Oʻzbekiston va Qozogʻiston qoʻshma avtomobil ishlab chiqarishi mumkin

Oʻtmishda qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilar oʻzbek avtomobillari milliy avtosanoat rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotganini aytishgan Image copyright Tengrinews.kz
Image caption Oʻtmishda qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilar oʻzbek avtomobillari milliy avtosanoat rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotganini aytishgan

Ikki qoʻshni davlat shirkatlari ehtiyot qismlar va yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarish yuzasidan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

Bu haqda Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi Yerik Utembayev maʼlum qilgan.

Sputnik nashrining qozoq elchisining soʻzlaridan iqtibos keltirishicha, Qozogʻistonning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchi shirkati - "SaryarkaAvtoPrometakchi" mutaxassislaridan iborat hayʼat payshanba kuni Toshkentga tashrif buyuradi.

"SaryarkaAvtoPrometakchi" turli rusumlar - Toyota, Hyundai, SsangYong, Geely, JAC avtomobillari hamda Iveco maxsus texnikalarini ishlab chiqaradi.

Qozogʻistonlik mutaxassislar Samarqand avtomobil zavodi va GM Uzbekistan korxonalarida boʻlishlari kutilmoqda.

Janob Utembayevning aytishicha, qozoq tomonini avtomobil komponentlari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston bozorlarida xaridorgir boʻlishi mumkin boʻlgan maʼlum avtomobil modellarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish istiqboli qiziqtiradi.

Qozoq diplomatining soʻzlariga koʻra, Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo Qozogʻiston yangi qoʻshma korxona mahsulotlari uchun butun Ovrosiy bozoriga darvoza vazifasini oʻtashi mumkin.

Oʻtmishda qozogʻistonlik avtomobil ishlab chiqaruvchilar Oʻzbekiston mashinalari milliy avtosanoatning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotganidan shikoyat qilishgan.

2014 yilda qozoq tomoni Oʻzbekistonda ishlab chiqariluvchi "Neksiya" avtomobillarini texnik reglamentga toʻgʻri kelmasligi vajidan import qilishni toʻxtatgan edi.

Natijada Qozogʻiston bozorida oʻzbek avtomobillarining sotilishi ikki barobarga tushib ketgan.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar Qozogʻistonga bojxona toʻlovlarisiz kirib keladi va import koʻlami boʻyicha "kuchli uchlik"ka kiradi.

Qozogʻiston avtosanoati mulozimlari tashqi savdo adolatli boʻlishi uchun oʻzbek tomoni ham qozoq avtomobillari uchun bojxona toʻlovlarisiz kirib kelishni taʼminlashi kerakligini aytishgan.

Aks holda ular oʻzbek avtomobillariga aktsiz toʻlovlari va soliqlarini koʻtarishni taklif qilishgan.

Qozogʻiston bilan hamkorlik istiqbollari oʻzbek avtomobil sanoatidagi korruptsiya iddaolari yuzasidan jinoiy tekshiruvlar davom etayotgan payt muhokama qilinmoqda.

Shu yil aprelida "Oʻzavtosanoat" boshqaruv raisining oʻrinbosari va "GM-Uzbekistan" qoʻshma korxonasi bosh direktori Toxirjon Jalilovning lavozimidan chetlatilgani xabar qilingan.

Davlat shirkati "GM-Uzbekistan" avtomobillarini sotish boʻyicha yirik korruptsion sxema amal qilishi haqidagi daʼvolarni rad etib chiqqan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring