Oʻzbekistonda kuydirgiga qarshi ogohlantirilmoqda

Sogʻliqni saqlash vazirligi respublikada kuydirgi tarqalgani toʻgʻrisidagi xabarlarni rad qilgan boʻlsada, viloyatlarda kasallikka qarshi ogohlantirishlar kuchaytirilgan.

Xabarlarga qaraganda, ayni kunlarda andijonliklar kuydirgi kasalidan ogohlantirilib, odamlarga yoʻriqnomalar tarqatilmoqda.

Qashqadaryoda ham kuydirgidan ehtiyot boʻlish choralarini koʻrishga chaqirilgan. Qarshilik yashovchining aytishicha, poliklinika, kasalxona va idoralarda ham kuydirgi toʻgʻrisida gapirilgan. Aholi shundoq ham oz-ozdan xarid qiladigan mol goʻshtini sotib olishdan qoʻrqib qolgan.

Oʻtgan oy internetda kuydirgiga aloqador surat va xabarlar tarqalib, vahimalarga sabab boʻlgandi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori Saidmurod Saidaliyev respublikada kuydirgi kasalligi yoʻq, deb rasman bildirgan avvalroq.

"Qalampir.uz"ning yozishicha, andijonlik Iskandar Sattiboyev viloyat poliklinikalarida kuydirgi kasalligidan ogohlantirish olib borilayotgani, eʼlonlar tarqatilgani haqida xabar bergan.

Andijonlik hamshiraning soʻzlariga qaraganda, Toshkentda kuydirgi tarqalgani haqidagi xabarlar orqasidan Andijonda kuydirgi kasalligini oldini olish haqida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Shaxsan uning oʻzi kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi haqida maʼlumotlar berilgan bukletni uyma-uy yurib tarqatgan.

Andijon viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakili Iskandar Hamidov kuydirgi va Qrim-Kongo gemorrogik isitmasi kasalliklarining oldini olish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilayotgani tasdiqlagan, biroq uyma-uy yurib aholiga ushbu kasalliklar haqidagi bukletlarning tarqatilayotganini rad etgan. Poliklinikalardagi oʻquv jarayonlari vaqtida ham Toshkentda kuydirgi kasalligining tarqalgani aytilganini notoʻgʻri fikr, degan.

Oʻtgan iyun oyida Qozogʻistonda kuydirgi holatlari aniqlangan, bir nechta inson oʻlimi orqasidan hukumat alohida chora-tadbirlar koʻrgan edi.

Kasallikni oldini olish chora-tadbirlari sifatida Oʻzbekiston Qozogʻistondan goʻsht mahsulotlarini chegaradan olib oʻtishni taqiqlangan.

Kuydirgi yuqumli kasalligida uchraydigan deb taxmin qilingan belgilar aks etgan suratlar va guvohlarning ovozli xabarlari BBCga ham joʻnatilgan.

BBC bu xabarlarni aniqlash maqsadida Toshkentdagi Uchtepa tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi bilan bogʻlandi. Shifokor kuydirgiga bogʻliq taxminlar tekshiruvlar natijasida tasdiqlanmaganini bildirdi.

Kuydirgi - Sibirskaya yazva - Anthrax

Kuydirgi - oʻta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiruvchi, odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham birdek xatarli boʻlgan xastalik hisoblanadi.

Kasallikni kuydirgi tayoqchasi qoʻzgʻatadi.

U tashqi muhitda spora holida uchraydi, suv va tuproqda 10 yilgacha yashash qobiliyatiga ega.

Kasallikning manbai asosan kasallangan uy hayvonlari - qoramol, ot, qoʻy, tuya, echki va choʻchqa hisoblanadi.

Kasal hayvonlarda kuydirgi tayoqchasi hayvonning hamma organlariga kirib boradi va peshobi, najasi bilan tashqi muhitga chiqib, tuproq, yem-xashak, suv havzasini iflos qilib, kasallik tarqalishiga sabab boʻladi.

Odamga esa, veterinariya xizmati xodimlari koʻrigidan oʻtmagan hayvonlarni soʻyib, terisini shilganda, goʻshtini nimtalaganda va yaxshi pishirmay, isteʼmol qilgan paytda yuqishi mumkin.

Kasallik asosan yoz-kuz fasllarida uchraydi va odamga yuqqandan keyin bir necha soatdan to 14 kungacha yashirin davri boʻlib, bunda bemorlar shikoyat qilmaydilar.

Kasallikning qaysi yoʻl bilan yuqishiga qarab, teri, oʻpka, ichak va septik (qonda) turlari mavjud boʻlib, asosan, 95-98 foiz teri shakli uchraydi.

Kuydirgining, ayniqsa, oʻpka turi odamlarda nihoyatda ogʻir kechadi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring