bu shaxslardan ikki nafari faoliyatdagi, qolgan 12 nafari imom-xatiblikdan bo'shatilgan bo'lganini bildirgan diniy qo'mita mulozimi.

"Qolganlari allaqachon lavozimidan bo'shatilgan yoki attestatsiyadan o'tolmaganlar bo'lganlar", deb aytgan Husayn Shokirov.

Shu yil boshidan Tojikistonda imomlarning mamlakat qonunlariga zid faoliyat yuritgani aniqlangani haqidagi xabarlar tarqalgan.

Mart oyida mamlakat shimolidagi Sug'd viloyatida 15 imom-xatib hibsga olingan.

Iyun oyida Sug'd viloyatining Bobojon G'afurov tumanidagi masjidlarda imom-xatib bo'lib ishlagan 7 imom ustidan sud bo'lib o'tgan.

Mahkama imomlarni Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Musulmon Birodarlar" diniy tashkilotiga a'zolikda aybdor deb topgan va 3 va 3 yildan ziyod muddatga qamoq jazolariga mahkum etgan.

Imomlarning hammasi Saudiya Arabistonidagi Madina Universitetining bitiruvchilari bo'lganlar.

Dindorlarning ustidan tergov va mahkamani yopiq tarzda o'tkazishga qaror qilingan, shu bois jinoyat ishlari tafsiloti ko'pchilikka ma'lum emas.

Bir necha kun oldin Tojikiston davlat telekanalida Xo'jand shahridagi markaziy mosjidning imom-xatibi o'rinbosari Orifjon Ergashev haqida ko'rsatuv namoyish etilgan.

Unda Orifjon Ergashevning "Musulmon Birodarlar" guruhiga qo'shilganini tan olgani, bir necha do'stlari va tanishlari qo'lga olinganidan keyin Tojikistondan qochib ketgani, so'ng o'z ixtiyori bilan qaytib, o'zini huquq-tartibot organlari qo'liga topshirgani aytiladi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.