Turkiya: favqulodda holat odamlar hayotini o‘zgartiradimi?

Image copyright Getty Images

Amalga oshmagan davlat to'ntarishiga urinishdan besh kun o'tib, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on mamlakatda uch oyga favqulodda holat kiritilishini e'lon qildi.

#OHALde xashtegi (favqulodda vaziyat paytida) esa ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo'lib ketdi. Foydalanuvchilar favqulodda holat mamlakat uchun nimani anglatishi, oddiy odamlar hayotiga qanday ta'sir qilishi va favqulodda vaziyat kiritiladigan bo'lsa, qonun nimani ko'zda tutishi haqida yozmoqdalar.

Turkiya konstitutsiyasiga binoan:

Favqulodda holat 6 oydan ko'p muddatga kiritilishi mumkin emas.

Uni bir marta 4 oyga uzaytirish mumkin, faqat parlament tasdig'i ortidan.

Favqulodda holat paytida qonunlar vaqtinchalik muddatga qabul qilinadi. Bu vaqtda chiqarilgan qonunlarga Konstitutsion mahkama e'tiroz qilmaydi.

Asosiy huquq va erkinliklar qisman yoki to'liq to'xtatilishi mumkin, bu soha mahkama nazoratidan chiqadi. Biroq kimningdir shaxsiga ayblov mahkamada aybi isbotlanmaguncha e'lon qilinmaydi(Turkiya konstitutsiyaning 15 moddasi fuqarolik erkinligini qaysidir darajada himoya qilishni nazarda tutadi)

Favqulodda holat vaqtida mamlakat qonunchiligiga o'zgartirish kiritilmaydi. Bunga faqat parlament tasdiqlagandan so'ng ruxsat beriladi.

Bir qarashda, favqulodda holat Turkiya aholisi uchun xavotirli tuyulishi mumkin, lekin fuqarolik erkinligi himoyasi e'tiborga olinadi.

Oxirgi marta harbiy to'ntarish Turkiyada 1980 yil sodir etilgan. O'sha paytda kiritilgan favqulodda holat mamlakatning ba'zi mintaqalarida 15 yil- 1987-2002 yilgacha davom etgan.

Turkiyaning aholisi uchun, tug'ilib kelayotgan demokratiya sharoitida voyaga etgan yangi avlodning katta qismi, oxirgi haftalardagi voqealar jiddiy xavotir uyg'otmay qo'ymadi.

1980 yildagi inqilob Turkiya xalqi va mamlakat demokratiyasiga qimmatga tushgan. O'sha paytda 650 ming inson hibsga olingan, 517 nafari qatl etilgan, parlament tarqatilgan, konstitutsiya qayta ko'rib chiqilgan.

Qariyb bir yil gazetalarning chop etilishi taqiqlangan. Siyosiy partiyalar tarqatilgan, ularning bankdagi mablag'lari muzlatilgan.

Fuqarolik erkinliklari amal qilishi to'xtatilishi va hayot darajasi yomonlashi to'g'risidagi xavotirlar jamiyatda chinakamiga vahimani keltirib chiqarmoqda.

Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, oxirgi 10 yilda mamlakat daromadi uch marta o'sgan, qashshoqlikda yashaydiganlar hissasi 13 foizdan 4,5 foizgacha qisqargan.

O'tgan chorshanba kuni turk lirasi shu yildagi eng past darajaga tushib ketgan - 3,0973 lira 1 AQSh dollariga teng bo'lgan. Davlat to'ntarishiga urinish kechasi turk valyutasi 2008 yildan buyon eng minimal darajaga tushgan.

Ovro'po Ittifoqi Turkiya hukumatining mamlakatga favqulodda holat kiritishi orqasidan jiddiy xavotir izhor etgan.

OIning Tashqi siyosat bo'yicha vakili Federika Mogerini favqulodda holat Turk hukumatiga mamlakatni boshqarishda keng vakolatlarni berishini aytgan. Shu bilan birga ular qonun ustivorligini hurmat qilish hamda inson haqlari va erkinliklariga rioya qilishlari lozimligini ta'kidlagan.

Prezident Erdo'g'on "bu choralar hech ham demokratiya, huquq va erkinlikka ta'sir ko'rsatmaydi", deb aytgan favqulodda holat e'lon qilganidan so'ng.

Turkiyada o'tgan hafta amalga oshmagan davlat to'ntarishi ortidan 50 mingdan oshiq odam yo hibsga olingan, yo ishidan bo'shatilgan yoki ishidan vaqtincha chetlatilganlar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring