Qirgʻiziston Prezidenti qoʻshigʻiga yana klip oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning uchinchi klipi paydo boʻldi.

KNEWS saytining xabar berishicha, janob Atamboyev "Oʻlim men uchun qoʻrqinchli emas" qoʻshigʻiga olingan klipni namoyish qilgan.

Qoʻshiq Sergey Orlov qalamiga mansub boʻlib, ikkinchi jahon urushi askarlariga bagʻishlangan.

"Soʻzlarni xotiramda boricha tikladim, shu bois qayerdadir adashgan boʻlishim mumkin. Internetda bu sheʼrning matnini topa olmadim", deydi Atamboyev.

Yangi klipda Grigoriy Chuxrayning "Soldat haqida ballada" filmidagi kadrlardan foydalanilgan.

Qirgʻiziston maʼmuriyatidan aytishlaricha, avgust oyida taʼtil paytil paytida prezident qirgʻiz tilidagi besh qoʻshiqni yozishni rejalashtirmoqda.

Oldinroq Atamboyev sentyabr oyida nishonlaydigan 60 yoshlik yubileyida oʻn qoʻshiqni oʻzida jamlagan kompakt disk chiqarishga vaʼda bergan, undan beshtasi qirgʻiz va beshtasi rus tilida boʻlishini aytgandi.

Videokliplar rejissyor Furqat Tursunov tomonidan eski sovet kinolari kadrlari asosida montaj qilingan.

Iyul oyida Almazbek Atamboyevning ikki klipi internetga chiqqan. "Taqdirga qasdma-qasd" va "Men sensiz yashay olmayman" nomli qoʻshigʻi debyut boʻlgan.

Bundan oldin bir nechta intervьyularida janob Atamboyev oʻzining prezidentlik muddati tugagach, davlat ishida qolishni rejalamayotgani, balki ijod bilan shugʻullanishini bildirgandi.

Sobiq Ittifoq respublikalari rahbarlari oʻzlarining siyosatdan boshqa qobiliyatlarini namoyon etib turishadi.

Deyarli barcha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari omma oʻngida oʻzlarining "sanʼatkorona" qobiliyatlarini namoyish etib ulgurishgan.

Turkmaniston Prezidenti Berdimuhammedov gitara va akkordeon chalib qoʻshiq aytgan.

Qirgʻiziston rahbari Atamboyev "Taqdirga qasdma-qasd" qoʻshigʻini yozish barobarida kuylab ham berdi. Endi esa albom chiqaradigan boʻldi.

Qozogʻiston Prezidenti Nazarboyev doʻmbira chalishi bilan ajralib tursa, Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov esa raqqosligini har bayram namoyish etadi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon qoʻshiq ham aytadi, raqsga ham tushadi.

Sotsiolog-tadqiqotchi Alisher Ilhomovning BBC bilan suhbatda aytishicha, prezidentlarning oʻz ijodiy mahoratlarini namoyish etishlari ortida asosan ikki omil yotadi.

"Ularning biri qandaydir "piar" strategiyalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Yaʼni, agarda omma bilan ishlash boʻyicha maslahatchilar mamlakat rahbarining legitimligini oshirish yoʻlida ishlayotgan boʻlsalar, "keling bir narsa yarating yoki omma oʻngida raqsga tushing, obroʻingizni va shu bilan birga legitimlikni ham oshiradi", deya maslahat berishlari mumkin.

Lekin bu kabi amaldan biron jiddiy natija chiqadimi - yoʻqmi va haqiqatan ham yuz beradimi-yoʻqmi, bunisini aytish qiyin. Chunki Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari haqiqiy siyosiy muqobillik mavjud boʻlmagan yoʻlda qudratga erishgan shaxslar boʻlib, erkin saylovlar yuz bermaydigan sharoitda bu kabi piar strategiyalariga u qadar ham muhtoj emaslar.

Qaysidir maʼnoda Qirgʻiziston rahbari bundan mustasno, chunki u nisbatan erkin saylovlar natijasida qudratga kelgan. Endi boshqa tomondan agardaki rahbarlar xalq tomonidan "sodiqlik" krizisi roʻy berayotganini his qilsalar ham, bunday qadamlarga borishlari ehtimoli bor", deydi tahlilchi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring