Afgʻonistonlik qochqin bir qancha kishini yaralagan

Image copyright EPA

Hujum afgʻonistonlik 17 yoshli qochqin tomonidan yoʻlovchi poyezdida uyushtirilgan.

Bolta va pichoq bilan qurollangan oʻsmir uch kishini ogʻir, yana birini yengil yaralagan.

Hodisa dushanba kuni kechqurun Olmoniya janubida yuz bergan.

Ogʻir yaralanganlarning Gongkong fuqarolari ekanliklari aytilmoqda.

Olmoniyalik masʼullarga koʻra, voqea sathini tark etishga uringan oʻsmirning oʻzi otib oʻldirilgan.

Uning bu ishga nega qoʻl urgani sababi maʼlum emas.

Ammo, Olmoniyadan olingan eng soʻnggi xabarlarga koʻra, hujumchi yashagan xonadondan qoʻlda yasalgan IShID guruhi bayrogʻi topilgan.

Hodisa yuz bergan paytda poyezd Vyurtsburgdan Haydingsfeldga ketayotgan boʻlgan.

Hujumchining oʻzi Vyurtsburgga yaqin Oksenfurt shaharchasida yashagan.

Image copyright EPA
Image caption Hujumchi oʻsmirni yaqinda olmoniyalik bir xonadon asrab olgan boʻlgan

Olmoniyadagi soʻnggi voqea Frantsiyaning Nitstsa shahrida uyushtirilgan qonli hujumdan bir necha kun oʻtib kuzatilmoqda.

Nitstsadagi kamida 84 kishining umriga zomin boʻlgan hujumga masʼuliyatni esa, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi oʻz zimmasiga olgandi.

Ammo, olmoniyalik masʼullarga koʻra, afgʻonistonlik oʻsmirning bu islomiy guruh aʼzosimi yoki yaqinda radikallashgan boʻlganmi, bu xususda qatʼiy xulosa chiqarishga halicha erta.

Xabarlarda aytilishicha, yigitcha Olmoniyaga yolgʻiz boshi bilan muhojir boʻlib kelgan. Soʻngra boshpana soʻragan. Qochqinlar markazida yashab kelgan.

Olmoniyalik xonadonlardan biri yaqinda uni asrab olgan boʻlgan.

Soʻnggi global qochqinlar inqirozi manzarasida Olmoniya bir yilning oʻzida bir milliondan ortiq qochqinni qabul qilib olgan.

Ularning 150000 dan ortiqrogʻi Afgʻoniston fuqarolaridir.

Mahalliy yashovchilardan biri esa, DPA axborot agentligi bilan suhbatida hujum sathini "qassobxona"ga tenglashtirgan.

Berlindagi BBC muxbiri Damien McGuinnessning aytishicha, qoʻshni Frantsiyadagi soʻnggi qonli hodisalar ortidan, Olmoniyada ham islomiy jangarilarning hujumlaridan asabiylik holati kuzatilayotgan boʻlgan.

Shu yil may oyida Myunxen yaqinida ham shunga oʻxshash hujum kuzatilgan.

Pichoq bilan qurollangan shaxs bir kishini oʻldirib, yana uch nafarini yaralagandi.

Xabarlarda uning hujum chogʻida "Allohu Akbar", deya qichqirgani aytilgan.

Ammo olmoniyalik masʼullar hujumchining islomiy ekstremizmga aloqasi borligini isbotlay olishmagan.

Keyinroq uni ruhiy kasalliklar kasalxonasiga yuborishgandi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring