IShID o‘zbekcha radioeshittirishlarni boshladi

Afg'oniston
Image caption O'zbekiston Islomiy Harakati IShIDga bay'at keltirgan

Afg'oniston sharqida IShID tomonidan dastaklangani aytilgan o'zbek tilidagi radioeshittirishlar efirga uzatila boshlangan.

"Xalifat ovozi" radiosi 15 iyul kungi dasturida "tinglovchi"lardan ekani aytilgan shaxs bilan suhbatni e'lon qilgan.

Unda radio boshlovchisining "Shom (Suriya-tahr.)da Xalifalik o'rnatildi. Shariat va Xalifat hukmronligi ostida yashashni istaysizmi?" degan savoliga "tinglovchi" "albatta, inshooloh, biz Xalifalik ostida yashashni istaymiz" deb javob beradi.

"Xalifat ovozi" eshittirishlarini Afg'oniston sharqida eshitish mumkin bo'lgan, ammo radiostantsiyaning o'zi qaerda joylashgani va uning dasturlari qancha hududni qamrab olishi haqida ma'lumot yo'q.

15 iyul kungi dasturda shuningdek, Islomiy davlat guruhi voizi ekani aytilgan Shayx Abu Muhammad al-Adnaniy ash-Shomga nisbat berilgan arab tilidagi audio bayonotning o'zbekcha tarjimasi ham efirga uzatilgan.

Afg'oniston rasmiylari IShIDning o'zbek tilidagi radioeshittirishlari yuzasidan hozircha biron izoh berishmagan.

Shu yil boshida Suriyadagi IShID Afg'onistonning Pokiston bilan chegaradosh sharqiy mintaqalarida o'z viloyatiga asos solganini da'vo qilgan edi.

O'tgan yil martida O'zbekiston Islomiy Harakati jangarilari IShID ga bay'at keltirgan video internetda e'lon qilingan.

Ayni videoda o'zbek jangarilari afg'on hukumat askarining boshini tanasidan judo etgani ham aks etgan.

O'zini Sa'dulloh Urganjiy deb tanishtirgan jangari ortiq Afg'onistondagi Tolibon rahbarini tan olmasliklarini aytgan.

Shundan buyon Afg'onistonning shimoliy mintaqalarida faol bo'lgan o'zbek jangarilari bilan Tolibon o'rtasida bir necha to'qnashuvlar yuz bergan.

Mahalliy aholi vakillari va garovga olinib, keyinroq ozod etilgan afg'onlar o'zbekistonlik jangarilarning shafqatsizligini alohida ta'kidlashadi.

Afg'on rasmiylari mamlakatdagi IShIDni butkul tor-mor etganliklarini aytishgan, ammo so'nggi paytlarda yuz bergan qator janglar IShID Afg'onistonga hanuz tahdid ekanini ko'rsatgan.

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Yaqin Sharqda bo'y ko'rsatgan jangari guruhlar mintaqaga xavf solishini aytgan.

AQShdagi tadqiqot guruhining ma'lumotlariga ko'ra, Suriya va Iroqdagi IShID saflarida 500 ga yaqin o'zbekistonlik jang qilmoqda.

O'zbek rasmiylari bu borada biron raqamni berishmagan.

Yaqin Sharqdan qaytgani aytilgan o'zbekistonlik bir necha shaxs ustidan mahkama jarayonlari bo'lib o'tgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring