AQSh: Respublikachilar Donald Trampni nomzod etib tanlashdi

Qurultoy qatnashchilari Image copyright TIMOTHY A. CLARY
Image caption Respublikachilar Qurultoyida Donald Tramp nomzodi ustun keldi

Respublikachi partiya qurultoyining ikkinchi kunida Donald Tramp partiya nomidan rasman AQSh prezidentligiga nomzod etib tanlandi.

Qurultoyning ilk kunida partiya saflaridagi bo'linishlar ko'zga tashlangandi, ammo Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan ishtirokchilarni janob Tramp atrofida birlashishga undadi.

Tramp kampaniyasi ayni damda janob Tramning rafiqasi Melaniyaning nutqi ko'chirib olingani borasidagi ayblovlarga yuz tutmoqda.

Tramning uchinchi xotini sanalmish Melaniyaning nutqidagi jumlalar Mishel Obamaning 2008 yilda qilgan nutqidan o'g'irlangani aytilmoqda.

Qurultoyda otasini olqishlab nutq so'zlagan kenja Donald Trampning ham ba'zi so'zlari "The American Conservative" jurnalidagi maqoladan olingani da'vo qilinmoqda.

Seshanba kungi notiqlar deyarli barcha kuchlarini Demokratlar nomzodi Hillari Klintonni qoralashga sarfladilar.

Nyu Jersi gubernatori, sobiq prokuror Kris Kristi sahnada Klinton xonim ustidan soxta sud ishini o'tkazdi, zaldagilar esa "qamalsin" deya qichqirdilar.

Janob Kristi va boshqalar Klinton xonim davlat kotibi bo'lib ishlaganida o'z shaxsiy elektron pochta hisobidan foydalanganini tanqid qilishdi.

Uning aytishicha, Klinton xonim Liviya, Suriya va boshqa joylardagi siyosiy muammolarga sababchidir.

Janob Trampning o'zi qurultoy qatnashchilariga jonli televizion aloqa orqali gapirib, nomzodlik uning uchun sharaf ekanini aytdi.

Dushanba kuni Trampga qarshi delegatlar uning nomzodligiga to'siq qo'yishga muvaffaq bo'la olmadilar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring