Rossiyada o'zbegu tojik mardikor ayollar soni ortmoqdami?

Image copyright Reuters

Har kuni ertalab ishga ketayotib, g'alati bir manzaraning guvohi bo'laman. Bir to'da o'zbek-tojik ayollar ko'pqavatli uylar panasiga berkinib, atrofga olazarak bo'lgancha, o'zlarini dalaga olib chiqadigan mikroavtobusni kutishadi.

Kelib to'xtagan zahoti zudlik bilan mashinaga chiqib olishadi.

"Dakumentimiz chatoq , uka, melisalar ko'rib qolmasin deymiz. Mashinaga chiqib olsak bo'ldi, dalaga melisaning yo'li tushmaydi", deb javob berdi.

Qizig'i, bundan o'n yillar avval ham o'z ayolini Rossiyaga ishlatgani olib kelgan erkak qattiq malomat qilinardi.

Tanish-bilishlarning ta'na-dashnomlariga duchor bo'lardi.

Bugunchi?..

Bugun markaziy osiyolik ayollar dunyoning turli davlatlarida mardikorlik qilishayotgani barchaga ma'lum.

Jumladan, Rossiyada ham ularning soni tobora ortib bormoqda.

Erlarning topgan-tutgani ro'zg'ordan ortib, uy- joy, to'y-ma'raka qilishga etmayotgani sababli ayollar ham bola-chaqalarini qarindosh-urug'lari qaramog'ida qoldirib safarga otlanyaptilar.

Ularning eng omadi chopganlari enaga, uy xizmatchisi, oshxona va kafelarda farrosh, idish-tovoq yuvuvchi bo'lib ishlashsa, ko'plari dalalarda dehqonchilik qilishadi, sabzavot omborlarida saralash ishlari bilan shug'ullanishadi.

Ko'cha-ko'ylarni supurayotgan o'zbegu tojik ayollarning ham sanog'i yo'q.

Erlari bilan ishlashga kelgan ayollar pulni tejash maqsadida hamqishloq yigitlarning bir xonali kvartiralari oshxonalarida yotib turishadi.

"Erim bilan ikkovimiz bir xonani ijaraga olishga kuchimiz etmaydi. Oyiga 12 ming ijara puli. Shunga hamqishloqlar bilan yashaymiz. Hammasi yosh-yosh bolalar. O'zi uyga faqat kechqurun qaytamiz-ku. Kechki ovqatimiz "obshiy", eymizu uxlaymiz, hamma o'z ishi bilan ovora", deydi Mavjuda opa ismli vatandoshimiz.

Samolyotdagi suhbat

Shu yilning fevral oyida Vatandan Rossiyaga safar chog'i Hadisa opa ismli 40 yoshlar chamasidagi ayol bilan samolyot o'rindig'ida yonma-yon o'tirib qoldik. Yo'l-yo'lakay, undan-bundan suhbatlashdik. Rossiyaga qachondan beri kelasiz, nima ish qilasiz? - deb so'radim.

-E, uka, besh yildan oshdi, kelib ketaman. Piterda ham, Volgogradda ham bo'ldim. Qilmagan ishimning o'zi yo'q. Myasokombinatda ishladim, bazada sabzavot sortirovka ham qildim, dalada ham ishladim. O'tgan yili qishda Moskvada qor quradik. Havo sovuq...uchi o'tkirlangan armaturani erga urib, muz ko'chiramiz. Bo'larim bo'ldi, aroq ichishni ham o'rgandim. Joningdan sovuq o'tsa, ilojing yo'q, ichar ekansan. Tirikchiligi qursin,- deya hasrat qildi.

Ertaga nima bo'ladi?

Asli kasbi o'qituvchilik bo'lsa-da, bugun Rossiyada suvoqchilik qilayotgan Avaz ismli muhojir ayollarning mardikorlik qilishlari kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin degan fikrda.

"Biz buyoqda erkagu ayol tentirab yuraversak, qarindoshlarimiz qo'lida qolayotgan bolalarimizning tarbiyasi nima bo'ladi? O'zi ota tarbiyasini olmay katta bo'layotgan bolalar endi onalaridan ham uzoqda. Ular kelajakda kim bo'lishadi. Nahotki ular ham bizga o'xshab mardikorlikka kelishsa", deya xavotir bildiradi u.

Rossiyaga mardikorlikka kelayotgan ayollarning orzu-maqsadlari ham turlicha. Birov uy-joy qilish, birov farzandlarini oyoqqa turg'azib olish ilinjida.

Kimdir begona yurtda erining issiq - sovug'idan xabardor bo'lish maqsadida yurgan bo'lsa, kimdir ro'zg'orga qiynalganidan musofirchilikka rozi bo'layotganini aytadi.

Muhojirlarning deyarli aksariyatini bog'lab turadigani ertangi kunning umidi deyish mumkin.

"Bir kun emas, bir kun yaxshi bo'lishi kerak, bir umr mardikor bo'lib o'tmasmiz, axir. Ko'pga kelgan to'y ekan", deydi uch farzandini onasiga tashlab kelib, Moskvadagi restoranlarning birida idish-tovoq yuvuvchi o'zbekistonlik Soliha.

Solihaning eri ham Rossiyada ishlaydi, Moskvada ish topolmaganidan Yakutskga ketib qolgan.

"Ko'rishmaganimizga bir yildan oshdi...Vatanga qaynsinglimning to'yiga borgandik. Shunda ko'rishdik. Nima qilamiz endi, katta oilamiz, o'zimizning ham farzandlarimiz bor, ularni o'qitasiz, to'y qilasiz, uy qurasiz..."

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.