"Putin va Kerri Suriyadagi toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy hamkorlikni muhokama qilmagan"

Prezident Putin AQSh kotibi Jon Kerri bilan Kremlda uchrashgan. Image copyright AP

Kreml tarqatgan bayonotga koʻra, uch soatlik muloqot payti Prezident Putin va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyada toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy hamkorlik masalasini muhokama etmaganlar.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov soʻzlariga koʻra, "oʻzaro hamkorlikning turli shakllari muhokama qilindi, ammo terrorizmga qarshi kurash borasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik mavzusi boʻlgani yoʻq".

Bundan oldin janob Kerrining Rossiyaga asosiy taklifi Suriyada IShID va "Jabhatul-Nusra" guruhlariga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻlgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Shuningdek, Rossiyaning ittifoqchisi Prezident Bashar al-Assadning harbiy uchoqlari tinch fuqarolar va moʻʼtadil muxolifat jangarilarini bombalashni toʻxtatishi talabi bilan Kremlning Prezident Assadga bosim oʻtkazishini ham xohlamoqda AQSh.

Rossiya rahbari bilan muzokaralarda janob Kerri Suriyada otashkesim shartlari Moskva quvvatlaydigan Assad rejimi tomonidan koʻp marotaba buzilayotganidan xavotir izhor etgan.

Suriyadagi urushga yaqin vaqtda nuqta qoʻyishga qodir diplamatik qarorlar qabul qilishni doimiy ravishda orqaga surib kelish mumkin emas, deb aytgan AQSh rasmiysi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Moskvaga safarining ikkinchi kunida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Suriyadagi besh yillik urushni toʻxtatish masalasini batafsil muhokama etishi rejalangani xabar qilingan.

Soʻnggi muzokaralar Suriyada oʻt ochishni toʻxtatishga qaratilgan bir necha kelishuvlar barbod boʻlgan, AQSh bilan Rossiya oʻrtasidagi diplomatik taranglik ortgan paytga toʻgʻri kelgan.

Reuters agentligiga koʻra, Kerri maxsus axborot markazi tuzishni taklif qilib, Amerika va rossiyalik harbiylar jangarilarga qarshi havo hujumlari yoʻnalishlarini kelishib, maʼlumotlarni almasha olishlarini aytgan.

Biroq Kerrining rejalari AQShning diplomatik va harbiy-josuslik xizmati doiralari quvvatlamaganlar. Ular Rossiyaga bu borada ishonish mumkin emasligini, ehtiyotkorlik zarurligini ochiq izhor etganlar.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Moskva harakatini Suriyada toʻgʻri yoʻnalishga solishda ozroq shubha bilan qarash toʻgʻriroq boʻladi, degan fikrda.

"Agar ruslar Suriyada toʻgʻri qaror berishga tayyor ekanlar, Mudofaa vazirligi muloqot uchun ochiq. Ammo u yerda aniq nima boʻlayotganini tushunishni istaymiz. Shuning uchun Rossiya bilan Suriya masalasida kelishishimiz aniq emas", degan u.

Oq Uy ham Moskva bilan harbiy hamkorlik kelajagi toʻgʻrisida ehtiyotkor. "Hozir Rossiya Suriyada oʻzining diplomatik va harbiy imkoniyatlarini qanday qoʻllash boʻyicha jiddiy qarorga kelishining fursati yetdi", deb aytgan Oq Uy vakili Josh Ernest.

Rossiya harbiylari yoki Assad rejimini himoya qiladi yoki ekstremistlarga qarshi kurashadi", qayd etgandi u.

Jon Kerrining Rossiya bilan Suriyaga taʼluqli rejalari hukumatda jiddiy muhokamalar va bahslarga sabab boʻlgan.

Ayni paytda Prezident Bashar al-Assad yangi hukumatni tuzishga doir biror bir bosim his qilayotgani kuzatilayotgani yoʻq.

14 iyul kuni Prezident Assad NBC telekanaliga intervyu bergan, intervyuda u, Prezident Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hech qachon oʻzining hokimiyatdan ketishi masalasini koʻtarmaganlar, deb aytgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon"Putin va Kerri Suriyadagi harbiy hamkorlikni muhokama qilmagan"

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring