Germaniya yangi hujumlardan ogohlantirildi

Muhammad Riyad Image copyright NONE
Image caption Islomiy Davlat guruhi bu videoni seshanba kuni chop etdi

Germaniyaliklar kichik guruhlar va radikallashgan "yolg'iz bo'rilar" hujumlariga tayyor bo'lishlari kerak, deya ogohlantirdi mamlakat ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer.

Dushanba kuni Germaniya janubidagi Bavariya shtatida harakat qilayotgan poezdda odamlarga tashlangan 17 yoshli hujumchi besh kishini yaralagan, ulardan ikkisi og'ir ahvolda.

2015 yilda ota-onasisiz Germaniyaga kelgan muhojir o'smir Muhammad Riyad qo'lida bolta va pichoq ushlagan holda politsiya tomonidan otib o'ldirilgan.

Sirqib chiqqan videoda u o'zining Islomiy Davlat jangari guruhi askari ekanini aytadi.

Aslida bu ID hujumi edimi?

Janob de Mezerga ko'ra, o'smir bola ID targ'ibotidan ilhomlangan, ammo uning ID buyruqlarini bajarganiga dalil-isbot yo'q.

Guvohlarga ko'ra, Muhammad Riyad uch marta "Ollohu Akbar" deya qichqirgan. Uning xonasidan qo'lda chizilgan ID bayrog'i topilgan.

Vazirning aytishicha, hukumat bu kabi hujumlarni bartaraf qilish yo'lida qo'lidan kelgan barcha ishni qilyapti, ammo ularning yana qaytarilmasligiga kafolat yo'q.

"Germaniyada biz kichik guruhlar va radikallashgan "yolg'iz bo'rilar" hujumlariga tayyor bo'lishimiz kerak", - dedi u.

Jarohatlangan besh kishidan to'rt nafari Gongongdan kelgan oila a'zolari bo'lishgan. Ularning xitoylik bo'lgani tufayli hujumga uchraganiga hech qanday ishora yo'q.

O'smir hujumchi aslida Afg'onistondanmidi?

Muhammad Riyad yaqindagina Frankfurtdagi qochqinlar markazidan Vyurtsburgdagi oila qaramog'iga ko'chirilgandi.

U mahalliy nonvoyxonada ishlagan, uni bilganlar hech qanday radikal tarbiyasi bo'lmagan tinch bola deya tasvirlashgan.

Ammo, u haqiqatdan ham Afg'onistonmidi, degan savollar paydo bo'lyapti. Xabarlarga ko'ra, uning xonasidan Pokiston hujjati topilgan.

Ko'p hollarda pokistonlik muhojirlar Afg'onistondan ekanini aytadilar, chunki Germaniyada afg'on qochqinlarning boshpana olishlari osonroq.

U o'z uyi yaqinidagi poezdga hujum qilishidan avval olgan videosida ham uning Pokistonlik ekaniga ishora qiluvchi jihatlar bor.

Uning pushtun tilida gapirishi u qandaydir vaqtni Pokistonda o'tkazganiga ishora qiladi.

Suriya haqida gapirganda u Pokistonda qo'llaniladigan "Sha'm" so'zini ishlatadi. Afg'onistonda pushtunzabonlar "Suriya" so'zini qo'llaydilar.

Armiya haqida gapirganida esa u Pokistonda qo'llaniluvchi "fauj" so'zini ishlatadi. Afg'onistonda esa armiya "aurdu" deb nomlanadi.

Ko'p afg'onlar Tolibondan qochib uzoq yillar Pokistonda yashaganlar. Shunday ekan, Riyad etnik afg'on bo'lsa-da, butun umr Pokistonda yashagan bo'lishi mumkin.

O'tgan yili Germaniya bir million muhojir, jumladan 150 ming afg'onni ro'yxatdan o'tkazgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring