"Oʻzbeknavo" qoʻshiqchilarni tarbiyalashda davom etadi

"Oʻzbeknavo" birlashmasining matbuot anjumanida qoʻshiqlarning matni muhokama etilgan.

Yigʻilishda madaniyat va sanʼat vakillari, jurnalistlar qatnashganlar.

Xonanda va suxandon Shuhrat Qayumov soʻzga chiqib, qoʻshiqlarning matniga alohida toʻxtalgan.

Jumladan, u xonanda Shahzodaning Mustaqillik bayramiga atab yozilgan yangi "Oʻzbegim" qoʻshigʻidagi "Mening oʻzbek xalqim, sen endigina 25 yoshga kirding" kabi soʻzlarni keskin tanqid ostiga olgan.

Tanqid qilingan qoʻshiq matni Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo qalamiga mansub. Musiqasi esa Sarvar va Komilga tegishli ekani xabar qilinadi.

"TVda taniqli xonandalardan biri "25 yoshdasan oʻzbegim", deb qoʻshiq kuylab chiqyapti. Bu sheʼriyatni tushunmaslik, shoirlikdan bexabarlik, menimcha. Qanday qilib oʻzbek millatini 25 yoshdasan deyish mumkin. Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil toʻldi, oʻzbek millatiga emas., degan u.

Shuhrat Qayumov Oʻzbekistonda jonli kontsert beradigan sanoqli xonandalardan biri hisoblanadi.

"Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati" gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari Gulchehra Umarova Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shuhrat Qayumovning fikrlarida jon borligini aytib, oʻzbek millatining boy tarixini bu yoʻsinda kuylash notoʻgʻri ekanini alohida urgʻulagan.

Shuhrat Qayumov bu kabi xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun "Oʻzbeknavo" qoshida badiiy kengash tashkil qilib, tajribali shoir va yozuvchilar, ijrochi va bastakorlarni jalb qilish kerakligini taklif etgan.

Matbuot anjumanida qatnashganlar xonandaning fikrlarini quvvatlaganlar. Oʻzbek xalqining boy tarixini mazmunsiz qoʻshiqlar aks ettirishi mumkin emasligini taʼkidlaganlar.

Oʻzbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida xonandalar vatan mavzusida qoʻshiqlar tayyorlab, radio-televideniyeda aylantirishlari odatga aylangan, prezident qatnashadigan asosiy bayram tadbirida qatnashadigan sanʼatkorlar esa omadli sanaladilar. Ular alohida saralab olinadi. Toshkentlik sanʼatkorning BBCga aytishicha, shunday tadbirlarda qatnashadigan sanʼatkorlarning unvon olishlari ham osonroq ekan.

"Oʻzbeknavo" birlashmasi tomonidan tashkil qilinadigan yigʻilishlarda qoʻshiqchilarning yurish-turishi, kiyinishi, ijtimoiy tarmoqlarga qoʻygan suratlari muhokama qilib turiladi.

Biroz oldin estrada birlashmasida 40 dan ortiq qoʻshiqchilarga tarbiyaviy soat oʻtilib, ularga maslahatlar berilgani aytilgandi.

Bunday tarbiyaviy munozaralarda qatnashmaganlar, davlat tadbirlariga sababsiz bormaganlar jiddiy ogohlantiriladi, bu ham ish bermasa litsenziyasi olib qoʻyiladi.

Jumladan, "Oʻzbeknavo" rahbari litsenziyasi olingan Lola va Tamilalar mavzusiga yana qaytib, Lola bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilishini aytgan.

Xonanda Lola Yoʻldoshevaning Instagramda din mavzusida yozib qoldirgan fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan. Internet faollari Lolaning "Sizlar tez-tez izohlarimda qaysi dinga eʼtiqod qilishimni soʻraysiz. Agar siz mendan "Dining nima?", deb yana soʻrasangiz, javobim shuki - muhabbat! ..Xudoga ishonishni muqaddas kitoblarni oʻqib isbotlash, oʻrganish mumkin emas..." kabi gaplari uchun tanqid qilishgan.

Lola internetga joylashtirgan ochiq kiyimdagi suratlari uchun, Tamila tarqatilgan "behayo" videosi uchun litsenziyasidan ayrilgandi.

"Oʻzbeknavo" vaqti-vaqti bilan litsenziyasiz faoliyat yuritgan, toʻylarga, tadbirlarga ruxsatsiz borgan qoʻshiqchi, sozanda, raqqosa va boshlovchilarni jarimaga tortish, toʻlanmagan soliqlar majburiy undirilishidan ogohlantirib turadi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring