Tojikistonlik yoshlar uchun oʻqishdan mardikorlik afzalmi?

Image caption Muhojirlar

Rossiyada mehnat qilayotgan tojikistonlik muhojirlar orasida oʻrta maktabni endigina tamomlagan yoshlar koʻpchilikni tashkil qilayotgani aytiladi.

FMS idorasida muhojirlarning arizalarini qabul qilish boʻyicha masʼul xodim bu boradagi oʻz kuzatishlarini bayon qiladi:

"Hujjatlarini patentga topshirayotgan tojikistonlik muhojirlar orasida 18-19 yoshli yigitlar juda koʻp. Baʼzilari 18 yoshni Rossiyada toʻldirishmoqda. Ular maktabni bitirgach, oliy oʻquv yurtlarida oʻqishsa, biror kasbni egallashsa boʻlmaydimi? Ularning qoʻlidan nima ish keladi? Shu yoshdan ogʻir mehnat bilan shugʻullanishlari toʻgʻrimi?"

Shimoliy Tojikiston oʻrta maktablarining birida oʻqituvchilik qilayotgan Ulugʻbek Haydarov bu fikrni quvvatlab shunday deydi:

"Darhaqiqat, bugungi oʻquvchilar orasida oliygohlarga oʻqishga kirishni maqsad qilayotganlar juda oz. Koʻplari maktabni bitirgan yiliyoq mardikorlikka ketib qolishyapti. Oʻquvchilarning bilim olishga intilishlari ham shunga yarasha. Quyi sinflarda fanlarni yaxshi oʻzlashtirayotgan bola yuqori sinflarga koʻchgach, oliy oʻquv yurtiga kirishga sharoiti yoʻqligini tushunib yetgan zahoti oʻqishni yigʻishtirib qoʻyyapti.

"Baribir Rossiyaga borib ishlashimga toʻgʻri keladi", degan fikr bolalarning miyasiga oʻrnashib qolgan".

Xoʻjand davlat universitetini 2009 yil tamomlagan, bugun esa, koʻp qatori Moskva shahrida muhojirlikda boʻlgan Boyirjon Niyozov oʻqishga sarflangan vaqti zoye ketgan hisoblaydi.

"Oliy maʼlumotli boʻlsak ham koʻpga qoʻshilib mardikorlikka keldik. Oʻylab qarasam, oʻqishga ketgan besh yil davomida Rossiyada ishlaganimda, ancha oʻzimni tiklab olarkanman. Bola-chaqali boʻldik, endi ularni oʻylash kerak. Oʻrtoqlarim ulgurgan koʻp ishlarga men ulgurmadim", deydi u.

Rossiyaning turli shaharlarida mehnat qilayotgan yoshlarning ayrimlari bilan ham shu mavzuda suhbatlashdik.

"Dadam bir necha yil Rossiyada ishlab akamni oʻqitdi. Akam huquqshunoslikni bitirib, tuzukroq ishga kirolmadi. Keyinroq maktabda ikki yilcha ishlab, uyam Rossiyaga keldi. Diplomi bekor yotibdi. Yaxshi joyga ishga kirolmasang, oʻqishni nima keragi bor? Undan koʻra bu yerda pul topganimiz yaxshi emasmi?" deydi Rostov shahrida gʻisht teruvchi ustaga yordamchilik qilayotgan Amirjon ismli yigit.

Sochida mardikorlikda boʻlgan Shohrux esa, oliygohda oʻqish oilaviy sharoitlariga toʻgʻri kelmasligini aytadi.

"Maktabda yaxshi oʻqiganman. Universitetga kirishni orzu qilardim. Afsuski, sharoitimiz koʻtarmaydi. Besh yil boshqa shaharga borib oʻqish uchun pul kerak. Oʻqiganlarga havasim keladi. Agar pul yigʻishning iloji boʻlsa, kechroq boʻlsa ham oʻqishga kiraman", deydi u ishonch bilan.

Xoʻjand davlat universiteti doktoranti Munavvara Oymatova abituriyentlarning oliygohlarga imtihon topshirishlarini nazorat qilish maqsadida Tojikiston prezidenti huzurida tashkil etilgan Milliy test markazi ahvolni ijobiy tomonga oʻzgartirishiga umid qiladi.

"Endi oʻqishga kirish uchun abituriyent "pushtipanoh" izlamay, oʻz bilimiga tayangan holda, oʻzi istagan oliygohga milliy test markazi orqali kirishi mumkin. Bundan tashqari, milliy test markazi bilimli yoshlar bir emas, bir necha ixtisos boʻyicha imtihon topshirib, yigʻilgan ballar koʻrsatkichi qaysi oʻquv yurti talablariga javob bersa, oʻsha yerda tahsil olishlari uchun imkoniyat yaratadi. Milliy test markazining tashkil etilishi oilaviy sharoitini hisobga olib, oʻqishdan koʻra chet ellarda mardikorlik qilishni afzal koʻrayotgan koʻplab bilimli yoshlarning oliy oʻquv yurtlariga kirishlari uchun yoʻl ochsa ajabmas", deydi Munavvara Oymatova.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring