Oliy o‘quv yurtlariga rekord darajada hujjat topshirilgan

O'zbekiston oliy o'quv yurtlariga hujjat topshirish nihoyasiga etgan.

Davlat Test markazi ma'lumotlariga ko'ra, bu yilgi abiturientlar soni 660 mingdan ortiq bo'lib, o'tgan yilga nisbatan 100 mingdan ko'pdir.

Eng ko'p hujjat Termez Davlat universitetiga bo'lib, 37 ming 676 kishi hujjat topshirgan.

Abiturientlar soni bo'yicha Qarshi Davlat universiteti ikkinchi o'rinda - 26 332, Andijon Davlat universitetiga 25 991 abiturient hujjatlari qabul qilingan.

Ayni paytda poytaxtdagi oliy o'quv yurtlari orasida Toshkent Davlat pedagogika universitetiga eng ko'p, 14 ming 363 abiturient topshirgan.

Respublikada o'tgan oyda ochilgan yangi O'zbek tili va adabiyoti universitetiga 300 o'ringa 5031 hujjat ro'yxatga olingan.

Bu yil O'zbekiston oliy o'quv yurtlari prezident tasdiqlagan kvotaga asosan bakalavrlik uchun 57 ming 907 talaba qabul qiladi. 2015 yilda 550 ming 291 abiturient hujjat topshirgan edi.

O'zbekistonda test sinovlari 1 avgustda bo'lib o'tadi. Natijalar esa 15 avgustdan boshlab e'lon qilinadi.

Har yili test arafasida O'zbekiston yoshlarining test sinovlarini topshirish uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgani va bilimi bor yigit-qizlar albatta o'zi xohlagan oliygoh fakultetiga hech qanday to'sqinliksiz kirishi ta'kidlanadi.

Biroq kuzatuvchilarga ko'ra, test sinovlarining adolatli o'tishi va nazoratning qattiqroq bo'lishi aytilsa-da, tizimning korruptsiya botqog'iga botishi ortidan ushbu va'dalarni bajarish bu yil ham oson bo'lmasa kerak.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring