O‘zbekiston Rog‘un bo‘yicha yana xavotir bildirdi

O'zbekiston hukumati Rog'un GESi qurilishi bo'yicha xavotirlarini Tojikistonga yana bir bor izhor etgan.

Ushbu xavotir rasmiy Dushanbe Italiyaning Salini Impregilo shirkati bilan Rog'un elektr stantsiyasini qurish haqida kelishuv imzolagani orqasidan kuzatilmoqda.

O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 19 iyulda tojikistonlik hamkasbi Qohir Rasulzodaga yuborgan maktubida:

"Jahon banki shafeligida olib borilgan loyiha ekspertizasida Rog'un GESi butun Markaziy Osiyo mintaqasini keng miqyosdagi xavf ostida qoldirishini tasdiqlandi. Bu xavotir qo'shni mamlakat rahbarlari va mutaxassislari tomonidan ko'p marotaba ta'kidlangan va Tojikiston hukumati bu haqda xabardor etilgan.

Aynan shu boisdan bu loyiha ulkan texnogen, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy xatar tug'dirishini anglagan holda Jahon banki Rog'un GESi qurilishini moliyalashda ishtirok etishdan voz kechdi", deyiladi.

Rog'un GESi o'tgan asrning 70 yillarida, sovet gigantomaniyasi yillarida ishlab chiqilgan va bugungi zamonaviy talab va tajribalar orqasidan to'liq qayta ko'rib chiqishga muhtoj. Balandligi bo'yicha dunyoda tengi yo'q hisoblangan 335 metrlik to'g'onga ega bu qadar ulkan miqyosli GES majmuasi qurilishi uchun tanlangan maydonning seysmikligi Rixter shkalasi bo'yicha 9−10 ball bo'lgan tog' hududida ekani jiddiy shubha-gumonlarni keltirib chiqaradi. Ob'ektning ma'lum qilingan 3,9 mlrd AQSh dollari miqdoridan ancha uzoq bo'lgan umumiy smeta qiymatida amaliy aniqlik mavjud emas, loyihaviy hujjatlash ishlari to'liq yakunlanmagan, obro'li ekspertlar tomonidan bildirilgan jiddiy mulohazalar inobatga olinmagan", - ta'kidlanadi maktubda.

O'zbekiston Bosh vaziri xatida Tojikistonni Rog'un GESi qurilishi "to'g'irlab bo'lmas oqibatlar"ga olib kelishi mumkinligi ogohlantiriladi.

"Tojikiston hukumati mamlakat energiya ta'minotidagi mushkul muammolarni Tojikiston hududidagi ko'p sonli daryo va suv manbalaridan foydalangan holda kichik va o'rtacha GESlar qurish yo'li bilan hal etish mumkinligiga barcha asoslarimiz bor. Bizga ma'lumki, bunday istiqbolli dastur Tojikistonda allaqachon amalga oshirilmoqda" deyiladi shuningdek.

O'zbekiston bir necha yillardan beri Rog'un GESi va Qambarota suv omborlari qurilishi asoratlari to'g'risida xavotir bildirib, qo'shni davlatlarni bu loyihalardan voz kechishga chaqiradi. Biroq Tojikiston va Qirg'iziston suv-energiya muammolarini shu yo'l bilan hal qilishni aytadi.

20 iyulda Rossiyaning Sochi shahrida tabiiy falokatlarni o'rganish masalasiga bag'ishlangan xalqaro anjuman ish boshlaydi. Anjumanda 14 mamlakat geofiziklari ishtirok etishadi.

O'zbekiston vakili uchrashuvda Rog'un GESi uning mintaqaga ta'siri to'g'risida chiqish qilishi kutilmoqda.

Bundan avvalroq o'zbekistonlik ekspert Baxtiyor Ergashev Mo'g'uliston suv-elektr muammolarini echishda Selenge daryosidan foydalanish uchun qurilishlar mo'ljallagani va Rossiyaning bunga salbiy munosabatiga izoh berib, nihoyat Rossiya O'zbekistonning xavotirlarini tushunishiga imkon tug'ildi, deb yozdi.

Tojikistonlik mutaxassis Georgiy Koshlokov esa Baxtiyor Ergashevning fikrlarini "savodsizlik"ka yo'yib, Rog'un GESi mintaqa uchun umuman zararsiz ekanini ta'kidladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring