O‘zbekona "Yarovaya" qonuni kuchga kirishi mumkin

Image copyright Reuters
Image caption Yangi tartib kuchga kiradigan bo'lsa, kuzatuvchilarga ko'ra, o'zbekistonlik foydalanuvchilarni internet orqali nazorat qilish rasman qonuniylashtiriladi

O'zbekistonlik internet foydalanuvchilarni kuzatish imkonini beradigan qonun loyihasi tasdiqlansa, mobil operatorlardan mijozlarining internetda harakatlarini kuzatish va ma'lumotlarni uch oygacha saqlash talab qilinadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar taraqqiyoti vazirligining "internetdagi ma'lumotlarini uzatish tartiblari" iga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish" qonuni muhokamasi 2 avgustda nihoyasiga etadi.

Shunga o'xshash tartib oldinroq, Rossiyada "Yarovaya qonuni" deb nom olgan Rossiya qonunchiligiga o'zgartirishlar 7 iyul kuni Prezident Vladimir Putin imzolaganidan keyin kuchga kirgandi.

Ushbu o'zgartirishlarga binoan, Rossiya hududida faoliyat yuritadigan Internet provayderlar o'z mijozlarining qaysi saytlarga kirgani haqidagi ma'lumotni 6 oy davomida saqlab qo'yishlari, agar maxsus xizmatlar talab qiladigan bo'lsa, bu ma'lumotni ularga taqdim etishlari shart qilib qo'yilgan.

Mobil aloqa shirkatlaridan ham o'z mijozlarining telefon qo'ng'iroqlari, xabarlari matnlari va suratlarini saqlab qo'yish talab qilingan.

Qonun tashabbuskori Duma deputati Irina Yarovaya fikricha, bu choralarning hammasi "terrorizmga qarshi kurashga yordam beradi".

Buning eng qulay yo'li mobil operatorlardan foydalanuvchilarning taqiqlangan messenjerlarga kirishiga nazorat o'rnatish va olingan ma'lumotlarni maxsus xizmatlarga etkazish hisoblanadi.

O'zbekistonda tayyorlanayotgan yangi qonun loyihasiga ko'ra, foydalanuvchi ieternet manbalaridan foydalanish uchun shaxsini tasdiqlaydigan hujjat va telefon nomeri orqali ro'yxatdan o'tishi shart.

Kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekistonda aholini iternetda nazorat qilish norasmiy tarzda amal qilib keladi. Bu hol ayniqsa Andijon voqealaridan so'ng kuchaygan.

Yangi tartib kuchga kiradigan bo'lsa, o'zbekistonlik foydalanuvchilarni internet orqali nazorat qilish rasman qonuniylashtiriladi.

O'zbekistonda ayni paytda qator mustaqil internet saytlariga taqiq qo'yilgan. Ba'zi foydalanuvchilar aylanma yo'llar orqali axborot saytlariga kirishga imkon topadilar. Bir necha yil oldin respublikadagi internet klublarda siyosiy, mustaqil saytlarga kirish taqiqlangan. Bu tartibni buzganlar jarimaga tortilishi yozib qo'yilgandi. Ayni paytda bunday yozuvlar ko'p ko'zga chalinmasada, amalga kirishi kutilayotgan qonundan so'ng jazo choralari qattiqroq bo'lishi aytiladi.

Jumladan, yangi qonun loyihasiga ilova tarzida foydalanuvchilarga eslatma keltirilgan.

Jumladan, omma ongiga psixologik ta'sir qiladigan, konstitutsion tartibga qarshi qaratilgan turli saytlarga kirish, ulardagi axborotlarni tarqatish, joylashtirish va reklama qilish taqiqlanishi yozilgan. Ushbu holat buzilishi O'zbekiston qonunchiligiga binoan mas'uliyatga tortiladi.

O'zbekiston hukumatining internet foydalanuvchilari haqidagi barcha ma'lumotlarni, xat, surat, ovozli xabar va boshqa faktlarni uch oygacha saqlab turish talabi Rossiyadagi "Yarovaya" qonuniga o'xshash ekani bilan e'tiborni tortadi.

Mobil operatorlar mijozlarga ta'luqli ulkan miqyosli - olti oydan uch yilgacha bo'lgan muddatdagi ma'lumotlarni saqlashlari kerakligi rossiyalik internet foydalanuvchilar orasida bahsu munozaralarga sabab bo'lgandi.

Rossiyada "Yarovaya" qonuni ish boshlagach, bir qancha xorijiy operatorlar mamlakatni tark etgan edi.

Jumladan, Xorijiy Private Internet Access shirkati Davlat Dumasi deputati Irina Yarovaya va senator Viktor Ozerov ilgari surgan Rossiyaning yangi "aksilterror qonuni" kuchga kiritilganidan keyin Rossiya bozorini tark etishga qaror qilganini ma'lum qilgandi BBCga.

Ushbu talablarni bajarish O'zbekistondagi mobil operatorlarga qanchaga tushishi va bu telekommunikatsiya xizmatlariga qanchalik ta'sir qilishi hozircha aniq emas.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring