Olmoniya politsiyasi: Myunxendagi qurolli yakka o'zi harakat qilgan

Мюнхен полицияси Image copyright Reuters

Olmoniya politsiyasi Myunxendagi savdo markazida to'qqiz insonni otib o'ldirgan va 16 kishini jarohatlagan shaxs bir o'zi bu zo'ravonlikka qo'l urgan deb ko'radi.

Hujumchining yoshi 18 da ekani, ikki fuqarolikka ega bo'lgani va Myunxenda yashagani haqida xabar bergan politsiya matbuot anjumanida.

Olmoniya va Eron fuqaroligi bo'lgan bu insonning nega yon-atrofdagilarni to'pponcha bilan nishonga olib o'ldirishga qasd qilgani sababi hozircha aniq emas.

Uning ismi-sharifi ham e'lon qilinmagan.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 18 larda ro'y bergan.

Myunxendagi Olimpiya savdo markazi yaqinidagi tezda ovqatlanish restoranida bir shaxs o'tgan-ketgan odamlarga qarata o't ochishni boshlagan.

Bu Bavariyadagi eng yirik savdo markazi hisoblanadi.

Politsiya yirik aksilterror amaliyotini boshlagan.

Jamoatchilik savdo markaziga yaqinlashmaslik lozimligi haqida ogohlantirilgan.

Minglab insonlar temir yo'l stantsiyasi, begona odamlarning uylarida tunni o'tkazishga majbur bo'lganlar.

Hujumchining jasadi savdo markazidan 1 kilometrcha uzoqlikdagi joyda topilgan.

U politsiya tomonidan otib o'ldirilganmi yoki o'z joniga qasd qilganmi, buni politsiya o'rganayapti.

Politsiya hujumchining uyida tintuv boshlagan.

Politsiya bu shaxsning bundan oldin politsiyaga ma'lum bo'lmaganini, biror bir jangari guruhga aloqasi bor-yo'qligi ham noma'lum ekanini aytgan.

Boshida Myunxendagi hujumchilar soni uchta ekani haqidagi xabarlar tarqalgan.

Politsiyaga ko'ra, to'g'ri kelgan insonga o't ochilgani oqibatida 9 inson hayotdan ko'z yumgan, 16 kishi yaralangan.

Ulardan uch nafarining ahvoli og'ir ekani xabar qilinmoqda.

Politsiya o'zining tergoviga yordam maqsadida jamoatchilikka murojaat qilib, hujum payti tasvirga tushirgan videolarini tergovchilarga taqdim qilishni so'ragan.

18 iyul kuni Bavariyaning Vyurtsburg shahridagi poezd yo'lovchilariga bolta va pichoq bilan hujum qilgan, to'rt inson yaralangan edi.

Hujumchining asli afg'onistonlik 17 yoshli muhojir o'smir Muhammad Riyad ekani aytilgan, uni politsiya otib o'ldirgan.

Politsiyaga ko'ra, o'smir "Islomiy Davlat" targ'ibotidan ilhomlangan, ammo uning ID buyruqlarini bajarganiga dalil-isbot yo'q.

Guvohlarga ko'ra, Muhammad Riyad uch marta "Ollohu Akbar" deya qichqirgan.

Uning xonasidan qo'lda chizilgan IShID bayrog'i topilgan.

Ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer, olmoniyaliklar kichik guruhlar va radikallashgan "yolg'iz bo'rilar" hujumlariga tayyor bo'lishlari kerak, deya ogohlantirgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02 •TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

••Instagram - BBC UZBEK

••Twitter - BBC UZBEK

••Odnoklassniki - BBC UZBEK

••Facebook - BBC UZBEK

••Google+BBC UZBEK

••YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

••Skype - uzbekbbclondon

••bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.