Davlat toʻntarishini Erdoʻgʻonning oʻzi uyushtirgan boʻlishi mumkinmi?

Turkiya, Erdoʻgʻon Image copyright Getty Images
Image caption Baʼzilarga koʻra, Erdoʻgʻon oʻz hokimiyatini mustahkamlash maqsadida butun mashmashani oʻzi tashkillashtirgan

Turkiyada barbod boʻlgan davlat toʻntarishiga urinishdan soʻng turli fitna nazariyalari ilgari surila boshlandi.

Baʼzilarga koʻra, goʻyoki mamlakat rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻon oʻz hokimiyatini mustahkamlash maqsadida butun mashmashani oʻzi tashkillashtirgan.

BBC bilan suhbatda uning muxolifi Fathulloh Gulen ham oʻzining ishtiroki borasidagi ayblovlarni rad etib, davlat toʻntarishini Erdoʻgʻon uyushtirgani boʻlishi mumkin, deb aytdi.

Bu kabi iddaolar qanchalik haqiqatga yaqin?

Biz bu savolni BBC Turk xizmati muharriri Murot Nishonchioʻgʻliga berdik.

Murot Nishonchioʻgʻli: Odamlar vaziyat qanday yuzaga kelgani haqida mantiqiy tushuntirishlar yetarli boʻlmaganida turli konspirologik, yaʼni fitnaviy nazariyalarni qoʻllashga urinadilar. Biroq, aynan mazkur vaziyatda shuni taʼkidlash kerakki, Erdoʻgʻonda hokimiyatini mustahkamlash uchun zarurat va ehtiyoj yoʻq edi. U Turkiya xalqidan hokimiyat mandatini qoʻlga kiritgan, parlamentda uning tarafdorlari koʻpchilikni tashkil qilgan va u istaganini qilib kelayapti, deb aytsak boʻladi.

Shu bilan birga, agar biz u Turkiya armiyasidan baʼzi zobitlardan qutilmoqchi edi degan iddaolarni tadqiq qilsak, bir oydan soʻng yillik Oliy harbiy kengashda Erdoʻgʻon kimnidir nafaqaga, kimnidir isteʼfoga chiqarishi, kimnidir yuqori lavozimga koʻtarishi kabi masalalar muhokama etilishi rejalangan edi. Yaʼni, Erdoʻgʻonda aynan shu yoʻl orqali armiyani "tozalash" uchun imkon bor edi. Zero, toʻntarishdan avval tarqalgan mish-mishlarga koʻra, Erdoʻgʻon hukumati Gulen harakatiga aloqador deb gumon qilingan katta sondagi harbiylarni nafaqa va isteʼfoga chiqarishni koʻzlagan ekan.

BBC: Turkiya shu ikki -uch kun mobaynida mutlaq oʻzgardi. Turkiyaning zamonaviy tarixida siz bu kunlarni qanday taʼriflagan boʻlardingiz?

Murot Nishonchioʻgʻli: Bugungi kunda murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda: yo mamlakat demokratik yoʻlda ketishi mumkin, yo-da avtoritar. Turkiya qanday yoʻl tanlashini vaqt koʻrsatadi. Bir tarafdan, aholining yuqori foizi Prezident Erdoʻgʻonni qoʻllab-quvvatlaydi, uning mavqeʼi hatto maqsadga erishilmagan toʻntarishdan keyin anchayin mustahkamlandi. Shunday ekan, u jamiyatda yuz bergan keskinlikni yumshatishi mumkin. Jamiyat hozirda oʻta boʻlingan. Erdoʻgʻon ushbu tanglikni soʻndirish uchun barcha demokratik vositalarni qoʻllab, barcha demokratik qonunlarni amalga oshirishi mumkin. Lekin butun hokimiyat hozirda aynan uning qoʻlida jamlangani bois u avtoritar siyosatni qoʻllashi ehtimoli katta.

BBC: Qanday qilib, Erdoʻgʻon toʻntarishga uringan harbiylarni yengib chiqdi?

Murot Nishonchioʻgʻli: Agar biz harbiy toʻntarish haqida gapirsak, uni amalga oshirishga uringan harbiylar Turk qurolli kuchlarining aksar dastagiga ega boʻlmaganlar. Masalan, qarorgoh qoʻmondoni, armiya rahbari, flot rahbari va harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni ularni qoʻllab-quvvatlamaganlar. Aynan shu jihat oydin boʻlishi bilanoq toʻntarish urinishi magʻlub boʻladi, degan fikr ham ayon boʻldi.

Biroq ushbu putch qanday qilib maqsadga erishmoqchi boʻlgani hamon qorongʻu.

Odatda, bu kabi toʻntarish tashkilotchilari hammaga maʼlumotlar bilan boʻlishishmaydi. Ehtimol, ayrim qurolli boʻlinmalar koʻchalarga chiqish haqidagi buyruqni olganlarida, ular "butun armiya chiqadi" deb oʻylagan boʻlishlari mumkin. Koʻchaga chiqib, armiya qoʻmondonlari yoʻqligini koʻrib, ehtimol, baʼzilari ishtirok etishdan bosh tortgan boʻlishlari mumkin. Bunga qoʻshimcha qilib, vaziyatni yana bunday taʼriflash mumkin: Ehtimolki, armiya istihboroti baʼzi harbiylarning harakatlari borasida maxfiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritgan boʻlib, tayyor boʻlib turishgandir. Shuning uchun toʻntarish urinishlari qisqa vaqt ichida barbod boʻldi. Yaʼni, Erdoʻgʻon hamma ustidan gʻalaba qozongani yoʻq, koʻproq butun armiya dastagidan mahrum boʻlgan putchistlar oʻzlarini magʻlub etdilar.

BBC: Biz harbiylar, politsiya saflarida va mahkama tizimida ommaviy ravishda ishdan boʻshatishlarga guvoh boʻlayapmiz, minglab kasb ustalari yo xaydalgan yo-da hibsga olingan. Ularning ish joylarini endi kim egalaydi?

Murot Nishonchioʻgʻli: Bu yaxshi savol, xususan harbiy qismlardan ommaviy ozod etishlar masalasi. Agar yuzdan ortiq generallardan qutilmoqchi boʻlsangiz, katta muamolar kelib chiqadi. Ular tajriba orttirgan harbiylardir, ularning oʻrinlariga yosh va tajribasiz zobitlar kelishi mumkin. Demak, armiyada katta muammolar boshlanishi ehtimoli bor. Chunki, misol uchun, kurd shaharlariga hujumlarni boshqargan general hozirda putchistlar qatori hibsga olingan. Uning oʻrniga kim keladi? Nazarimda, hozirgi sharoitda armiyada katta muammolar paydo boʻlishi mumkin. Mahkama tizimiga kelsak, Turkiya adliya tizimi umuman mukammal ishlagani yoʻq degan nazarlar mavjud. Agar Erdoʻgʻon hokimiyatni yanada ham mustahkamlamoqchi boʻlsa, uning oʻzi hamma narsani hal qilib adliya ustidan hukmron boʻladi. Shuning uchun oʻz oʻrinlarida qolganlar hukumat nima desa, shuni bajaradigan boʻladilar. Agar vaziyat bu tomon burilsa, albattaki katta tashvishlarni yuzaga keltirish ehtimoli yoʻq emas.

Siz hozirda Turkiyadamisiz?

Sizning nazaringizda harbiy toʻntarish urinishlari mamlakatni qanday oʻzgartirdi? Hayot iziga qaytayaptimi?

Siz oʻzingiz shu kunlardagi hodisalarga guvoh boʻldingizmi, ular taʼsiri ostida qoldingizmi?

Sizning shaxsiy hayotingiz va oilangizga soʻnggi beqarorlik qanday taʼsir qildi, deb ayta olasiz?

Kelajakdan sizning umidlaringiz qanday?

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring