Londonda Sora Eshonto‘raeva nomidagi adabiyot mukofoti ta’sis etildi

Sora Eshonto'raeva
Image caption Londonda Sora Eshonto'raeva nomidagi mukofot ta'sis etildi

Londonda har yili o'tkaziladigan "Ochiq Markaziy Osiyo" adabiy forumi doirasida asosan o'zbekistonlik adiblar uchun yangi mukofot ta'sis etildi. Sora Eshonto'raeva nomi bilan e'lon qilinayotgan mukofotni forumning tashabbuskorlari "Eurasian Creative guild" tashkiloti Britaniyadagi "Hertfordshire Press" nashriyoti bilan birgalikda ta'sis qildi. BBC "Hertfordshire Press" nashriyoti uyi xodimi Marat Axmedjanovdan yangi mukofot va uni kim olishi mumkinligi haqida so'radi.

Marat Axmedjanov: Biz bu yil Sora Eshonto'raeva nomidagi yangi mukofotni ta'sis etdik. U 3000 dollarlik mukofot bo'lib, fuqaroviy mavqe mavzusiga bag'ishlangan eng yaxshi adabiy asarga beriladi. U yillik mukofotdir. Ijodkorlar to'rtta kategoriya: adabiy asar, illyustratsiya, videofilm va tarjima kategoriyalarida bu tanlovda qatnasha oladilar. Mazkur mukofot buyuk o'zbek aktrisasi, jamoatchilik va san'at arbobi Sora Eshonto'raeva xotirasiga bag'ishlangan. Biz u kishining siymosi yordamida o'zbekistonlik va boshqa markaziy osiyolik ijodkorlarni tanlovga qiziqtirishga umid qilamiz.

BBC: Asarlar fuqaroviy mavqe mavzusida bo'lishi kerak, dedingiz. Batafsil aytib berasizmi, bu nimani anglatadi?

Marat Axmedjanov: Mavzu aslida ancha keng. Bu jamoatchilik hayoti, mahalladagi turmush tarzi, jamoatchilik arboblarining hayoti, jamiyat va davlat o'rtasidagi munosabat - shaxsiy, madaniy, siyosiy huquqlarni himoya qilish haqida bo'lishi mumkin. Umuman, har qanday sohada o'z nuqtai nazarini aytishga qo'rqmaydigan, "bu noto'g'ri" deya fikr bildiradigan yoki bo'lmasa, muayyan fikrni qo'llab-quvvatlaydigan ijodkorlar qatnashishlari mumkin. Fuqaroviy mavqe umuman so'z va fikr erkinligini anglatadi.

BBC: Kim qatnashishi mumkin?

Marat Axmedjanov: Tanlov O'zbekiston va boshqa davlatlardagi barcha ijod ahliga ochiq. Eng asosiy maqsadimiz, albatta, O'zbekistondagi yozuvchilar, rassomlar, videoprodyuserlar, illyustratorlarni jalb qilish, lekin u boshqa mamlakat ijodkorlari uchun ham ochiq. Asarlar o'zbek, rus, ingliz tillarida qabul qilinadi. Biz allaqachon o'nlab arizalarni qabul qildik, ularning aksari O'zbekistondan, chunki bu mavzuda o'z fikrini bildirishni istagan odamlar ko'p. Odatda O'zbekistondan yiliga o'rtacha hisobda 80ta ariza olardik, lekin bu yangi mukofotdan maqsad ularning sonini oshirish edi. Ayta olamanki, bu maqsadga erisha oldik.

BBC: Mukofot qaerda va qachon topshiriladi?

Marat Axmedjanov: Mukofot bizning adabiy festivalimiz doirasida e'lon qilinayapti. Bu yil festivalimiz noyabr oxirida Londonda bo'lib o'tadi. Festivalning oxirgi kunida g'olib e'lon qilinadi va mukofot topshiriladi. Hakamlar hay'atimiz mintaqadan yaxshi xabardor yozuvchilar, shoirlar, noshirlar, tarjimonlar va umuman O'zbekistonni juda yaxshi bilagigan 20dan oshiq mutaxassislardan tashkil topgan.

BBC: Fuqaroviy mavqe mavzusida mukofot e'lon qilinishi endilikda bu festivalning siyosiy tus olayotganini anglatadimi?

Marat Axmedjanov: Bilasizmi, u qaysidir ma'noda har doim siyosiy ahamiyatga ega bo'lib kelgan, chunki mana uchinchi yildirki bizda tinchlik mavzusida mukofot topshirilayapti. Unda, misol uchun, Tojikistondagi urush, Qrimdagi voqealar haqida asarlar qabul qilingan. Tojik adibining kitobini ham biz ingliz tilida chop etdik. Aytmoqchimanki, festivalimizda qandaydir siyosiy xarakter bir necha yildirki bor, lekin bu mukofot yanada ko'proq qirralarni ochib beradi. Ya'ni, endi lirika yoki tarix bilan cheklanib qolmaymiz va ijtimoiy masalalarga ham e'tibor beramiz. Adabiyot o'zi betaraf bo'la olmaydi, chunki masalan, she'riyatni olaylik, Pushkin yo Lermontov asarlarida siyosiy va ijtimoiy muammolar yoritilgan.

BBC: Agar kimdir O'zbekistondan sizga o'z asarini yo'llamoqchi bo'lsa, qanday yo'l tutishlari kerak?

Marat Axmedjanov: Bu internet orqali amalga oshiriladi. Ular www.ocabookforum.com saytiga kirib, u erdagi anketani to'ldirishlari kerak bo'ladi.

BBC: Agar kimdir O'zbekistondan kelib festivalda ishtirok etmoqchi bo'lsa, siz yordam berasizmi?

Marat Axmedjanov: Har yili festivalimizga mintaqadan, xususan O'zbekistondan ham, 20 nafarcha adiblar kelishadi. Biz ularga viza olishda yordam berishimiz mumkin va Londonda minbar yaratib beramiz, aeroportda kutib olamiz, mehmonxonada joy bron qilishga yordam beramiz, lekin ularning safaridagi moliyaviy xarajatlarni qoplay olmaymiz, chunki bunga mablag'imiz yo'q.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring