BBC Gashtak: "O'raga tushding, guldur-gup"

Image caption Qora o'rami?

Eng oliy tezlik bor, u faqat hozirdan hozirga sizni eltadi. Qadimgilar bu tezlikni raqsi samo orqali topishga harakat qilishgan. Shunda ular Ajdaho komidan - qora o'radan uzoqlashib reallikni ko'ra boshlashar ekan. Yoki Reallikni ko'rish uchun tirik hujayralardan tashkil topgan astromatn tuzish kerak. Bu ham tushkunlikdan davolanishning bir usuli bo'ladi.

Bir shoirni orqa qilib bir jurnalga ish qidirib bordim, shoir bosh muharrirni yaxshi tanir ekan, mening sifatlarimni unga "madh" etib ketdi, so'zining boshidan oxirigacha uch marta "lekin qalami o'tkir" deb qo'shib ham qo'ydi. Qalamim yo'qligi aniq, uyda hatto ruchkam ham yo'q. Shoir tashbeh ishlatdi, lekin eskirib ketgan tashbeh, "Jurnalingizdagi maqolalarni chap oyog'i bilan yozib tashlaydi" deganida zamonaviy o'xshatish bo'lardi, hay, mayli. Xullas, boshliq sehrlab tashlandi, ishga olamiz ma'nosida boshini qimirlatib qo'yib menga qaradi.

- "Aybim bor".

Bosh muharrir "Bundan odobli va quloqli xodim chiqadi" deb o'yladi shekilli: "Odam aybini yashirmay aytish yaxshi sifat" - dedi.

- "Propiskam yo'q!"

"Mutlaqo mumkin emas, ishga ololmaymiz. Bizni tushuning! Bu mumkin emas! Mustaqillikning 25 yilligi oldidan tekshir-tekshir hamma yoqda, yo'q, ishga ololmaymiz. Bizni jarima tortishadi". - Shoirning sehr-jodusi ham ish bermadi.

Toshkent shahrida vaqtinchalik propiska ham bekor qilingandan keyin gazeta-jurnal tahririyatlarida ish ko'paydi. Oldin propiska muammo emas edi, ammo ish yo'q edi. Hozir aksincha.

Keling, ozgina falsafalashaylik yoki... Xullas, dunyodagi hamma tirik yurgan odam ko'rinmas nurli ip bilan ulangan, buni qadimgilar ham aytib ketishgan. Koinot ham shunday. O'tkan yili bu masalani amerika fiziklari isbotlashdi ham. Biz esa buni inkor qilish bilan band, odam ko'kragida Rahmon va shayton bor deyishgan qadimgilar, hozirgilar tirik hujayralardan iborat ko'rinmas nurli ip va hammani narsani o'ziga yutguvchi avtonom qora o'ra deyishadi. Avtonom deyishimga sabab har bir odamning qora o'rasi boshqaniki bilan ko'rinmas ip kabi ulanmagan.

Tushkunlik va arqon

Ishga kirolmaganimdanmi yoki jamiyat qora o'ra atrofida girdikapalakday bo'lib qolganidanmi, yana tushkunlikka tushdim.

Odam qancha tushkunlikka tushsa shuncha qora o'ra atrofida aylanib qoladi. Samarqandlik bir tanishim maktab o'qituvchisiga qo'ng'iroq qildim. "Bu yil maktabdan nechta bola o'sini osdi?" - o'zini qora o'ra atrofida aylanib yurganini aniq bilgan odam shunaqa savollar beradi, odatda. Tanishimning dami ichiga tushib ketdi, dami qora o'ra atrofini aylanib keldi shekilli, bir pasdan keyin: "Bizning maktabdan bu yil hech kim o'zini osmadi. Qo'shni maktabdan bir bola o'zini osdi", - dedi. "Sabab?" "Ashulachi bo'laman degan ekan, ota-onasi qarshilik qilipti".

Odam ko'rinmas nurli ip bilan ulanmaganda edi, xuddi kosmik raketada uchib ketayotgandek er kemasida koinotda uchib ketayotganini bilib turardi. Tasavvur qiling, sekundiga 32 km, tubsiz bo'shliqda uchib ketyapmiz. Odamning joni uzilganda, xuddi shunday bo'lsa kerak, u jon ko'rinmas nurli ipdan uzilib yuqori tezlikda yo'qlikda uchadi-ana qiyomat keyin...

Olimlar (Stephen Hopkins) kosmik raketa koinotdagi qora o'ra ichidan o'tib, erga qaytsa boshqa zamonga, masalan, o'tgan 10 asr oldinga qaytib kelishi mumkin degan nazariyani o'rtaga tashlashdi. Bo'lishi mumkin. Bu mumkin. Astronavtlar 10 asrga borib qolishlari mumkin, lekin bu voqea real sodir bo'lmaydi. Fakt, ular 10-asrga tashrif buyurishadi-yu, lekin reallikdan uzoqlashishadi, astronavtlar 10- asr odamlari ichida o'zlarini ularga qiyoslab imitasiya qilib yashashdan boshqa yo'li qolmaydi. Agar ular qora o'radan o'tib hozirga qaytib kelishganda bizning davr bundan 10 asr oldin o'tib ketgan bo'ladi. Orqaga, aniqrog'i hozirga qaytib kelisholmaydi, bu mumkin emas.

O'zi shundoq ham reallikda yashamayapmiz. Ajdaho komi bizni reallikdan uzoqlashtirib tashlagan.

Masalan, O'zbekiston ham hozir Abdulazizxon davrini qayta boshidan o'tkazyapti, faqat yangicha shaklda, xonning ham shiori "tinchlik bo'lsin, tinchlik bo'lsin" bo'lgan ekan. Bir mamlakat ichi to'la kosmik raketaday qora o'ra ichidan o'tsa ma'lum bir davrga borib qoladi, albatta. Lekin bu reallik emas. Jamiyat reallikdan uzoqlashib ketgan degan xulosa kelib chiqyapti.

Masalan, qora o'ra tubsiz kutubxonaga o'xshaydi. Hamma bilimni u erdan topish mumkin, lekin tirik hujayralar bilan bog'liqlik tomoni yo'q. U erda din ilmlari ham bor, Suqrot hikmatlari ham bor-butun dunyoning xotirasi bor - xuddi shayton hamma ilmdan xabardor bo'lgani kabi, lekin tirik hujayralar yo'q. Qora o'raga tushib chiqqan, masalan, g'irt chala mullo o'zini doim 8 asrda yashayotgandek his qilib turadi. Salla o'rashi-yu chopon kiyib yurishi-yu ilmlar yig'indisidan gapirishi shundan dalolat beradi. Lekin bu reallik emas. Ilm yig'indisidan gapirgan odam hech qachon reallikdan so'zlamaydi. Gapirgan ilmi qaysi asrdan olinga bo'lsa o'sha asrni boshni kechiryapti, qora o'ra ichidan o'tib o'sha asrga tushib qolgan, xolos.

Balet yoki "zato tinchlik"

Image copyright Reuters
Image caption Raqs

O'tkan hafta yangiliklarda o'quvdim, Janubiy Koreya askarlari tushkunlikdan qutulish uchun balet bilan shug'ullanishyotgan ekan. Bizda esa qora o'raga tushganlar raqs tusha boshlashadi. Agar to'ylarda e'tibor bersangiz, kap-katta odamlar o'rtaga chiqib raqsga tushishadi. Bu shavqning yoki raqsi samoning alomati emas. Shunchaki, qora o'ra raqqosni xohlagan maqomiga soladi. Tirik hujayralari harakatga keltirmagan odamlarning umri shunday yakun topadi, reallikdan uzilib qoladi. Astromatn tuzib reallikka qaytib kelganda esa vaqt o'tib imkoniyatlar boy berilgan bo'ladi.

Raqsga tushmasdan yaxshisi astromatn tuzish kerak, shunda biz "zato tinchlik" shiori ostida ana shu tirik hujayralar bilan urush qilib yurganimizni o'z ko'zimiz bilan ko'rib qolamiz. "Shukr qilmaysanmi, tinchlik davrida yashayapmiz" deyishadi, aslida tirik hujayralardan tashkil topgan ifoda -so'zlash huquqini poymol etishmoqda. Hujayralarni qora o'ra o'z domiga tortib ketmoqda. Botinimizda urush bo'layotganini hech kim anglamaydi, ertaga u zohirga chiqadi: aslida tinchlikni ta'min etuvchi tirik hujayralarga qarshi har kun har daqiqa urush qilyapmiz. Tirik hujayralarga qarshi qarorlaru qonunlar chiqyapti. Mamlakatda bir dona ham demokratik institut yo'qligi buning isboti, albatta. Nomigagina borlari, aynan qora o'ra ichidan o'tib g'arbda yashab o'tilgan institutlarni imitatsiya qilmoqda.

Botinimizda qaqshatqich urush ketyapti. Ko'rinmas nurli ipdan tashkil topgan tirik hujayralarni fikrga, moddiyatga aylantirmasdan qora o'raga tiqyapmiz. Bir kunmas bir kun qora o'ra to'ladi, shunda portlash sodir bo'ladi. Tirik hujayralarning gravitatsiya to'lqini jamiyatning o'lik tinchini buzib yuboradi.

Postmodern davr ham eskirganday, go'yo Astro davri kelmoqda. Koinotning cheksizligi qarashlarni o'zgartirishni talab qilyapti.

O'zgaramizmi?

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring