Olma-otada aksilterror amaliyotlar

Image copyright Reuters

Qozogʻiston IIV Olma-ota shahrida sodir etilgan hujumda uch politsiya xodimi va bir fuqaro halok boʻlganini aytgan. Yetti nafar politsiyachi yaralangan. Hujumni amalga oshirgan shaxs qoʻlga olingan.

Olma-ota politsiyasi shaharda aksilterror amaliyotlar oʻtkazalayotganini eʼlon qilgan.

Buning ortidan aholidan koʻchalarga chiqmaslik soʻralgan.

Avvalroq ommaviy axborot vositalari guvohlar va Qozogʻiston kuch ishlatar tizimilardagi manbalarga asosan shahar politsiya boʻlimida otishma boʻlgani haqida xabar tarqatgandi.

"Barchadan oʻz turar joylarini tark etmaslikni, odamlar koʻp toʻplanadigan joyda yigʻilmaslikni soʻraymiz. Har qanday shubhali koʻringan shaxslar toʻgʻrisida zudlik bilan huquqni muhofaza qilish idoralariga xabar berish hamda politsiya va maxsus idoralarning harakatiga bosiqlik bilan munosabatda boʻlish soʻraladi", deyiladi politsiya murojaatida.

Qozogʻiston aksilterror markazi politsiya boʻlimi va Milliy xavfsizlik qoʻmitasiga sodir etilgan hujum shaharda terroristik xavfning eng yuqori, "qizil" darajasi eʼlon qilinishiga sabab boʻlganini aytgan.

Aksilterror amaliyotlar doirasida Olma-ota temir yoʻl vokzali oʻrab olingan. Vokzal binosida iskovuch itlar yordamida portlovchi modda bor-yoʻqligi qidirilmoqda.

Reyter agentligining politsiyadagi manbalarga tayanib xabar berishicha, ikki politsiyachi otishmada halok boʻlgan. Hujumchilardan biri qoʻlga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda gumon qilinayotgan hujumchini hibsga olinish sahnasi aks etgan suratlar tarqalgan.

Qozogʻiston IIV keyinroq toʻrt kishi oʻlganini tasdiqlagan.

Politsiyaga koʻra, ushlangan shaxs oʻtgan haftada bir nechta ayolni oʻldirganlikda ham gumon bilan qidirilayotgan boʻlgan.

Interfaks agentligining taʼkidlashicha, otishmani bir kishi boshlagan. Ichki ishlar boʻlimi hujumdan soʻng oʻrab olingan.

Qozogʻistonda bu kabi holat oʻtgan oy ham kuzatilgandi. 5 iyunda nomaʼlum qurolli guruh Oqtoʻbedagi ikki qurol-yarogʻ doʻkoni va harbiy boʻlinmaga hujum uyushtirgan. Besh mahalliy fuqaro va uch harbiy halok boʻlgan hodisada.

Oqtoʻbeda kontterroristik amaliyot tartibi kiritilishi orqasidan 18 gumonlangan shaxslar oʻldirilgani, toʻqqiztasi ushlangani bildirilgan Qozogʻiston IIV tomonidan.

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oqtoʻbedagi hujumni "terroristik amal" deb atadi.

Biroq biror bir ekstremistik guruh hujumga masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmagan.

Olma-otadagi oxirgi voqealar bois Oʻzbekiston ham chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring