Turkmanistonda Konstitutsiya to‘rtinchi bor o‘zgaradi

Image caption Gurbanguli Berdimuhammedovning prezidentlik muddati 2017 yilda nihoyasiga etadi.

Ashxabotda 14 sentyabrda yig'iladigan Turkmaniston oqsoqollar kengashining majlisida mamlakat yangi konstitutsiya qabul qilinishi kutilmoqda.

Kuni kecha Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov kengash chaqirish va ko'rib chiqiladigan masalalar bo'yicha farmon chiqargan. Kengash tarkibida 600 kishi bo'lib, har bir viloyat va Ashxabotdan 100 tadan oqsoqol kiritilgan.

Kengash ishida Turkmanistonning barcha mintaqalari oqsoqollar hay'atidan tashqari mamlakatning barcha rahbarlari, jumladan majlis a'zolari qatnashadi.

Deputatlar majlisda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi bo'yicha ovoz berishlari kerak.

Eslatish joiz, bu Turkmaniston Konstitutsiyasida dastlabki o'zgartirish hisoblanmaydi.

Mustaqil Turkmanistonning 1 konstitutsiyasi 1992 yil 18 mayda qabul qilingan. 1995 yil 27 dekabrda Konstitutsiyaga bir qator o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan.

16 yildan so'ng, 2008 yil 26 sentyabrda Turkmaniston Xalq maslahati konstitutsiyasiga yangi o'zgartirishlarni qabul qilgan. Unga ko'ra, aynan Xalq maslahatining o'zi o'zgartirilib, vakolatlari prezident va parlament o'rtasida bo'lingan.

2014 yil janob Berdimuhammedov konstitutsiya Turkmaniston davlatchiligining zamonaviy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga mos kelishi uchun o'zgarishi zarurligini bildirgan.

2016 yil fevral oyida Konstitutsiyaning yangi loyihasi matbuotda chop etilgan. Ushbu qonunning oldingilaridan farqli jihati, prezident vakolati muddatini besh yildan etti yilgacha uzaytirish, prezident lavozimi uchun eng yuqori yosh cheklovini bekor qilishdir. Joriy konstitutsiyada yosh chegarasi 70 qilib qo'yilgan.

2016 yil 29 iyun Gurbanguli Berdimuhammedov 61 yoshga kiradi. Uning konstitutsiya bo'yicha ikkinchi muddati 2017 yil nihoyasiga etadi.

Konstitutsiyaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangilik emas.

O'zbekistonda 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyaga 2003, 2007, 2008, 2011,2014 yillarda qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilgan.

Tojikistonda bunday o'zgarishlar 1994 yildan keyin 1999, 2003, 2016 yillarda ro'y bergan.

Qozog'istonda 1995 yilgi konstitutsiyaga 1998, 2007 va 2011 yillarda qo'shimchalar kiritilgan.

Qirg'izistonda 1993 yil qabul qilingan konstitutsiya Asqar Akaev davrida 1994, 1996, 1998 va 2003 yillarda qayta ko'rib chiqilgan. 2007 yilda o'zgartirish kiritilgan. 2010 yil inqilobdan so'ng prezidentlikdan parlament tizimiga o'tish munosabati bilan yangi konstitutsiya kuchga kirgan.

Mamlakat rahbarining vakolat muddatini cho'zish maqsadida kiritilgan o'zgartirishlar Markaziy Osiyo respublikalari konstitutsiyalarida eng o'xshash jihat sanaladi.

Islom Karimov, Nursulton Nazarboev, Imomali Rahmon 20 yildan ortiq vaqt mobaynida hokimiyatda qolayotgan rahbarlardir. Turkmaniston asosiy qonuniga kiritiladigan o'zgartirishlar Gurbanguli Berdimuhammedovni ham ular safiga kiritsa ajab emas.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring