Takilantning 135 million dollari musodara etiladi

Image copyright video

Reuters agentligi va AQChdagi biznes yangiliklariga ixtisoslashgan Blumberg axborot agentligi xabar tarqatishicha, Hollandiya mahkamasi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan Gibraltarda ro'yxatdan o'tkazilgan Takilant shirkatining 123 mln evro (135 mln AQCh dollari)ga teng hissalarini musodara etishga hukm chiqargan.

Prokurorlarga ko'ra, Takilant firmasi ikki telekommunikatsiya shirkatlari tomonidan O'zbekiston Prezidentining to'ng'ich qizi Gulnora Karimovaga pora berish uchun foydalanilgan.

Vimpelcom va Telia ABning Gulnora Karimovaga pora berishdan maqsadi O'zbekistonda 4G litsenziyasidan foydalanish huquqini sotib olish bo'lgan, deb ta'kidlagan Hollandiya mahkamasi.

Amsterdam mahkamasi hukmida aytilishicha, Takilantga berilgan pullar evaziga Vimpelcom va Telia ABning sho''ba korxonalari Unitel va Ucell O'zbekiston mobil bozoriga kirgan.TeliaSonera shirkati Gulnora Karimovaga bog'liq korruptsiya ishlari orqasidan o'z nomini Telia sifatida o'zgartirgan, shirkatning bir qancha mulozimlari vazifasidan ketgan, Ovroosiyodagi Ucell doxil qator bo'limlarini sotish rejasini bildirgan edi.

Bundan tashqari Hollandiya mahkamasi Takilantga 1, 58 million evro jarima belgilagan va Telia shirkatining sho''basi Ucell ning Takilantga tegishli 6 foiz hissalarini musodara etish haqida qaror chiqargan.

Mahkamada Gulnora Karimovaning o'zi haqida so'z bormagan. Iyun oyida o'tgan mahkamada prokurorlar o'zlarning tekshiruv ob'ekti Takilant shirkati ekanini aytganlar.

Chveytsariya, Chvetsiya va AQCh hukumatlari esa Gulnora Karimovani 2012 yil korruptsiya bo'yicha ishda gumonlanuvchi sifatida tilga olgandi.

Takilantga to'langan puldan aslida Gulnora Karimova foyda ko'rgani va unga yaqin bo'lgan Avakyan xonim faqat qog'ozda Takilantning egasi bo'lgani aytilgan.

Bundan tashqari 2013 yil Skandinaviyadagi eng yirik bank Nordeyaga O'zbekiston fuqarosi Gayane Avakyanga hisob raqamini ochishdan avval, bu mijoz kimligini etarlicha tekshirmagani uchun besh million dollar jarima solingan. Nordeya bankidagi Takilant hisob raqami muzlatib qo'yilgandi.

Ayni paytda Chvetsariya va Chvetsiyada tekshiruvlar davom etmoqda.

2016 yil fevral oyida VimpelCom shirkati korruptsiya ayblovlari ortidan, O'zbekistondagi shaxslarga pora berganini tan olib, 795 million dollar jarima to'lashga rozi bo'lgandi. Bu mablag'ning 167 million dollari Amerika qimmatbaho qog'ozlar va birjalar bo'yicha komissiyasi, 230 million dollar AQCh Adliya vazirligi, 397, 5 million dollar Hollandiya hukumati tomonidan hisoblangan.

Hollandiya mahkamasining 20 iyulda chiqargan hukmi yuzasidan tegishli shirkatlar hozircha izoh bermaganlar.

Mahkamada Gulnora Karimova va Takilant shirkati vakili ham ishtirok etmagan. Reuters agentligiga ko'ra, Gulnora Karimova mahkama ayblovlari to'g'risida qachondir izoh berishi ham noma'lum. Chunga o'xshash, O'zbekiston hukumati bu mavzuda hech qachon oshkor munosabat bildirmagan.

2014 yil korruptsiyaga aloqador shov-shuvli voqealar orqasidan xalqaro sahnadan g'oyib bo'lgan Gulnora Karimova hozirda uy qamog'ida deb ishoniladi.

Uning yaqin sheriklari hisoblangan, Takilant shirkati nomiga rasmiylashtirilgan Gayane Avakyan boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo'llanilib, 6 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri bo'lgan, qator hujjatlarda ismi ko'rsatilgan Rustam Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan. Ammo sud zalida umumiy avf qo'llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingan.

Tahlilchilarga binoan, O'zbekistondagi bu mahkamalarga Ovro'podagi Gulnora Karimova hamda sheriklariga tegishli ekani aytilgan yirik mablag'larni O'zbekiston g'aznasiga qaytarish deb qarash mumkin.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring