"O‘zbeklar uchun Turkiyadagi siyosiy voqealar muhim"

Butun dunyo matbuotida keng yoritilgan Turkiyadagi harbiy to'ntarishga urinish o'zbek matbuotini chetlab o'tgani kuzatilgan. Hozirga qadar O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Turkiyadagi davlat to'ntarishiga bo'lgan harakatlarga o'z munosabatini bildirgani yo'q.

O'zbeklar ko'pchilik musulmon xalqlarni junbushga keltirgan hodisalar haqida o'zlarining turli fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda bildirishgan.

Jumladan, Facebook ijtimoiy tarmog'ida jurnalist Xayrulla Hamidov shunday izoh qoldirgan: "Evropa chempionatida engilgan turklar hayotiy chempionatda g'alaba qozonishdi!!!". "Kecha narigi tomon engganda, Kurdiston ikkinchi Donbass bo'lardi. Yaxshilikka har holda", deb qo'shimcha qilgan Hamidov.

O'zbekistonlik musulmonlar orasida tanilgan Hasan qori esa o'z Facebook sahifasida Turkiyadagi "fitna"ning bartaraf bo'lgani munosabati bilan o'z shukronasini bildirgan va tinchlik so'rab duo qilgan. "Alhamdulilloh, musulmon yurtlardan birida bosh ko'targan katta bir fitna bartaraf bo'ldi, Alloh hamisha asrasin! Robbim, barcha o'lkalar qatori bizning mamlakatimizni ham ko'ngilsizliklardan O'zing asra!... Musulmon o'lkalarning ravnaq topib, yashnaganini ko'rib ko'zlarimiz quvonchga, dilimiz sururga to'lishini nasib ayla!".

Jurnalist Sherzod Qudratxo'jaev 2003 yilda janob Erdog'an bilan bo'lib o'tgan suhbatini eslab, Turkiyaning amaldagi prezidentiga hayrixoxlik bildirgan: "...aslo charchamang janob Erdog'an... Hali hammasi oldinda!"

Diniy mavzudagi postlari bilan tanish blogger "Adham Atajanov" o'z munosabatini bildirib, voqealar yoritilishi usulini tanqid qilgan. "Davlatda hokimiyatini egallamoqchi bo'lgan harbiylarni nega terrorchilar deb aytilmayapti,.. o'z parlamentiga bomba otgan... o'z xalqini o'q tutayotganlar kim?"

"Akmal Nabiev" nomi ostidagi Facebook foydalanuvchisi Turkiyada bo'lgan voqealar o'zbeklarni uyqisidan qoldirgani hamda turklarning "yutug'i" o'zbeklar uchun ham yutuq ekanligini ta'kidlagan. "... bir narsani ta'kidlab o'tish kerak-ki kechagi tunni juda ko'pchilik o'zbeklar bedor o'tkazgani kuzatdim. O'zim ham sahargacha uxlamadim, voqealar rivoji men kutgan tomonga o'zgarganini bilgach uxlashga yotdim. Biz o'zbeklar uchun Turkiyadagi siyosiy voqealar qanchalik muhimligini shundan ham bilsa bo'ladi.

Turk xalqining kechagi kungi yutug'i mening ham yutug'imdir, biz o'zbeklarning ham umumiy yutug'imizdir!". "Meni yutug'im emas lekin bu. U erda shubhali va shaffof bo'lmagan harakatlar bo'lyapti", deb javob bergan "Ulugbek Ashur".

Faol o'zbek bloggerlaridan biri "Musannif Adham" quyidagi izohni qo'shimcha qilgan: "Ba'zi o'zbeklar uchun endi bir necha kun uyqu harom bo'ladi. Har kuni tunda bedor yotib: "Ehh, hammasi yaxshi uyushtirilgandi-ya! Nega muvaffaqiyat qozonmadik (ha, ha, biz muvaffaqiyat qozonmadik)?! Shartta Erdo'g'onni otib tashlab, keyin harbiy diktatura e'lon qilmaysanlarmi? Bunaqa chala yarim, islomiy demokratiyaga tupurish kerak. Tamom-vassalom. Xalqning 51 %i uni saylagan, deysanlarmi? Xalq kelib-kelib g'arb yoki o'risning etagidan tutmaydigan, namoz o'qiydigan bir fanatikning etagidan tutadimi? Bunaqa demokratiyaga o't qo'yish kerak.... Uhh, endi nima bo'ladi-ya! Nima bo'ladi?!..." deb o'ylayverib, jinni bo'lib qolishmasa edi. :)".

Boshqa bir postda, "Musannif Adham" shularni yozib qoldirgan: "Allohga hamd bo'lsinki, fitnachi xoinlarning rejasi o'xshamadi. Turkiyaning musulmon xalqi dushmanga qarshi qanday qilib bir safda turish kerakligini ko'rsatib qo'ydi".

"Islomofoblar esa basharasini ochishda davom etmoqda. Ularga nima muhim o'zi? Ko'pchilik qo'llovi bilan o'rnatilgan demokratiyami, yoki dindorlardan xoli bo'lgan, maqsadi yo'lida istagancha qon to'kishdan toymaydigan sekyular va inqilobchi "hukumat"mi?"

Bo'lib o'tgan hodisalarga "Gayrat Yuldosh" atroflicha fikr bildirgan. U Turkiyadagi harbiy to'ntarishga bo'lgan urinishni "dahriy"lar uyushtirganini aytib, quyidagi fiklarni bildirgan: "Bu postni ertalab yozsam ham bo'lardi. Ammo kuni bilan ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizni bu voqealarga munosabati qanday bo'lishini kuzatdim. Natija taxmin qilganimday bo'ldi. Bir to'da dahriylardan boshqa aksariyat yurtdoshlarimiz Erdog'anni bu g'alabasini o'z g'alabalariday ko'rib qardosh turk xalqini matonatiga qoyil qolganlarini izhor etishdi.

"Yana Erdog'anni yoqtirmaydigan ozchilik 'Ketsa yaxshi bo'lardi, chunki u bizni yurtimizdan borgan davlatimiz dushmanlariga boshpana bergan' degan da'voni qilishdi. Ammo ular bizdan Turkiyaga ketganlarning aksariyati Erdog'angacha turk fuqarosi bo'lib ulgurishganini bilishmaydi shekilli. Yoki ularni da'vosini haq deb ham bilaylik. Ammo dunyo diplomatiyasida yozilmagan qoidalardan biri bu bir davlatdan qochganlar ikkinchi bir davlatdan siyosiy boshpana olaveradi... Sen kimgadir boshpana berasan. Senikilarga esa kimdir boshpana beradi. Bunda o'zaro xafa bo'lish bor, ammo dushmanlashish yo'q.

"Turk xalqini kecha tunda o'z jonini xatarga qo'yib amaldagi hukumat uchun, Erdog'an uchun, tinchlik uchun ko'chalarga chiqishi bu misli yo'q jasoratdir. Erdog'an esa shunga loyiq ekanki, xalq uni deb ko'chaga chiqdi.

Ba'zida Erdog'anni Turkiyani islomlashtirish yo'lida harakat qilayogani haqidagi da'volarni o'qib qolaman va hayron qolaman. Nima Turkiya noislomiy yurtmidiki Erdog'an uni islomlashtirsa?...

"Eng muhimi Erdog'an o'z xalqini aksar qismini ishonchini qozona oldi. Bu esa katta gap." degan fikrlarga javoban "Shermuhammad Akbarov" aksincha muxolifat a'zolariga boshpana bergan Turkiya hukumatini isyonning kelib chiqishida ayblagan.

"Turkiyadagi qo'zg'olon rostmi yoki tashkillanganmi farqi yo'q. Bari bir Erdog'an aybdor".

"Turklar Rossiyaga yaqinlashib, AQShdan uzoqlashish uchun shu tomoshani o'ylab topishdi", kabi fikrlarni o'qish mumkin izohlarda.

Turkiyadagi o'zbeklar esa hayot izga tushayotganini aytib, shukronalik so'zlarini bitishgan.

Husniddin Karabayev "Turkiya xalkiga OMAD tilayman", deb yozadi.

Ayhan Başar esa "Bu dunyo o'tkinchi dunyo. Hamma o'tadi. Lekin muhimi qanday ketish. Vatanga sodiq bo'libmi yoki vatan xoini bo'libmi? Turkiyani kelajagi bundan keyin juda zo'r bo'lib ketishiga ishonaman. Turk xalqi dunyoda vatan nimaligini ko'rsatib qo'ydi. Kerak bo'lsa jonini berdi. Bundan keyin dushmanlar o'ylab qadamini bosadigan zamon keldi", deya xulosa qiladi.

Turkiyada 16 iyulga o'tar kechasi davlat to'ntarishiga urinish sodir etildi.

Harakat barbod bo'lgach, muvaffaqiyatsiz yakun topgan davlat to'ntarishi urinishiga aloqadorlikda Adliya va harbiy tizimdan 6,000 ga yaqin shaxs, jumladan, generallar hibs qilingan. Hibslar to'lqini hamon davom etmoqda. Shu paytgacha hibsga olinganlar va iste'foga chiqarilganlar soni qariyb 50 mingga etgan.

Prezident Rajab Toyib Erdo'g'on davlat tizimlari qo'zg'olonni keltirib chiqargan "virus"lardan tozalanishini aytgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring