Dushanbeda Rossiya askari ustidan mahkama boshlandi

Rossiya harbiysi Dushanbe mahkamasida
Image caption Sherbakov aybiga iqror boʻlgan va tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan

Ural hududiy koʻchma harbiy mahkamasi seshanba kuni Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi zobitiga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqishni boshlagan.

Dushanbeda oʻtayotgan mahkamada rus askari Ivan Sherbakov dushanbelik 22 yoshli Shoira Jobirovani shafqatsizlarcha oʻldirishda ayblanmoqda.

Dushanbedagi BBC muxbiri Anora Sarkorovaning xabar qilishicha, mahkama yopiq tartibda, jurnalistlarning ishtirokisiz oʻtmoqda.

Tergovga yaqin manbaʼning BBCga aytishicha, jinoyat ishi materiallari ayblanuvchi va jabrlanuvchiga oid shaxsiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgani uchun jurnalistlarni mahkamaga qoʻymaslik haqida qaror olingan.

Ammo ommaviy axborot vositalari vakillari hukmni eʼlon qilish jarayoniga taklif etilishi kutilmoqda.

Ivan Sherbakovga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-modda, 2-bandi (ogʻir holatda qotillik sodir qilish) boʻyicha ayblov eʼlon qilingan.

Rus zobiti aybiga iqror boʻlgan va tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan.

Shoira Jabborova oʻtgan yili 4 noyabrdan 5 noyabrga oʻtar kechasi oʻldirilgan.

Image caption Shoira Jabborova oʻtgan yili 4 noyabrdan 5 noyabrga oʻtar kechasi oʻldirilgan

Uning qattiq doʻpposlash izlari boʻlgan jasadi Rossiya harbiy bazasi yaqinidagi axlatxonadan topilgan.

Tergov jarayonini tojikistonlik va rossiyalik tergovchilar olib borishgan.

Ayblanuvchi josuslik polkida komandir vazifasini oʻtagan.

Qotillik sodir etilgan kuni qurbon rossiyalik zobit bilan harbiy shaharchaga kelgan va nazorat-oʻtish nuqtasida hujjatlarni tekshirish jarayonida oʻzini harbiyning xotini deb tanishtirgan.

Tergovning farazi boʻyicha ikki yosh tortishib qolishgan; marhuma pul talab qilgan, ammo Sherbakvoning puli boʻlmagan.

Dahanaki jangdan soʻng doʻpposlash boshlangan va ayol ogʻir jarohat olgan.

Avvalroq rus zobiti marhumani jinsiy zoʻrlashda ayblangandi.

Ammo sud-tibbiyot ekspertizasi qotillik sodir etilgan tunda ular jinsiy aloqada boʻlishmaganini aniqlagan.

Tergovning maʼlumotlariga koʻra, marhuma giyehvand modda taʼsirida boʻlgan va shu bois ham rus zobiti uni doʻpposlagan payti qarshilik koʻrsatish yo-da yordamga chaqirishga kuchi yetmagan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring