Turkiya: "Bu siyosatda yana qancha qurbonlar beriladi?.."

Image caption Istanbul, harbiy toʻntarishga urinishdan keyin...

Ikki kun avval Anqara va Istanbulda kechgan hodisalar Turkiya aholisini junbushga keltirdi.

Uch kundirki, Turkiya boʻylab motam marosimlari davom etmoqda. Qoʻzgʻolonda qurbon boʻlganlar dafn etilmoqda...

Yakshanba kuni ertalab Istanbulga kelgan Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻonning oʻzi ham qator masjidlarda oʻqilgan janoza namozlarida ishtirok etdi.

Matbuotda davlat va millat himoyasi uchun nobud boʻlganlar "qahramonlar", oʻldirilgan askarlar esa, "xalq xoinlari" deya taʼrif olayotgani bahsu munozaralarni uygʻotgan.

"Oddiy askarlarda hech qanday ayb yoʻq. Ular faqat buyruqni bajarganlar. Ular ham bizning farzandlarimiz - oʻgʻlimiz, aka-ukamiz, turmush oʻrtogʻimizdir. Askarlarni yomon koʻrmasligimiz kerak. Hozir mening kichik ukam harbiyda askarlik vazifasini oʻtayapti. Ahvoli yaxshi. Ular har doim davlatga sadoqatli boʻlib qoladilar", - deydi Nasiba ismli xonim.

Image copyright BBC Sport
Image caption "Gʻalaba"ni nishonlayotgan avtomobillar signallaridan quloqlar qomatga kelgan

Ijtimoiy tarmoqlarda olomon turk askarlarini qonga belab kaltaklayotgani, baʼzilari hatto oʻldirilgani aks etgan videolar tarqaldi.

Boshqa bir videoda oʻldirilgan askarlar yaqinlari Erdoʻgʻonni qargʻab, unga laʼnat oʻqiyotganlari aks etgan.

Istanbul koʻchalarida turk bayrogʻini yelkalariga tashlagan odamlar: "Yo, Alloh, Allohu Akbar" deya, davlat rahbari Erdoʻgʻonni dastaklovchi shiorlarni aytib qichqiradilar. Ikki kecha kunduz "gʻalabani" nishonlayotgan yengil, yuk avtomobillari toʻxtovsiz signal bosishlaridan quloqlar qomatga keldi...

Image caption Prezident Erdoʻgʻon tarafdorlari

"Men Erdoʻgʻonni sevmayman. Ammo, ayni damda uni oʻrniga oʻtiradigan, davlatni boshqara oladigan munosib nomzod yoʻq. Shunday ekan, xohlaymizmi yoki yoʻq bu inson hozir iqtidorda qolaveradi, unga boʻysunamiz", - deydi Mustafo ismli suhbatdoshim.

Image caption Hodisalar boshlanganidan beri odamlar koʻchada

Oʻtgan qisqa vaqt asnosida 6 mingdan ortiq inson hibs qilindi. Ular orasida yuqori martabali harbiylar, hakamlar bor.

Jumadan shanbaga oʻtar kechasi harbiy toʻntarishga urinish 200dan ortiq insonning umriga zomin boʻldi. Yuzlab odamlar tan jarohati olishdi.

Ammo, hodisada qoʻli borlikda gumon qilinganlarni ushlash davom etarkan, koʻplab savollar javobsiz qolmoqda.

Image caption Juma kechasidan beri odamlar koʻchada

"Kutilmaganda, hech kimsaning xabarisiz ushbu hodisalar qanday yuz berdi? Davlat, xavfsizlik xizmati qayerga qarab oʻtirgandi?.. Bu siyosatda yana qancha qurbonlar beriladi?" - deya savol qoʻyadi Erdal ismli Istanbullik tahlilchi.

Image copyright BBC Sport
Image caption Hodisalarda insonlar nobud boʻlishdi

Istanbulning markaziy maydonlari va koʻchalarida odamlar mamlakat bayrogʻi bilan birga maxsus shiorlarni ham koʻtarib olishgan.

Ular shahar mavzelarida tunlari qoʻriqchilik qilishmoqda.

Bularning "barchasi avvaldan rejalangan" degan shubhayu gumonga borayotganlar ham yoʻq emas...

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring