Prezident Karimovning yangi kitobi chiqqan

Image copyright UzA

Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning ikki yangi kitobi bosmadan chiqqan, deb xabar bermoqda Milliy Axborot agentligi.

Karimov muallifligi ostida chop etilgan kitoblarga "Ozodlik havosidan toʻyib nafas olgan xalq oʻz yoʻlidan hech qachon qaytmaydi" va "Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir" degan sarlavhalar berilgan.

Ular prezidentning 30 iyun-1 iyul kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga qilgan tashrifi davomida mahalliy rahbarlar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi chiqishlari asosida tayorlangan.

Kitobda nafaqat ikki viloyatga aloqador masalalar, balki butun mamlakatga taʼluqli tinchlik va xavfsizlik, islohotlarni chuqurlashtirish, yosh avlodni tarbiyalashga doir mavzular, Qarshi, Shaxrisabz, Termezda olib borilgan bunyodkorlik ishlari haqida soʻz borgani taʼkidlanadi.

"Hajman kichik, lekin mazmunan chuqur bu kitoblarni "Ozodlik havosidan toʻyib nafas olgan xalq oʻz yoʻlidan hech qachon qaytmaydi" degan hayotiy haqiqat bosh gʻoya sifatida birlashtirib turadi", deb yozadi OʻzA.

"Prezidentimiz Islom Karimovning mazkur risolalari istiqlol yillarida mamlakatimiz qanday ogʻir va murakkab, shu bilan birga sharafli yoʻlni bosib oʻtgani, mustaqillik har bir viloyatimiz, shahrimiz va qishlogʻimiz, har bir yurtdoshimiz hayotida buyuk oʻzgarishlarga asos va zamin boʻlayotganini chuqur anglashga xizmat qiladi va ana shu bebaho neʼmatni qadrlab, uni himoya qilib yashashga daʼvat etadi", deya urgʻulanadi shuningdek.

Islom Karimovning asarlari oliy oʻquv yurtlari dasturlariga ham kiritilgan.

Talabalar prezident asarlaridan imtihon topshiradilar, oʻqituvchilar bu asarlar boʻyicha malakalarini oshirib turadilar. Oʻzbekiston televideniyesida Karimov asarlari tahliliga bagʻishlangan koʻrsatuvlar tashkil qilingan.

Koʻrsatuv ishtirokchilari prezident asarlaridan qanchalik taʼsirlanganlari, olgan bilimlarini namoyish qiladilar.

Jurnalist Quddus Aʼzam tomonidan tayyorlanadigan shunday koʻrsatuvlardan birida qatnashgan talabaning BBCga aytishicha, koʻrsatuvda fikrini aytadigan har bir ishtirokchi soʻzlari avvaldan koʻrib chiqib, belgilangan va suratga olish jarayonida ham bir necha bor mashq qilingan.

2014 yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va "Ijod" jamoat fondi tomonidan "Kim edigu kim boʻldik" nomli badiiy-publitsistik toʻplam nashr etilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Alining kitob taqdimotida aytishicha, "Muhtaram Prezidentimizning "Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida"gi qarorida tarixan qisqa davrda biz qanday ulkan rivojlanish yoʻlini bosib oʻtganimizni baholashda "Kim edigu kim boʻldik?" degan hayotiy haqiqatni asosiy va bosh gʻoya sifatida belgilash lozimligi alohida taʼkidlangan edi. Ushbu qaror eʼlon qilingach, Yozuvchilar uyushmasida "Kim edigu kim boʻldik" nomli kitob yaratish fikri paydo boʻldi. Ijodkorlardagi koʻtarinki ruh va katta ishtiyoq tufayli, qisqa vaqt ichida kitob dunyoga keldi". "Chindan ham, biz kecha kim edig-u, bugun kim boʻldik?" deb eslatadi yozuvchi.

Muhammad Alining taʼkidlashicha, "Kim edigu kim boʻldik" singari badiiy-publitsistik toʻplamlarni endilikda har yili Istiqlol bayrami arafasida chop ettirishga kelishib olingan.

Ayni paytda Oʻzbekistonda mustaqillikning 25 yilligi arafasida shou-biznes vakillari ishtirokida "Kim edigu-kim boʻldik" nomi bilan viloyatlar boʻylab uchrashuvlar, kontsert dasturlari oʻtkazilmoqda.

Unda qatnashgan shou-biznes vakiliga koʻra, viloyatlarga uchrashuvga borish majburiy hisoblanadi. Bu kabi tadbirga borishdan boʻyin tovlash madaniyat vakiliga qimmatga tushishi, litsenziyasidan ajralishi mumkin.

1992 yildan beri Islom Karimovning "Oʻzbekistonning oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻli", "Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang", "Oʻzbekiston - bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻli", "Bizdan ozod va obod Vatan qolsin", "Oʻzbekiston 20 asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari", "Barkamol avlod orzusi", "Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari", "Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq", "Olloh qalbimizda, yuragimizda", "Ozod va obod vatan, yorqin va farovon hayot - pirovard maqsadimiz", "Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yoʻnalishlari" kabi kitoblari chiqarilgan.

•BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring