Erdo'g'on: hibsdagilar iqrorlik ko'rsatmalarini bermoqdalar

Туркия. Президент Эрдўғон тарафдорлари Image copyright AFP

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on aytishicha, o'tgan haftadagi barbod bo'lgan davlat to'ntarishiga aloqador insonlar iqrorlik ko'rsatmalarini bera boshlaganlar va fitnani Amerikada istiqomat qilayotgan islomiy da'vatchi Fathulloh Gulen boshqarganini aytmoqdalar.

Prezident Erdo'g'on so'zlariga ko'ra, isyonchilar davlat to'ntarishiga qo'shilishni istamagan shtab boshlig'ini Fathulloh Gulen bilan gaplashishga ko'ndirmoqchi bo'lganlar.

Bundan oldin Turkiya rasmiylari Fathulloh Gulenga aloqador 2000 dan ortiq tashkilotni yopishga qaror qaror qilganlari haqida e'lon etdilar.

Turkiya yaqin orada AQShdan Fathulloh Gulenni topshirishni talab qilmoqchi ekanini aytmoqda.

Rasmiylar 1000 dan ortiq xususiy maktabni, 1200 dan ziyod jamg'arma va xayriya tashkilotini, 19 ta kasaba uyushmasini, 15 universitet va 35 tibbiyot muassasasini Fathulloh Gulenga bog'liq deb hisoblaydi va bu tashkilot va muassasalarni yoaishga qaror qilganlar.

Bundan oldin Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari Nurettin Janikli Bi-bi-si bilan suhbatda hibsga olingan va ishlaridan bo'shatilgan 60 ming kishi faqat "muztog'ning cho'qqisi" ekanini aytgan va bundan keyin bundan ham ko'p hibslar amalga oshirilishini bildirgan edi.

Turkiya hukumatiga ko'ra, AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydigan Fathulloh Gulen o'zining harbiylar orasidagi tarafdorlari bilan davlat to'ntarishini amalga oshirmoqchi bo'lgan.

Fathulloh Gulen davlat to'ntarishiga urinishga aloqasi borligi rad etadi.

Qo'lga olingan va ishidan bo'shatilganlar orasida 9000 dan ortiq politsiya xodimlari, 6000 harbiy, 3000 hakam, universitet o'qituvchi va dekanlari bor.

Turkiya hukumati qo'lga olingan shaxslarga ayblov ilgari surmasdan ham ushlab turish muddatini cho'zishga qaror qilgan.

Shuningdek, mamlakatda uch oylik favqulodda vaziyat e'lon qilingan va shu muddat mobaynida Turkiyada Inson huquqlari bo'yicha Ovro'po Konventsiyasiga rioya etilishi to'xtatib turiladi.

Turkiyada harbiylarning davlat to'ntarishiga urinishi 15 iyuldan 16 iyulga o'tar kechasi sodir bo'ldi.

Harbiylarning guruhi mamlakat boshqaruvini o'z qo'liga olgani haqida e'lon qildi, o'zlarining maqsadlari fuqarolarning konstitutsion huquqlariga rioya etilishini ta'minlash ekanini aytdilar.

16 iyul kuni ertalab Turkiya hukumati mamlakat bo'ylab nazoratni qayta o'z qo'liga kiritdi.

Barbod bo'lgan davlat to'ntarishiga urinish paytida kamida 232 inson halok bo'ldi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • • Instagram - BBC UZBEK
  • • Twitter - BBC UZBEK
  • • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • • Facebook - BBC UZBEK
  • • Google+BBC UZBEK
  • • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • • Skype - uzbekbbclondonb
  • • bcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring